Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 31-mart kuni makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, biznesni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Xalqaro ekspertlar jahon iqtisodiyotidagi hozirgi murakkab vaziyat uzoq davom etishini prognoz qilishmoqda. Bu esa ichki bozordagi narx-navoga, ayniqsa, oziq-ovqat narxlari va inflyatsiyaga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmaydi, albatta.
Shu bois, jahon iqtisodiyotida yuzaga kelgan murakkab vaziyat Prezident rahbarligida muntazam tahlil qilinib, zarur choralar ko‘rib borilmoqda. Bu o‘z natijasini berib, ichki bozorda mo‘’tadillik ta’minlanmoqda.
Xususan, go‘sht, sut, kartoshka, tuxum, guruch narxining oshishiga yo‘l qo‘yilmadi. Chet el korxonalari Toshkent tovar-xomashyo birjasida oziq-ovqat mahsulotlarini sotishi uchun qo‘shimcha sharoit yaratildi. Valyuta bozori va ayirboshlash kursi barqarorlashdi.
– Bu borada xalqimizda ortiqcha xavotir yoki bezovtalik bo‘lmasligi kerak. Valyuta bozorida keskin tebranishlarning oldini olish uchun zaxiramiz yetarli, – dedi davlat rahbari.
Kirib kelayotgan Ramazon oyida narxni arzonlashtirish katta savob ekani, buning uchun oziq-ovqat ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga amaliy yordam ko‘rsatish zarurligi ta’kidlandi. Shu maqsadda oziq-ovqat mahsulotlari importi uchun avval berilgan imtiyozli mablag‘larni qaytarish muddati yil yakuniga qadar uzaytirildi.
Bosh vazir rahbarligida respublika shtabi hamda hokimlar boshchiligida hududiy shtablar tashkil etildi. Ularga bozordagi narx-navoni kundalik o‘rganib, mahsulotlarni aholi talabiga qarab qo‘shimcha yetkazib berish topshirildi. Oziq-ovqat va xomashyoning birja savdolariga chiqarilishi ustidan kunlik nazorat o‘rnatish, sun’iy ravishda narx oshishining oldini olish vazifasi qo‘yildi.
– Hozir dunyoda murakkab davr davom etayapti, har kuni yangi sinovlar bilan to‘qnash kelayapmiz. Lekin, ertaga nima bo‘ladi, deb kutib o‘tirish yaramaydi. Muammolarni tezkor aniqlab, hal qilish va yangi imkoniyatlarni izlab topishimiz kerak, – deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Tashqi xavf-xatarlar ta’sirini kamaytirish maqsadida tadbirkorlarni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi.
Jumladan, banklar tomonidan tadbirkorlarga xomashyo sotib olish va aylanma mablag‘lar uchun qo‘shimcha 10 trillion so‘m “revolver” kreditlar ajratiladi. Davlat dasturlari doirasida meva-sabzavotchilik, oilaviy tadbirkorlik, ipoteka va ta’lim kreditlari hajmi ham, imtiyozli stavkalari ham saqlab qolinadi.
– Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, ajratiladigan mablag‘larni kamaytirmaymiz va yukini oshirmaymiz, – dedi Prezident.
Shuningdek, soliq ma’murchiligidagi yangi mexanizmlar bo‘yicha yil yakunigacha jarima qo‘llamaslik, bojxona imtiyozlarini qo‘llash davrini uzaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilishda Toshkent investitsiya forumi yakunlariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Mazkur anjumanda qariyb 8 milliard dollarlik shartnomalar va kelishuvlariga erishilgan. Ko‘plab xorijiy tadbirkorlar yurtimizda o‘z biznesini boshlash yoki rivojlantirish istagini bildirgan.
Bu kelishuv va tashabbuslar to‘la amalga oshishi uchun investorlarga barcha sharoit yaratilishi qayd etildi. Iqtisodiyot tarmoqlari rahbarlariga xorijiy kompaniyalar bilan kelishib, ularning ishlab chiqarish zanjiriga qo‘shilish vazifasi qo‘yildi. Navoiy, Samarqand, Toshkent, Buxoro va Surxondaryo viloyatlarida qo‘shni mamlakatlar bozoriga mahsulot yetkazib beruvchi ulgurji savdo hududlari tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Hudud va tarmoqlarda xarajatlarni qisqartirish, ta’mirlash, avtomobil, mebel va ofis anjomlari xarid qilishni to‘xtatib turish bo‘yicha qat’iy ko‘rsatmalar berildi.
Xalqaro moliya bozoridagi hozirgi nobarqaror vaziyatda chetdan mablag‘ jalb qilish qiyin bo‘ladi. Bunday sharoitda eng to‘g‘ri yo‘l – bor resurslardan oqilona va samarali foydalanish.
Masalan, bugungi kunda qiymati 9 milliard dollar bo‘lgan 105 ta loyiha doirasida jalb etilgan mablag‘lar ishlatilmay turibdi yoki cho‘zilayapti.
Shu bois, Bosh vazir o‘rinbosariga tarmoq rahbarlari va viloyat hokimlari bilan birga, har bir loyihani chuqur o‘rganib, ijrosini jadallashtirish, samarasiz va istiqbolsiz loyihalarni tugatish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Yig‘ilishda aholi bandligi masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
– Bu masalaga faqat iqtisodiy ko‘rsatkich sifatida emas, balki “xalqimizning ijtimoiy himoyasi” nuqtai nazaridan qarash kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yangi ish o‘rinlari tashkil etish ko‘rsatkichlari viloyat va tumanlar kesimida tahlil qilinib, kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi.
Bugungi kunda 67 ta faoliyat turi o‘zini o‘zi band qilish shakliga o‘tkazilgan. Bunday kasblar yana 20 taga ko‘paytirilishi, bu orqali qo‘shimcha 150 ming aholi bandligini ta’minlash mumkinligi aytildi.
Hukumatga ehtiyojmand aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini yanada kengaytirish bo‘yicha topshiriq berildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti eshitildi.
Keyingisi
Sportni rivojlantirishga qaratilgan vazifalar ijrosi ko‘rib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 aprel kuni yoshlar o‘rtasida ommaviy sportni rivojlantirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
01.04.2022