O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-dekabr kuni Butunjahon iqlim sammiti doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ushbu nufuzli moliyaviy institut bilan amaliy hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv avvalida davlatimiz rahbari joriy yil may oyida Samarqandda o‘tgan YTTB Boshqaruvchilar kengashi yig‘ilishining samarali natijalarini yuksak baholadi.
Bankning mamlakatimizdagi investitsiyalari 3,5 milliard yevrodan oshgani, loyihalar portfelining 60 foizi xususiy sektorga to‘g‘ri kelayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Mamlakatimiz bilan sheriklik bo‘yicha ishlab chiqilayotgan Sheriklik strategiyasi, eng avvalo, kichik va o‘rta biznes, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy qilish, bank sohasida xususiylashtirish, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik sifati va ko‘lamini salmoqli darajada oshirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish dasturini amalga oshirish doirasida hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Kelgusi yilda Xorijiy investorlar kengashi navbatdagi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Oldingisi
O‘zbekiston Prezidenti iqlim sohasidagi global kun tartibi doirasida qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning taklifiga binoan 1-dekabr kuni Dubay shahrida o‘tayotgan BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasining (SOR28) asosiy yalpi sessiyasi ishida ishtirok etdi.
01.12.2023Keyingisi
O‘zbekiston Prezidenti va Malayziya Podshohi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish yo‘llarini muhokama qildilar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-dekabr kuni Dubay shahrida o‘tayotgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi doirasida Malayziya Podshohi Sulton Abdulloh Rioyatuddin Al-Mustafo Billoh Shoh bilan uchrashdi.
01.12.2023