O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya tashqi ishlar vazirini qabul qildi

29-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yosimasa Xayasini qabul qildi.

Ushbu tashrif O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil hamda strategik sheriklik o‘rnatilganiga 20 yil to‘ladigan yilda o‘tmoqda.

Uchrashuvda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Yaponiya hamkorligini yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

2019-yil dekabr oyida Tokioga amalga oshirilgan oliy darajali tashrif mamlakatlarimiz o‘rtasidagi an’anaviy do‘stona aloqalarni mustahkamlashda yangi bosqichni boshlab, hamkorlikni aniq mazmun bilan boyitgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Keyingi yillarda qo‘shma korxona va loyihalar soni, shu jumladan O‘zbekistonda energetika va turizm infratuzilmasini, yuqori texnologik sanoatni rivojlantirishga Yaponiya yetakchi kompaniyalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini jalb qilish orqali bir necha barobar ko‘paydi.

Yaponiyaning rivojlanish va hamkorlik institutlarining moliyaviy mablag‘lari ishtirokidagi qo‘shma dasturlar portfeli 7 milliard dollardan oshdi.

O‘zaro savdo hajmi, eng avvalo, talab yuqori bo‘lgan sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining yangi turlarini yetkazib berish hisobiga oshib bormoqda.

Mamlakatimizda o‘zaro hamkorlikdagi ta’lim loyihasi – Toshkent shahridagi Raqamli universitet muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Davlatimiz rahbari oliy darajadagi samarali muloqotlarni davom ettirish muhim ekanligiga alohida to‘xtaldi hamda Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisidaga O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelish taklifini yana bir bor tasdiqladi.

“Markaziy Osiyo + Yaponiya” formatidagi konstruktiv mintaqaviy hamkorlikni, eng avvalo, iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik, muqobil energetika va ekologiya sohalarida mustahkamlashdan manfaatdorlik bildirildi.

Tashqi ishlar vaziri Yosimasa Xayasi Yaponiya hukumati Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar strategiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Shuningdek, mamlakatimizning Afg‘onistonda bardavom tinchlikni ta’minlash va ushbu mamlakatning iqtisodiy tiklanishiga ko‘maklashish borasidagi sa’y-harakatlari yuqori baholandi.

Manba