O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi to‘g‘risida AXBOROT

2020-yil 4-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Uni parlament yuqori palatasi Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

 

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yettinchi yalpi majlisini 2020-yil 11-sentyabr kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Senat Raisi T.Narbayeva davlatimiz rahbari rahnamoligida siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy sohalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani, yangi O‘zbekistonni qurish yo‘lida katta sa’y-harakatlar olib borilayotganini ta’kidladi. Qolaversa, odamlar bilan muloqot qilib, aholi tomonidan ko‘tarilayotgan muammolarni o‘z vaqtida hal qilinishiga ustuvor ahamiyat qaratish lozimligini bildirdi. Shuningdek, yalpi majlis kun tartibiga kiritiladigan har bir masala yuzasidan jamoatchilik fikrini e’tiborga olish, qolaversa, hududlardagi muammolarni doimiy tarzda o‘rganib borish va ularni muhokamaga olib chiqish zarurligini qayd etdi.

Videokonferentsaloqa tarzida o‘tkaziladigan yalpi majlisda bir qator masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan. 

“Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi, “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi, “Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida”gi, “Xalq deputatlari Kengashlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi, “Qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlardan va o‘rmon fondi yerlaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2020-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi to‘g‘risidagi axboroti ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, ilmiy faoliyatni rivojlantirish uchun ko‘rilayotgan choralar holati haqida hamda O‘zbekistonda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yaratilgan shart-sharoitlar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovlari yuborish masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan. 

Manba