O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning VI sammitidagi nutqi

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Xonimlar va janoblar!

Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash sammitining barcha ishtirokchilarini samimiy qutlashdan mamnunman.

Uchrashuvimizni yuqori saviyada tashkil etgani uchun Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti hurmatli Qosim-Jomart Kemelevich Toqayev nomiga bildirilgan minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.

Shuningdek, Kengash faoliyati yuzasidan bugun bu yerda bildirilgan baholarni ham ma’qullayman.

O‘tgan davr davomida ushbu tuzilma xavfsizlikni ta’minlash, Osiyoda o‘zaro ishonch va barqaror taraqqiyotni mustahkamlash masalalari yuzasidan keng va ochiq muloqot uchun muhim maydon sifatida o‘zining g‘oyat zarur ekanini ko‘rsatdi.

Forumimizni transformatsiya qilish masalasi bo‘yicha qo‘shma faoliyatda ishtirok etishga tayyorligimizni bildiraman.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Bugun biz xalqaro munosabatlarda noaniqlik tobora ortib, muloqot va ishonchning misli ko‘rilmagan darajada taqchil bo‘lib borayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Bularning barchasi ko‘p tomonlama hamkorlik asoslariga putur yetkazmoqda, mojarolarning avj olishiga sabab bo‘lib, global iqtisodiyotda tizimli uzilishlarga olib kelmoqda.

Yuzaga kelgan yangi geosiyosiy voqelik butun Osiyo qit’asi barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Inqirozli holatlar Markaziy Osiyo davlatlariga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri daxl qilmoqda, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish bo‘yicha bizning sa’y-harakatlarimizni sekinlashtirmoqda.

Ushbu omillarning umumiy xavfsizlik borasidagi manfaatlarga, taraqqiyot va farovonligimizga ta’siridan kelib chiqib, quyidagi ustuvor yo‘nalishlarga e’tibor qaratishimiz zarur.

Birinchidan. Afg‘onistondagi vaziyat alohida e’tiborni talab etmoqda.

Afsuski, boshqa o‘tkir xalqaro muammolarning yetakchi o‘ringa chiqishi natijasida Afg‘oniston masalasi ikkinchi darajaga tushib qolmoqda. O‘tmishda ushbu davlat amalda xalqaro terrorchilik makoniga aylanib qolgani bilan bog‘liq achchiq tajriba qayta takrorlanishiga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.

Afg‘oniston muvaqqat hukumati bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha umumiy va muvofiqlashtirilgan yondashuvlarni ishlab chiqishimiz zarur. Afg‘on muammosi yuzasidan keng konsensusga erishish va global darajada amaliy chora-tadbirlarni qabul qilish maqsadida Afg‘oniston hukumati bilan tomonlarning o‘z majburiyatlarini bosqichma-bosqich bajarishiga qaratilgan algoritm, ya’ni tartib-qoidani ishlab chiqish va kelishish lozim. Buning uchun yuqori darajada xalqaro muzokaralar olib boradigan guruhni shakllantirish haqidagi tashabbus ifoda etilgan Osiyo mamlakatlarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasiga birgalikdagi murojaatida mujassam bo‘lgan imkoniyatlarni ko‘rib chiqishni taklif etamiz.

Ikkinchidan. Biz radikal g‘oyalarning keng xurujiga yanada ko‘proq to‘qnash kelmoqdamiz.

Buzg‘unchi kuchlar targ‘ibot va mafkuraviy ta’sirning yangi usullaridan foydalangan holda, ekstremistik tashkilotlarga yoshlarni faol jalb etmoqda. Shu munosabat bilan yosh avlodni radikalizmdan asrash, ularning kuch-g‘ayrati va azmu shijoatini bunyodkorlik sari yo‘naltirish uchun tizimli hamkorlikni o‘rnatishimiz kerak. O‘g‘il-qizlarimiz o‘z kuchiga ishonishi, adolatli kelajakni qaror toptirishdagi o‘z ishtirokini his etishi, salohiyat va orzu-umidlarini amalda ro‘yobga chiqarish imkoniyatlariga ega bo‘lishi lozim.

Majlisimizning Yoshlar kengashi hamraisi sifatida turli yoshdagi insonlar o‘rtasida bir-birini yaxshiroq tushunishga da’vat etadigan, farzandlarimizning eng dolzarb muammolariga birgalikda yechim izlashga ko‘maklashadigan yangi formatdagi faoliyatni – avlodlar muloqotini yo‘lga qo‘yishni taklif etamiz. Bunday ilk uchrashuvni Yosh yetakchilar forumi doirasida 2023 yil aprel oyida Samarqandda o‘tkazishga tayyormiz.

Uchinchidan. Bugungi uchrashuvimiz kun tartibidagi muhim masala – iqtisodiyotlarimizning global inqirozning kuchayib borayotgan salbiy oqibatlariga moslashuvidan iboratdir.

Bu borada proteksionizmning kuchayishiga, global bozorlarni beqaror qiladigan yangi cheklovlarning joriy etilishiga yo‘l qo‘ymaslik; Osiyo qit’asida o‘zaro bog‘liqlikni birinchi galda ishlab chiqarish-logistika zanjirini, Markaziy Osiyoni Janubiy va Sharqiy Osiyo, shuningdek, Yaqin Sharq bilan samarali bog‘laydigan transport yo‘laklarini yaratish hisobidan kuchaytirish muhimdir.

To‘rtinchidan. Jahon sanoat inqilobining yangi bosqichiga o‘tishning asosi bo‘lgan bilimlar iqtisodiyotini rivojlantirish barqaror taraqqiyotga qarshi qaratilgan tahdidlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Innovatsiyalar transferi sohasidagi salohiyatni yanada to‘liq ishga solish, raqamlashtirishni faol rag‘batlantirish, “bulutli” texnologiyalar, sun’iy intellekt, “buyumlar Interneti”ni rivojlantirish maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz. Bu yo‘nalishlarda Osiyo mamlakatlari global darajada yetakchi bo‘lishga birgalikda erishish uchun barcha imkoniyatlarga egadir.

Beshinchidan. Qit’amizning ko‘plab davlatlari iste’mol mahsulotlarining asosiy import qiluvchilari hisoblanadi va oziq-ovqat inqirozining oqibatlarini juda o‘tkir his etmoqda.

Butunjahon oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, ochlikdan aziyat chekayotgan sayyoramiz aholisining yarmidan ko‘pi Osiyo qit’asida yashamoqda. Paradoks shundan iboratki, bir vaqtning o‘zida aynan bizning mamlakatlarimiz jahonning yetakchi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi davlatlari hisoblanadi.

Shu munosabat bilan bugungi kunda quyidagi yo‘nalishlarda yangicha yondashuvlar, ayniqsa, zarurdir. Bular oziq-ovqat ishlab chiqarishning barqaror tizimlarini va uni yetkazib berishning optimal zanjirini shakllantirish, ichki mintaqaviy savdo-sotiqning o‘sishi uchun texnik reglamentlarni uyg‘unlashtirish, Osiyoda oziq-ovqat xavfsizligini monitoring qilish bo‘yicha yaxlit tizim yaratishdan iborat.

Ushbu barcha masalalarni FAO shafeligida kelgusi yili O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiyada muhokama qilishni taklif etaman.

Oltinchidan. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarni hal qilish uchun sa’y-harakatlarimizni birlashtirishni hamda mamlakatlarimizni jadal ko‘kalamzorlashtirish va ekotizimlar bog‘liqligini qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha “Yashil Osiyo” konseptual dasturlari doirasida doimiy ekspert maslahatlashuvlarini yo‘lga qo‘yishni taklif etaman.

Hurmatli do‘stlar!

Ishonchim komilki, zamonaviy tahdidlarni faqatgina muloqot, bir-birining manfaatlarini hisobga olish, umume’tirof etilgan xalqaro huquq me’yorlariga amal qilish orqali samarali yengib o‘tish mumkin. Aynan shuning uchun ham biz ilgari surgan umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lida hamjihatlik borasidagi Samarqand tashabbuslarining asosiy maqsadi insoniyat kelajagi uchun befarq bo‘lmagan, tinchlik, totuvlik va birgalikda taraqqiyotga erishish uchun intilayotgan barcha sog‘lom kuchlarni amaliy muloqotga jalb etishga qaratilgandir.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Sammit ishtirokchilari!

Biz Qozog‘istonning Kengashga 2024-yilga qadar raislikni davom ettirish haqidagi istagini qo‘llab-quvvatlaymiz va qozog‘istonlik do‘stlarimizga omadlar tilaymiz.

Ishonchim komil, sheriklik va ishonchni mustahkamlagan holda, umumiy intilishlarimiz bilan biz ezgu maqsadlarga – mamlakatlarimiz tinchligi, barqarorligi va ravnaqini ta’minlashga erishamiz.

E’tiboringiz uchun rahmat.

Manba