O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga oid amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishi

2020-yilning 17-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy sohalarga oid amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha ishchi guruh yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Senati a’zolari, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti, vazirlik va idoralar rahbar xodimlari hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.

Ta’kidlanganidek, pandemiya avvalo ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishlarda  qator muammolarni yuzaga chiqardi. Ularni hal qilish ushbu sohalarning huquqiy negizini tubdan takomillashtirishni nazarda tutadi. Ayniqsa sog‘liqni saqlash tizimi salohiyatini oshirish, tibbiyot xodimlarini har tomonlama qo‘llab quvvatlash, iqtisodiyot tarmoqlarini faolligi va barqarorligini ta’minlash bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biri bo‘lib qolmoqda.

Shundan kelib chiqib, Oliy Majlisi Senati Kengashi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy sohaga oid amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha ishchi guruh tuzildi. Uning tarkibiga parlament yuqori palatasi a’zolari,  Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda vazirlik va idoralar rahbar xodimlari kiritildi.

Shuningdek, Senat Kengashi qarori bilan O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy sohaga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Unda mahalliy byudjetlarni shakllantirish tizimlarini takomillashtirish, moliya va bank xizmatlarini ko‘rsatishda masofaviy xizmat turlarini rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda qonunchilik asoslarini shakllantirish bo‘yicha choralar belgilangan.

Bundan tashqari, tadbirkorlik sub'yektlarining tovarlar sotish va xizmatlar ko‘rsatishdagi fuqarolik-huquqiy munosabatlarini elektron tarzda rasmiylashtirish, elektron shartnomalar tuzish tartib-taomillariga oid normativ-hujjat ishlab chiqish kabi boshqa aniq vazifalar qo‘yildi. 

O‘z navbatida ishchi guruh zimmasiga O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy sohaga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini mas’ul ijrochilarga yetkazilishini, uning o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishini ta’minlash yuklatildi.

Shuningdek, ishchi guruh amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni umumlashtirib, har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashiga axborot kiritib borilishini ta’minlashi ham belgilandi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda huquq sohasini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari respublikamizda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy islohotlar bilan chambarchas bog‘liq. Shu jihatdan qonun hujjatlarining mamlakatimiz taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlariga mos bo‘lishi olib borilayotgan barcha ishlar muvaffaqiyatini ta’minlaydi. 

Manba