O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiyning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi.
Xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy madaniy-tarixiy aloqalar O‘zbekiston-Eron munosabatlarini rivojlantirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilayotgani alohida qayd etildi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston rahbarining Eronga tashrifi ikki tomonlama aloqalarni keng qamrovli hamkorlik darajasiga ko‘tarishga qaratilgan.
Prezidentlar tor doiradagi uchrashuv yakunlarini yuqori baholadilar hamda kuni kecha O‘zbekiston va Erondan 200 nafardan ziyod tadbirkorlar ishtirokida o‘tgan biznes-forum natijalarini olqishladilar.
Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida konstruktiv muloqot va parlamentlarimiz o‘rtasida yaqin hamkorlik olib borilayotgani ta’kidlandi.
Savdo-iqtisodiy sohada o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi barqaror oshib borayotgani kuzatilmoqda. Mamlakatlarimizning transport-tranzit kommunikatsiyalaridan foydalanishni kengaytirish ishbilarmonlik aloqalarining faollashishi va yuk tashishlarning ortishiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Innovatsiyalar, sun’iy intellekt, nanotexnologiyalar, kibernetika, texnologiyalar transferi kabi sohalarda tajriba almashish muhimligi qayd etildi.
Hududlararo hamkorlik rivojlanayotgani, jumladan, Buxoro viloyati va Hamadon ustoni, Samarqand va Isfaxon shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatilayotgani qo‘llab-quvvatlandi.
Ikki mamlakat poytaxtlari o‘rtasidagi muntazam aviaqatnovlarning ko‘payishi ishbilarmonlik aloqalari va o‘zaro sayyohlar oqimining ko‘payishiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi fondlarida saqlanayotgan qadimgi qo‘lyozmalarni chuqur o‘rganish uchun qo‘shma ilmiy guruh tuzishga kelishib olindi.
Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari bir qator qo‘shma “yo‘l xarita”larini tayyorlash va erishilgan kelishuvlarni samarali amalga oshirish mexanizmlarini joriy qilish bo‘yicha topshiriq berdilar.
Oldingisi
O‘zbekiston va Eron Prezidentlari ikki tomonlama amaliy hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar
Tehron shahridagi “Saadobod” majmuasining “Jumhuri” saroyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiyning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
18.06.2023Keyingisi
O‘zbekiston bilan Eron o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan hujjatlar qabul qilindi
Oliy darajadagi muzokaralar yakunlangach, ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘ldi.
18.06.2023