O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom etdi.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston va Qozog‘iston strategik sherikligi va ko‘p qirrali hamkorligini yanada mustahkamlashning istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, jumladan, o‘zaro tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, qo‘shma kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, tranzit va logistika, energetika, suv va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi qo‘shma sa’y-harakatlarni faollashtirish masalalariga ustuvor ahamiyat qaratildi. Hududlararo va madaniy-gumanitar almashinuvlarni jadallashtirish choralari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, global va mintaqa kun tartibida turgan hamda xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.
Prezidentimiz O‘zbekiston xalqlarimiz o‘rtasidagi samimiy birodarlik munosabatlarini yuksak qadrlashini ta’kidladi.
– Bugun tarixiy qaror qabul qilyapmiz, hamkorligimizni ittifoqchilik munosabatlari darajasiga ko‘taryapmiz. Ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro ishonch va keng ko‘lamli sheriklikni yanada mustahkamlash yo‘lidagi intilishimiz qat’iy. Buning uchun barcha imkoniyat va resurslarni ishga solamiz, Maqsadimiz – birodar xalqlarimizning ko‘p qirrali hamkorligini aniq mazmun bilan boyitish, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ikki mamlakat yetakchilari strategik sheriklikni yanada mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasining Davlatlararo Oliy Kengashi, Parlamentlararo hamkorlik kengashi va Tashqi ishlar vazirlari kengashini ta’sis etishga kelishib oldilar.
Muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama hamkorlikning yangi “o‘sish nuqtalari”, ustuvor yo‘nalishlari va muhim vazifalari belgilab olindi.
Uchinchi mamlakatlardan import qilinayotgan mahsulotlar o‘rnini bosish orqali zarur mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berish nomenklaturasi va hajmini salmoqli darajada kengaytirish uchun katta salohiyat mavjud. Tovar ayirboshlash miqdori jadal sur’atda oshayotgani ham buning tasdig‘idir. Joriy yilda bu ko‘rsatkich rekord daraja – 4 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.
Ushbu ko‘rsatkichni yaqin besh yilda o‘n milliard dollarga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar mavjudligi ta’kidlandi. Shu maqsadda tomonlar tegishli “yo‘l xaritasi”ni qabul qilish, ulgurji-taqsimlash markazlari va qo‘shma agroklasterlarni rivojlantirishga kelishib oldilar.
Tomonlar iqtisodiyotning turli sohalarida yangi qo‘shma korxonalar tashkil etish orqali o‘zaro manfaatli sherikliklikni rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar. Investitsiyalarni jalb qilish, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, energetika, farmatsevtika, qurilish sohalari ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha aniq loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi. Mashinasozlik, energetika, elektrotexnika, kimyo, to‘qimachilik va boshqa tarmoqlarda muvaffaqiyatli loyihalar ko‘p. Endilikda qurilish, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va boshqa ustuvor sohalarda yangi yirik loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Xususan, kuni kecha ishbilarmon doiralar ishtirokida o‘tkazilgan tadbirlarda umumiy qiymati ikki milliard dollardan ziyod istiqbolli investitsiya loyihalari tayyorlandi.
Bu boradagi sa’y-harakatlarga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlasha maqsadida sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha qo‘shma xalqaro markaz tashkil etiladi.
Hududlararo aloqalar hamkorlikni kengaytirishda drayver bo‘lib xizmat qilmoqda. Jumladan, yaqinda o‘tgan Hududlar forumi natijasida qator kelishuv va savdo shartnomalari imzolandi.
Ikki mamlakatning chegaraoldi hududlariga o‘zaro mahsulot yetkazib berish va yangi kooperatsiya loyihalarini ishlab chiqishda yanada yaqindan hamkorlik qilishga topshiriq berildi.
Transport sohasi muhim yo‘nalish sifatida belgilab olindi. Avtomobilda va temir yo‘l orqali yuk tashish hajmi ortib bormoqda. Mamlakatlar o‘rtasidagi aviaqatnovlar to‘liq tiklandi, yangi yo‘nalishlar ochildi.
O‘zbekiston Prezidenti mamlakatlarimiz va uchinchi davlatlar bozorlariga chiqishni ta’minlaydigan yangi yo‘laklarni shakllantirish muhim ekanini qayd etdi. Yetakchilar “Uchquduq-Qizilo‘rda” temir va avtomobil yo‘lini hamda “Turkiston-Chimkent-Toshkent” yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan temir yo‘l qurilishi loyihalarini jadallashtirishga kelishib oldilar.
Suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalariga ham to‘xtalib ztildi. Shu maqsadda o‘zaro manfaatli hamkorlikning barqaror, uzoq muddatli mexanizmlarini ishlab chiqish va ikki mamlakat o‘rtasida suv munosabatlarining barcha yo‘nalishlariga oid takliflar tayyorlash bo‘yicha Ishchi guruh faoliyatini davom ettirishga kelishib olindi. Suv tejaydigan yangi texnologiyalarni jadal joriy etish bo‘yicha birgalikda amaliy ishlash, Orolbo‘yida daraxtzorlar barpo etish borasida qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Tomonlar Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash maqsadida o‘zaro manfaatlar va mintaqaviy yaqinlashuv g‘oyalarini ilgari surgan holda tashqi siyosat sohasida yaqindan hamkorlik qilish istagini bildirdilar. Prezidentlar Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formatini ishtirokchi davlatlar manfaatlariga qat’iy hurmat asosida mavjud salohiyatlardan maksimal darajada to‘liq foydalanish maqsadida takomillashtirish yo‘lida maqsadli ish olib borishga kelishib oldilar.
Gumanitar almashinuvlarni kengaytirish, ta’lim, fan, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, turizm va sport sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi.
Qozog‘iston Prezidenti xalqlarimizning ma’naviy yaqinligi va ko‘p asrlik do‘stligi ramzi sifatida Nur-Sulton shahrida Alisher Navoiy haykali o‘rnatilishini ta’kidladi.
Oldingisi
Shavkat Mirziyoyev «Otan korg‘aushilar» monumentiga gul qo‘ydi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6 dekabr kuni Nur-Sulton shahridagi "Otan korg‘aushilar" ("Vatan himoyachilari”) monumentiga gul qo‘ydi.
06.12.2021