Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing o‘tkazildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘zining avvalida xalqlarimizni Navro‘z bayrami va yaqinlashib kelayotgan muborak Ramazon oyi bilan tabrikladi. Millatlarimizning tarixi birligi va bugungi yaqinligiga e’tibor qaratdi.
– Buyuk ipak yo‘lining chorrahalarida joylashgan yurtlarimiz qadimdan Osiyo, Yevropa va Afrika qit’alarining karvon yo‘llari tutashgan hududlar sifatida shuhrat qozongan. Hozirda turk qardoshlarimiz bizdan minglab kilometr olisda yashayotgan bo‘lsalar-da, bizlarning tillarimiz va dillarimiz nihoyatda yaqindir. Bizning tarixiy ildizlarimiz bir, bugungi orzu-intilishlarimiz ham mushtarak, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.
O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasida savdo va investitsiya aloqalari jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. So‘nggi yillarda ikki tomonlama savdo hajmi 2,5 barobarga, qo‘shma shirkatlar soni 5 karraga ortgan. Turkiyadan O‘zbekistonga kiritilgan investitsiyalar hajmi esa 70 marotabaga ko‘paygan.
Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashi aloqalar rivojiga katta hissa qo‘shayotgani, uning bugungi yig‘ilishi munosabatlar tarixida yangi sahifa ochgani ta’kidlandi.
– Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalarning hozirgi yuqori darajasidan kelib chiqib, munosabatlarimizni keng qamrovli strategik sheriklik maqomiga ko‘tarishga kelishib oldik, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Muzokaralar chog‘ida siyosiy, parlamentlararo, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport, to‘qimachilik, energetika, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, madaniy-gumanitar sohalarga oid masalalar batafsil muhokama qilingani aytildi. Erishilgan barcha kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish uchun qo‘shma “yo‘l xaritasi” ishlab chiqiladi.
Mamlakatlarimiz davlat-xususiy sheriklik mexanizmini rivojlantirish borasida yaqindan hamkorlik qilishdan ham manfaatdor.
O‘tgan yili Anqara va Istanbulda O‘zbekiston madaniyati kunlari o‘tkazilgan edi. Bu yil Toshkent va Samarqand shaharlarida Turkiya madaniyati kunlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
O‘zbekistonda turk tilini o‘rganishga qiziqish ortib bormoqda. Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida turkshunoslik fakulteti samarali faoliyat ko‘rsatmoqda.
Yaqinda Toshkentda barcha turkiy xalqlarning buyuk madaniy merosi bo‘lgan noyob asar – “Dada Qo‘rqut kitobi” o‘zbek tilida to‘liq holda nashr etildi. O‘nlab dostonlardan iborat ushbu qimmatli kitob ajdodlarimizning shonli tarixi, ota-bobolarimiz jasorati va donishmandligidan darak beradi.
Davlatimiz rahbari ushbu kitobni Turkiya Prezidentiga tuhfa qildi.
- Sizning tashrifingiz hamkorligimiz uchun yangi va yuksak imkoniyatlar yaratishga juda katta hissa qo‘shadi. Ota yurtingiz eshiklari Siz va barcha turkiyalik qardoshlarimiz uchun doimo ochiq, - dedi Prezidentimiz.
Oldingisi
Strategik sheriklikni mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar to‘plami imzolandi
Oliy darajadagi muzokaralar yakunlangach, hujjatlarni imzolash va almashish marosimi bo‘lib o‘tdi.
30.03.2022Keyingisi
Mushtarak niyatlar niholi ekildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Ko‘ksaroy qarorgohidagi Faxriy mehmonlar xiyoboniga ko‘chat o‘tqazdi.
30.03.2022