Oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 18 iyul kuni oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni va aholi daromadlarini ko‘paytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Ma’lumki, dunyoda oziq-ovqat tanqisligi kuchayib bormoqda. Eksportga qo‘yilayotgan cheklovlar va transport-logistikadagi uzilishlar muammolarni yanada chuqurlashtirmoqda. Tahlillarga ko‘ra, joriy yilda dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari narxi kamida 20 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda.

Mamlakatimizda aholi daromadining 40-50 foizi oziq-ovqatga sarflanadi. Shu bois bunday mahsulotlarni ko‘paytirib, narx-navoning aholi ro‘zg‘origa ta’sirini yumshatish choralari ko‘rilmoqda.

Xususan, yil boshida 80 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilib, aholi uchun ajratildi. Odamlarga urug‘, ko‘chat va o‘g‘itdan yordamlashish bo‘yicha “Tomorqa xizmati” yo‘lga qo‘yildi. Tomorqalarda mahsulot yetishtirish uchun joriy yilning o‘zida 400 milliard so‘m imtiyozli kreditlar berildi.

Bunday imkoniyatlar natijasida mahsulot ko‘payib, narxlar tartibga tushmoqda. So‘nggi bir oyda ichki bozorda pomidor narxi o‘rtacha 3 baravarga, bodring 10 foizga, kartoshka 30 foizga, sabzi 15 foizga arzonladi. Bundan tashqari, 6 oyda 821 ming tonna yoki o‘tgan yilgiga nisbatan 102 ming tonna ko‘p meva-sabzavot eksport qilindi.

Yana bir muhim tomoni, ushbu ajratilgan yerlarda 785 ming aholining bandligi ta’minlandi.

Yig‘ilishda tuman va mahallalardagi ijobiy tajribalar bilan birga kamchiliklar ham ochiqcha muhokama qilindi.

Jumladan, 80 ming gektar yerdan 16 ming gektari aholidan uzoq va sug‘orish qiyin joyda bo‘lgani sababli egasini topmagani aytildi. Shu bois hokimlarga bunday yerlarni aholi uchun qulay maydonlarga almashtirish topshirildi.

Davlatimiz rahbari aholi takliflari asosida yangi imkoniyatlarni belgilab berdi. Yil yakunigacha yana 20 ming gektar, kelgusi yilda 100 ming gektar ekin maydoni aholi uchun ajratilishi ta’kidlandi. Shunda jami 200 ming gektar bo‘ladi.

– Bu juda katta imkoniyat. Bu orqali qo‘shimcha 1 million 200 ming aholini band qilish uchun sharoit yaratilmoqda. Eng asosiysi, agar tuman hokimi, hokim yordamchisi bu masalaga hisob-kitob bilan yondashsa, oziq-ovqat va ishsizlar masalasini bemalol hal qilsa bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mahsulot yetishtirish va sotishda aholiga ko‘maklashish uchun mahallalarga hosildor urug‘ va ko‘chat yetkazish, kichik hajmli muzlatkichlar o‘rnatish, issiqxonalarni ko‘paytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Bugungi kunda 64 ta tumanda aholi o‘z tomorqasida 3 marta hosil olmoqda. Hosil yaxshi bo‘lsa, bitta oila 60-100 million so‘mgacha daromad qilishi mumkin.

Davlatimiz rahbari bunday ishlarni boshqa tumanlarda ham rag‘batlantirish kerakligini ta’kidladi.

Xususan, suv ta’minoti og‘ir mahallalarda katta quduq qazish xarajatlari uchun ajratiladigan subsidiya miqdori 150 million so‘mgacha oshirilishi belgilandi. Kichik quduqlar uchun Qoraqalpog‘istonda 5 metrdan, qolgan hududlarda 10 metrdan ortiq chuqurlikning har bir metriga 100 ming so‘mdan subsidiya beriladi.

Quduq qazishga gidrogeologik xulosalar 2025 yilga qadar bepul beriladi. Suv tejovchi texnologiyalar joriy etish bo‘yicha beriladigan subsidiyalar dehqon xo‘jaliklari uchun ham tatbiq etiladi.

Xo‘jaliklarga xalal berayotgan yana bir muammo shundaki, yurtimizda 2 million 600 mingta xonadonning kadastr hujjatlari yo‘q. Ularning egalari tomorqa uchun kredit, subsidiya hamda uyini kengaytirishga ipotekadan foydalana olmayotgani haqida Xalq qabulxonalariga ko‘plab murojaatlar tushmoqda.

Qolaversa, kadastri bo‘lmagani uchun yer solig‘i 3 karra miqdorda hisoblanmoqda.

Adliya vazirligiga kadastri yo‘q xonadonlar masalasini uzil-kesil hal qilish uchun alohida qonun loyihasi ishlab chiqish topshirildi. Yangi qonun qabul qilinguniga qadar, bu uylarga uch karra oshirilgan soliq qo‘llash to‘xtatib turiladi.

Yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi sohasidagi masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Hokimliklarga iyul oyi yakunigacha 820 ming gektar maydonda takroriy ekinlarni joylashtirib, 11 million tonna mahsulot yetishtirish, kelgusi yilgacha yetarli zaxira yaratish vazifasi qo‘yildi.

Ma’lumki, bu yildan g‘allani yetishtirish va xarid qilishni moliyalashtirish bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yildi. Fermerlarga jozibador narxlar taklif etilgani o‘z natijasini berdi. Iyulda birjaga 88 ming tonna bug‘doy chiqarilgani hisobiga, 1 tonna bug‘doyning o‘rtacha narxi 30 foizga arzonlashdi.

Davlat resursiga 1 million 842 ming tonna don xarid qilindi. Fermer va klasterlar tomonidan don korxonalariga 574 ming tonna g‘alla saqlash uchun qo‘yildi.

Mutasaddilarga bu g‘allani birjaga muntazam chiqarib borish hamda 1 oktabrgacha fermer va klasterlar bilan to‘liq hisob-kitob qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Prezidentimiz davlat idoralarining samaradorligi va ijro mas’uliyatini oshirish haqida gapirdi.

– Samarqand viloyatidagi o‘rganishlar ko‘p kamchiliklarimizni ko‘rsatdi. Oldimizda hali eng qiyin va og‘ir islohotlar turibdi. Hamma o‘zgarishi, ish uslubini ham o‘zgartirishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va hokimliklar o‘z tuzilmasi va ish uslublarini o‘zgartirishi zarurligi ta’kidlandi. Adliya vazirligiga qonunchilikni ixchamlashtirish, aholi va tadbirkorlarga qulayliklarni oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. 

Hisob palatasiga mablag‘lar sarfi, ayniqsa, qurilishni moliyalashtirish, subsidiya va kompensatsiya ajratish jarayonlarini raqamlashtirish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Bosh vazir o‘rinbosarlari, hokimlar, mahalla raislari axborot berdi.

Manba