Transport, energetika va sanoat loyihalari taqdimot qilindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-avgust kuni transport, energetika va sanoat sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Transport infratuzilmasi kengligi va qulayligi mamlakat rivojini ko‘rsatuvchi, unga qo‘shimcha impuls beruvchi muhim omil. Yurtimizda bu sohada ko‘plab loyihalar amalga oshirilib, avtomobil, aviatsiya, temir yo‘l, metropoliten kabi barcha tarmoqlarda yangi obyektlar ishga tushirildi.

Shunday loyihalardan yana biri – «Toshkent-Sharqiy» aeroportining yangilanishi. Davlatimiz rahbari o‘tgan oyda uning qurilishini borib ko‘rgan edi. Unda berilgan topshiriqlar asosida majmua bosh rejasi samaradorlik jihatidan takomillashtirildi. Xususan, aeroport hududi 130 gektarga qisqartiriladi. Buning evaziga uni saqlab turish xarajatlari ham kamayadi.

Hozirda 4 kilometr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi qurib bo‘lingan. Bu yerda 2 ta – yuqori martabali mehmonlar uchun hamda biznes-aviatsiya terminali bo‘ladi. 25 ta samolyot uchun turargoh, angarlar, ma’muriyat va xizmat ko‘rsatish binolari barpo etiladi. Aeroport noqulay ob-havo sharoitlarida ham uchish-qo‘nishni ta’minlovchi ICAO III-A toifasidagi zamonaviy radiotexnika va meteorologiya uskunalari bilan jihozlanadi.

Toshkent shahri rivojlangani sari aholi soni ham, ularning faolligi ham oshib bormoqda. Buni shaxsiy avtomobillar ko‘payib borayotganida ham ko‘rish mumkin. Lekin, shu bilan birga, shahar ko‘chalarida tirbandlik ham ortmoqda.

Ma’lumki, bu muammoni hal etishning yo‘li – jamoat transportini rivojlantirish, unda yurishni avtomobil haydashdan ko‘ra qulay qilish. Shu maqsadda, Prezidentimiz ko‘rsatmasiga muvofiq, Toshkent shahriga yangi avtobus va elektrobuslar olib kelindi. Yo‘lovchi tashish quvvati oshib, jamoat transportining oraliq vaqti qisqardi. 

Shaharda tirbandlikni kamaytirish uchun Toshkent metropolitenining oxirgi va serqatnov bekatlari yonida avtoturargohlar barpo etish rejalashtirilgan. Maqsad – odamlar shaxsiy avtomobilini shu yerda qoldirib, shahar ichkarisiga jamoat transportida borishiga sharoit yaratish.

Shuningdek, taqdimot davomida mamlakatimizda energetika quvvatlarini oshirish masalasiga e’tibor qaratildi. Jumladan, poytaxtimizda elektr energiyasi tarmoqlarining favqulodda holatlarga bardoshliligini mustahkamlash hamda muqobil energiya manbalarini integratsiya qilish choralari ko‘rilmoqda. 

Qayta tiklanuvchi energiya tarmog‘ida jami quvvati 13 ming 777 megavattlik 33 ta loyiha ishlab chiqilgan. Shu bilan birga, elektr energiyasi infratuzilmasini takomillashtirish va ob-havo sharoitlariga chidamliligini oshirish, zaxira quvvatlar hosil qilish, iste’molni aqlli boshqarish bo‘yicha ish olib borilmoqda. 

Taqdimotda Toshkent shahrida sanoatni rivojlantirish ko‘rsatkichlari va rejalari to‘g‘risida ham axborot berildi. 

Bugungi kunda poytaxtimiz iqtisodiyotining 34 foizdan ziyodi sanoat hissasiga to‘g‘ri keladi. O‘tgan yili 110 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan. Ayniqsa, oziq-ovqat, metallurgiya, to‘qimachilik tarmoqlarida o‘sish yuqori bo‘lgan.

Bu sohadagi imkoniyatlarni kengaytirish maqsadida “Yangihayot” industrial texnoparkini klaster tizimiga o‘tkazish taklifi bildirildi. Uning maydoni 500 gektar bo‘lishi, 810 ta korxona joylashtirilishi va 100 mingta ish o‘rni yaratilishi mo‘ljallangan. Klaster tizimi yo‘lga qo‘yilishi natijasida ishlab chiqarish sifati oshib, transport xarajatlari va tannarxni kamaytirishga erishiladi.

Manba