O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-avgust kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘lib turgan Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleuni qabul qildi.
O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, yangi amaliy mazmun bilan boyitish masalalari ko‘rib chiqildi.
Suhbat avvalida tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu davlatimiz rahbariga Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
O‘zbekiston yetakchisi keyingi yillarda ikki tomonlama hamkorlikda yuksak darajaga erishilgani, jumladan, parlamentlar, hukumatlar, hududiy ma’muriyatlar, jamoatchilik va tadbirkorlar darajasida sermahsul muloqotlar amalga oshirilayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Qo‘shma Hukumatlararo komissiya va Ishchi guruh samarali faoliyat yuritmoqda. Tovar ayirboshlash hajmi ko‘payib, ikki mamlakat yetakchi korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiya ko‘lami kengaymoqda. Madaniy-gumanitar tadbirlar muntazam o‘tkazib borilmoqda.
Uchrashuvda siyosiy muloqotlarni yanada faollashtirish, iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridagi loyihalarni jadallashtirish, gumanitar almashinuv dasturlarini kengaytirish hamda Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qo‘shnichilik va sheriklikni mustahkamlash choralarini ko‘rishga alohida e’tibor qaratildi.
Oldingisi
Transport, energetika va sanoat loyihalari taqdimot qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-avgust kuni transport, energetika va sanoat sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
16.08.2023