President.uz: Korxonalar tashkil etilmoqda, endi sifatga e’tibor berish kerak

Prezident Shavkat Mirziyoyev Qo‘rg‘ontepa tumanidagi «Khantex Group» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyati bilan tanishdi.

Andijon viloyatiga o‘tgan yili may oyidagi tashrif chog‘ida jamiyat tomonidan to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi taqdim etilgan edi. Bugunga kelib bu rejalar to‘la amalga oshirildi. Ulkan yigiruv sexi binosi qurilib, Shveysariyaning «Riter» kompaniyasidan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatildi. Hududda yashovchi 400 nafarga yaqin aholi doimiy ish joyiga ega bo‘ldi.

Bu hali dastlabki ishlar. Keyingi bosqichlarda mato to‘qish, uni bo‘yash, tayyor kiyim-kechaklar va sochiqlar ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy qiymati qariyb 58 million yevro bo‘lib, korxona to‘liq quvvat bilan ishlay boshlagach, yiliga 9 ming tonnadan ziyod ip-kalava, qariyb 6 million pogona metr gazlama, 10 million donadan ortiq tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi. 1500 ta ish o‘rni yaratiladi. Eksport hajmini 40 million dollarga yetkazish mo‘ljallangan.

Shuningdek, klaster negizida 2 ming tonna yog‘, 7,5 ming tonna shrot, 5,4 ming tonna sheluxa ishlab chiqarish quvvatiga ega zamonaviy yog‘-ekstraksiya zavodi hamda chorva kompleksi tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlab yuborilgan. Agrotexnika ishlari uchun «John Deere» va «Case» kompaniyalarining 13 turdagi qishloq xo‘jaligi texnikasi keltirilgan.

Davlatimiz rahbari klasterning yigiruv sexini kirib ko‘rdi. 

- Shu paytgacha joylarda turli korxonalarni tashkil etish bo‘yicha ishladik. Endi sifatga e’tibor berish, daromadini oshirish uchun sharoit yaratish kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shu yerda Andijon viloyatida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik, pillachilik va tomorqachilik orqali aholi farovonligini oshirishga qaratilgan rejalar, O‘zbekistonning Belarusdagi elchixonasi tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar muhokama qilindi. 

Prezidentimiz loyihalarni ma’qullab, ular yuzasidan mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.