Prezident Oliy harbiy aviatsiya bilim yurtini borib ko‘rdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti faoliyati bilan tanishdi.

Ma’lumki, bu ta’lim muassasasi 1994-yilda Jizzaxda tashkil etilgan. Lekin u yerda bo‘lajak uchuvchilar amaliyot o‘tashi uchun sharoit yetarli emasdi.

Davlatimiz rahbari 2018-yilda Qarshi tumanidagi Xonobod harbiy aerodromida bo‘lganida harbiy uchuvchilar tayyorlashda ushbu aerodrom imkoniyatlaridan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar bildirgandi. Shu asosida, oliy harbiy aviatsiya bilim yurti 2019-yilda Qarshi shahriga ko‘chirildi. O‘quv va mashg‘ulot binolari zamonaviy trenajyorlar, uskunalar, axborot texnologiyalari bilan jihozlandi.

Bu kursantlarga Xonobod aerodromida harbiy havo kemalarini boshqarish va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mashg‘ulotlar olib borish, bevosita o‘quv poligonlarida ishtirok etish imkonini bermoqda. Parvozga tayyorgarlik markazi va  axborot-resurs markazi, 4 ta mutaxassislik yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv laboratoriyalari harbiy uchuvchilarning professionallik darajasini oshirishga xizmat qilmoqda.

120 o‘rinli madaniyat markazi, 400 o‘rinli yotoqxona, oshxona, saf maydoni va sport shaharchasi kursantlar ixtiyorida. Ayni paytda bu yerda  276 nafar kursant ta’lim olmoqda.

Prezidentimiz muassasadagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Yoshlar bilan suhbatda o‘z mutaxassisligiga qo‘shimcha xorijiy tillar va zamonaviy texnologiyalarni puxta o‘rganishning ahamiyati ta’kidlandi.

- Har bir davlatning mudofaasi uning qudratini ko‘rsatadi. Mudofaani esa sizga o‘xshagan bilimli, aqlli, irodali harbiylar, muhandis va uchuvchilar ta’minlaydi. Bunga munosib bo‘lish uchun doim o‘qib-o‘rganib, o‘z ustingizda ishlab, har tomonlama barkamol bo‘lib yetishishingiz kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Oliy Bosh Qo‘mondon bilim yurti oshxonasida kursantlar bilan birga tushlik qildi. Sport va o‘quv mashg‘ulotlarini ko‘rdi. O‘quv yurti uzra hujumchi, qiruvchi, transport samolyotlar, jangovar vertolyotlar ishtirokida harbiy aviatsiya parvozlari namoyish etildi.

Mutasaddilarga dunyoda kuzatilayotgan xavf-xatarlardan kelib chiqib, havo mudofaasini yangi pog‘onaga ko‘tarish, tajriba tariqasida uchuvchisiz qurilmalar yig‘ishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Ushbu bilim yurti faoliyatini ham shunga muvofiq takomillashtirish, xorijiy muassasalar bilan qo‘shma ta’lim dasturlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Manba