Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand davlat universitetining Biokimyo instituti faoliyati bilan tanishdi.
Bugungi kunda universitetda 25 mingdan ortiq talaba ta’lim oladi. Bu yerda to‘rtta – Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti, Muhandislik fizikasi instituti, Turkologiya ilmiy-tadqiqot instituti hamda Biokimyo instituti tashkil etilgan.
Biokimyo instituti joriy yilda universitetning biologiya va kimyo fakultetlari negizida ochildi. Buning uchun keng ko‘lamli qurilish qilinib, yettita yangi bino qurildi. Jumladan, jami mingdan ortiq o‘ringa ega 2 ta o‘quv binosi, majlislar zali, oranjereya-issiqxona, biologik tadqiqotlar laboratoriyasi – vivariy, botanik tadqiqotlar laboratoriyasi – gerbariy hamda talabalar oshxonasi barpo etildi.
Ahamiyatlisi, shu tariqa ikki yo‘nalish mutaxassislariga bir maydonda ilmiy izlanishlar olib borish imkoni yaratildi. Bu biologiya va kimyo yo‘nalishidagi innovatsiyalar integratsiyasini yangi bosqichga olib chiqadi.
Davlatimiz rahbari institutdagi o‘quv xonalari, oranjereya, ilmiy laboratoriyalardagi sharoitlar bilan tanishdi. Professor-o‘qituvchilar bilan muloqot qildi.
Ular istiqbolda onkologik dori vositalarining kimyoviy transformatsiyasi asosida xavfli o‘smalarga qarshi tanlab ta’sir etadigan yangi dori vositalarini yaratish rejasi haqida so‘zlab berdi.
Prezident institut olimlarini chet elda malaka oshirishga yuborish, farmatsevtika va kimyo mahsulotlarini ishlab chiqish, g‘o‘za, uzum, donning yangi navlarini yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Bugungi kunda Biokimyo institutida 8 ta ta’lim yo‘nalishida 2 ming 800 nafar talaba ta’lim olmoqda. Umuman, universitetda 12 ta ilmiy va 67 ta o‘quv laboratoriya bor.
Oldingisi
Shavkat Mirziyoyev: Maqsadimiz - har bir yoshga munosib sharoit yaratish
Davlatimiz rahbari Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi 32-umumta’lim maktabini kirib ko‘rdi. Konstitutsiyamizda O‘zbekiston ijtimoiy davlat ekani belgilandi. Bu boradagi eng muhim sohalardan biri ta’limdir. Shu maqsadda yangi muassasalar qurish bilan birga ta’limning mazmunini yaxshilashga ham e’tibor qaratilmoqda.
24.08.2023Keyingisi
Samarqand tumanida qurilayotgan majmuada 10 mingga yaqin ish o‘rni bo‘ladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand tumanida barpo etilayotgan savdo, sanoat va servis majmuasining qurilish maydonida bo‘ldi. Uning hududi 37 gektar. Bu yerda umumiy qiymati 2 trillion 79 milliard so‘mlik 7 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
24.08.2023