Shavkat Mirziyoyev: Endi bu tarmoq qo‘shilgan qiymat beradigan vaqt keldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 mart kuni kimyo sanoati tarmog‘ida amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Mamlakatimizda uglevodorod xomashyosi va mineral resurslarni chuqur qayta ishlab, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha katta salohiyat bor. “O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tomonidan bu borada 1 milliard 355 million dollarlik 21 ta loyiha amalga oshirilmoqda.

Shundan qariyb 60 million dollarlik 8 ta loyiha joriy yilda ishga tushiriladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri, Navoiy, Jizzax va Toshkent viloyatlarida joylashgan ushbu korxonalarda 11 turdagi yangi mahsulot o‘zlashtiriladi. Yiliga 450 milliard so‘mlik tovarlar ishlab chiqarilib, 15 million dollarlik import o‘rnini to‘ldirish hamda qariyb 30 million dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi. Ushbu korxonalarda 260 kishi ish bilan ta’minlanadi.

Bundan tashqari, ayni paytda umumiy qiymati 2 milliard 600 million dollardan ziyod bo‘lgan 18 ta loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilmoqda.

Umumlashtirib aytganda, bu yilgi va istiqboldagi barcha loyihalar natijasida 3 millard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish quvvati yaratiladi, tarmoqning eksport salohiyati 1 milliard 300 million dollarga yetadi. Yangi korxonalarda 3 ming 500 ga yaqin ish o‘rni tashkil etiladi.

Yana bir muhim jihati, ushbu korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yilganidan so‘ng, tabiiy gazni chuqur qayta ishlab olinadigan yangi mahsulotlar qiymati 2 milliard 100 million dollardan oshadi. Ya’ni, qo‘shilgan qiymat 14 barobar ko‘payadi.

Kimyoviy xomashyo va yarim tayyor mahsulotlar negizida talab yuqori bo‘lgan tovarlar ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish maqsadida “Navoiyazot” va “Farg‘onaazot” aksiyadorlik jamiyatlarida hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 3 ta yirik texnologik klasterni barpo etish rejalashtirilgan.

Xususan, “Navoiyazot”da umumiy qiymati 2 milliard 600 million dollarlik 16 ta loyiha, “Farg‘onaazot”da jami 334 million dollarlik 4 ta loyiha, Qoraqalpog‘iston Respublikasida salkam 687 million dollarlik 3 ta loyiha amalga oshiriladi.

Davlatimiz rahbari ishlab chiqarish va ilm-fan o‘rtasida integratsiyani rivojlantirish masalasiga doim alohida e’tibor qaratadi. Shu maqsadda poytaxtimizning Ulug‘bek shaharchasida ilmiy kimyo klasterini tashkil etish ham rejalashtirilgan. Unga ko‘ra, 60 gektar maydonda ma’muriy va o‘quv binolari, laboratoriyalar, O‘zbekiston-Koreya ilmiy markazi, ilmiy xodimlar uchun turar joylar, yotoqxona, amfiteatr, bog‘ va quyosh elektr stansiyasi barpo etish ko‘zda tutilgan. Bu yerda 8 ming nafar talaba tahsil olishi ham mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, mazkur ilmiy klaster Toshkent kimyo texnologiya ilmiy-tadqiqot instituti hamda Chirchiq shahridagi ishlab chiqarish laboratoriyalarini o‘z ichiga oladi.

– Kimyo sanoatiga juda katta mablag‘ berdik. Energiya samaradorligi jihatidan texnologiyalar yangilandi. Endi bu tarmoq qo‘shilgan qiymat beradigan vaqt keldi. Juda katta imkoniyatlar bor. Agar har bir yo‘nalish bo‘yicha miqdorini, sifatini, narxini joy-joyiga  qo‘ysak, eksport 5-6 barobar oshadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub’ektlari talab etayotgan mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha yangi-yangi loyihalar shakllantirish zarurligi ta’kidlandi. 

Taqdimotda kimyo korxonalaridagi davlat ulushini qisqartirish, ularni transformatsiya qilish, sohaga korporativ boshqaruv va moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlarini joriy etish borasidagi ishlar yuzasidan ham ma’lumot berildi.

“O‘zkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati tuzilmasini o‘zgartirish, malakali kadrlar tayyorlash yuzasidan vazifalar qo‘yildi.   

Tadbirda ichimlik suvi tarmoqlari va avtomobil yo‘llari holati bo‘yicha o‘tkazilgan xatlov natijalari ham ko‘rib chiqildi. Bu yil 7 ming 184 kilometr quvurlar, rezervuar va nasos stansiyalari qurilib, 1 ming 106 ta mahallaga toza ichimlik suvi yetkaziladi. Natijada 4 milliondan ziyod aholining suv ta’minoti yaxshilanadi. Shuningdek, joriy yilda 16 ming 800 kilometr yo‘llar ta’mirlanishi aytib o‘tildi.

Davlatimiz rahbari xalqaro tajribani qo‘llab, qurilishni arzonlashtirish, ekspluatatsiya sifatini ta’minlash, ajratilgan mablag‘lar manzilli va samarali ishlatilishini nazorat qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Manba