Shavkat Mirziyoyev: O‘tish davri - kurash davri

Davlatimiz rahbari iqtisodiy kompleks oldiga vazifa qo‘yar ekan, har bir hududning xususiyatlaridan kelib chiqib loyiha qilish, «o‘sish nuqtalari»ni topib, rivojlantirish zarurligini ta’kidlaydi.

Surxondaryo viloyatining shunday yo‘nalishlaridan biri - anorchilik. Ayniqsa, Sherobodning anorlari katta, mazali, hosildor bo‘ladi. Shu bois uning bozori chaqqon, dovrug‘i chet ellargacha ketgan. Bu tadbirkorlar uchun katta imkoniyat, aholi uchun daromad manbai bo‘layotir. Tumanda 48 ta mahallaning 33 tasi anor yetishtirishga ixtisoslashgan.

Shunday anorzorlardan biri «Sardorbek Sultonbek» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tumanning «Bo‘ston» mahallasida tashkil etilgan.

Prezident ushbu bog‘ni ko‘zdan kechirdi.

43 gektar yerda 30 ming donadan ziyod anor ekilgan. Qozoqi navli ushbu anorning bir donasi 1 kilogrammdan ziyod tosh bosishi mumkin. Ko‘chatlar bu yildan hosilga kirdi. Yiliga jami ming tonnadan ziyod mahsulot olish mo‘ljallangan.

- O‘tish davri - kurash davri. Hayotimizni o‘zgartirish, dunyo bozorida o‘rnimizni topish uchun kurashishimiz, manfaat beradigan ishni qilishimiz kerak. Asosiy maqsadimiz - oilalarning daromadini ko‘paytirish. O‘zi mehnat qilib, natijaga erishgan oila barakali bo‘ladi, sog‘lig‘iga qaraydi, farzandlarini yaxshi o‘qitadi. Bilimli bolalar kelajakda o‘z yo‘lini topib oladi, - dedi Prezident.

Shu yerda Toshkent davlat agrar universitetining Termiz filiali tadqiqotchilari bilan muloqot bo‘ldi.

- Bizda anorchilik bo‘yicha an’ana bor, lekin ilm yo‘q, kitob yo‘q, laboratoriya yo‘q. Anor jaydari usulda yetishtirilyapti. Kasallikdan himoya qilishni hamma ham bilmaydi. Eng katta narsa - nav kerak. Keyin shu navni xonadonlarga kirgazish zarur, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Surxondaryoda qishloq xo‘jaligini innovatsion yo‘naltirish bo‘yicha institut tashkil etish, anor bilan birga limon, xurmo yetishtirishni ko‘paytirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Davlatimiz rahbari tumanning «Kattabog‘» mahallasida anorchilik bilan shug‘ullanayotgan Abdurahmon Karimov xonadonida ham bo‘lib, aholi turmushi va tomorqalardan foydalanish holati bilan tanishdi. Mahalla ahli, nuroniylar bilan samimiy suhbat bo‘ldi.

Tumanda 5 mingdan ziyod aholi anor yetishtirish bilan shug‘ullanib, undan katta daromad topayotgani aytildi.

Manba