Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-sentabr kuni Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining X s’ezdida ishtirok etdi.
Unda shu yil 24-oktabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qatnashish uchun partiyadan nomzod ko‘rsatish masalasi muhokama qilindi.
Anjuman qatnashchilari bu saylov muhim siyosiy voqea ekani, Prezidentlikka keng bilim va katta tajribaga ega, azmu shijoatli va qat’iyatli, yetakchi shaxs nomzodini ilgari surish zarurligini qayd etdi.
Partiya elektorati fikrlarini inobatga olgan holda, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining S’ezdi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga butun faoliyatini xalqimiz farovonligiga bag‘ishlab kelayotgan, bugungi murakkab davrda mamlakatimizni rivojlantirishga qodir bo‘lgan, o‘zining insoniy fazilatlari va rahbarlik qobiliyati bilan yurtdoshlarimiz hurmati va mehrini qozongan Shavkat Miromonovich Mirziyoyev nomzodini ko‘rsatish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga nomzod Shavkat Mirziyoyev o‘z saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari haqida ma’ruza qildi.
So‘zga chiqqanlar nomzodning ko‘p yillik rahbarlik tajribasiga ega ekani, mamlakatimizni rivojlantirish va xalqimiz farovonligini oshirish yo‘lida ulkan xizmatlar qilganini ta’kidlashdi.
Oxirgi besh yilda Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va sa’y-harakatlari bilan tarixiy ahamiyatga ega ma’muriy, huquqiy va iqtisodiy islohotlar amalga oshirildi. Xalq hokimiyati mustahkamlanib, davlat organlarining hisobdorligi ta’minlandi.
Shu davrda mamlakatimiz iqtisodiyoti 24 foizga, sanoat 34 foiz, eksport hajmi 1,5 barobarga, xorijiy investitsiyalar hajmi esa 3 barobarga oshdi. Yalpi ichki mahsulotimiz 60 milliard dollarga yetdi. O‘rtacha oylik ish haqi 2,2 marta ko‘paydi.
Partiya elektoratining salmoqli qismi bo‘lgan tadbirkorlar va ishbilarmonlar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratildi. Hududlarni rivojlantirish, sanoat va xizmatlar ko‘lamini kengaytirish choralari ko‘rildi.
Bularning barchasi, pirovard natijada, yuz minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishi, xalqimiz farovonligi oshishiga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Inson manfaati islohotlarning bosh maqsadiga aylandi. Ijtimoiy yo‘naltirilgan dasturlar amalga oshirildi. Ilm-fan, ta’lim-tarbiya, sog‘liqni saqlash, madaniyat va san’at, ommaviy axborot vositalari, sport sohalarini rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratilgani qayd etildi.
Bunday yangilanish va rivojlanishni muvaffaqiyatli davom ettirish uchun Shavkat Mirziyoyevni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylash eng to‘g‘ri yo‘l ekanligi to‘g‘risida yakdil fikr bildirildi.
S’ezdda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Oldingisi
O‘zbekiston Prezidenti birodar Tojikiston yetakchisi va xalqini mustaqillikning 30 yilligi bilan tabrikladi
8-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
09.09.2021