Shavkat Mirziyoyev turk qardoshlarimizga yana bir bor hamdardlik bildirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-fevral kuni Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasiga bordi.

Ma’lumki, 6 fevral kuni Turkiyaning janubi-sharqiy ellarida yuz bergan kuchli zilzilalar vayronkorligi bilan butun dunyoni larzaga soldi. O‘zbek xalqi ham ofat oqibatlarini qalbiga yaqin olib, chuqur qayg‘u va hamdardlik hissini tuydi.

Davlatimiz rahbari o‘sha kuniyoq qardosh Turkiya xalqiga va Prezident Rejep Tayyip Erdog‘anga hamdardlik bildirgan edi. Zilzila oqibatlarini bartaraf etishda ko‘maklashish uchun mamlakatimizdan bir necha guruh qutqaruvchilar Turkiyaga yuborildi. Shuningdek, gumanitar yordam yuklari muntazam jo‘natib turilibdi.

Prezidentimiz bugun Turkiya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasiga borib, qardoshlarimizga yana bir bor hamdardlik bildirdi. Parvardigordan marhumlarni o‘z rahmatiga olishini, ularning oilasi va yaqinlariga sabr-toqat va bardamlik berishini so‘radi. Jarohat olgan insonlar tez fursatlarda sog‘ayib ketishini tiladi.

O‘zbek va turk xalqlari yaxshiyu yomon kunlarda hamisha birga bo‘lgan, bir-birini qo‘llab-quvvatlagan. Bu do‘stlik, qardoshlik va o‘zaro yelkadoshlik hozirgiday og‘ir kunlarda yanada bilinadi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston barcha zarur yordamga tayyorligini bildirdi. Elchixonada ochilgan hamdardlik kitobiga tasalli so‘zlarni yozib qoldirdi.

Manba