Prezident qishloq xo‘jaligidagi ishlarni ko‘zdan kechirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivoji bilan tanishish maqsadida 10-fevral kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi.

Safar dasturidagi birinchi manzil Paxtakor tumanidagi «Paxtakor elita urug‘chiligi» fermer xo‘jaligi bo‘ldi. Xo‘jalik maydoni 100 gektar bo‘lib, shundan 80 gektarida paxta va g‘alla, qolgan qismida soya, sarimsoqpiyoz, beda ekilgan.

Davlatimiz rahbari o‘tgan yili oktabrda Sirdaryo viloyatida bo‘lganida dala chetlaridagi yerlardan samarali foydalanish, fermer va ishchilarga qulaylik yaratish uchun dala uylari qurish zarurligini aytgan edi. Buning ijrosi va samarasi mazkur fermer xo‘jaligida namoyon. Dala chetiga tut, uzum, poliz va dukkakli mahsulotlar ekilgan, asalari uyalari qo‘yilgan. Yengil konstruksiyalardan dala uyi qurilgan, uning tomida quyosh panellari o‘rnatilgan.

Prezidentimiz ushbu uyni kirib ko‘rdi, fermer oilasi bilan suhbatlashdi.

Qishloq xo‘jaligi sohasi mutasaddilari va paxta-to‘qimachlik klasterlari rahbarlari bilan muloqotda hosildorlikni oshirish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

- Biz nimaga boyligimiz bo‘lgan yerni klasterlarga berdik? Xalqqa nafi tegishi uchun. Endi klasterlar islohotlarga munosib bo‘lib, davlat siyosatini amalga oshirishi kerak. Qishloq xo‘jaligini sanoatlashtirish, korxonalar ochish va kasanachilik orqali o‘z hududida ishsizlikni kamaytirishi zarur, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lumki, yurtimizda ishsiz fuqarolarga dehqonchilik uchun yerlar ajratilmoqda. Jizzax viloyatida bu orqali 13 mingdan ziyod yoshlarning bandligini ta’minlash mo‘ljallangan.

- Bir paytlar 1 gektar yerni xalqqa berish mumkin emasdi. Hozir 200 ming gektar ajratdik. Nima uchun? Odamlarga daromad manbai bo‘lishi uchun. Endi «qarsak ikki qo‘ldan chiqishi» kerak, - dedi davlat rahbari.

Fermerlarning manfaatdorligini ta’minlash, mahallalarning «o‘sish nuqtalari»ni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Manba