Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 9-noyabr kuni yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish va ularni davolash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
O‘zbekistonning yangi taraqqiyot strategiyasida bosh mezon etib belgilangan “Inson qadri uchun” degan tamoyil har bir fuqaro uchun munosib turmush sharoiti va zamonaviy infratuzilma tashkil etishni nazarda tutadi. Shulardan biri malakali tibbiy xizmatdan bahramand bo‘lishdir.
Bu sohadagi rejalar haqida Shavkat Mirziyoyev saylovoldi uchrashuvlarida aytgan edi va ularning ijrosiga kirishildi. Ushbu yig‘ilish ham tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini rivojlantirish, eng ko‘p tarqalgan va o‘limga sabab bo‘layotgan kasalliklarni erta aniqlash, maqsadli skrining tadbirlari o‘tkazish masalalariga qaratildi.
Vazirlar Mahkamasi va Sog‘liqni saqlash vazirligining bu sohadagi kamchiliklari tanqidiy ko‘rsatib o‘tildi.
– Xalqimizning sog‘lig‘i hech narsa bilan o‘lchanmaydigan eng bebaho boyligimizdir, – dedi Prezident. – Shu bois tibbiyotni xalqimizni rozi qiladigan tizimga aylantirish bo‘yicha katta marralarni belgilab oldik. Buning uchun birlamchi bo‘g‘inga ajratiladigan mablag‘larni 2 barobarga oshirib, aholi o‘rtasida keng tarqalgan kasalliklarni kamaytirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilamiz.
Yig‘ilishda sohadagi vazifalar kardiologiya yo‘nalishi misolida ko‘rib chiqildi.
Tahlillarga ko‘ra, 30-70 yoshdagi aholi o‘rtasida o‘lim holatlarining 53 foizi yurak-qon tomir kasalliklariga to‘g‘ri kelmoqda. So‘nggi besh yilda bunday kasalliklar 20 foizga, jumladan, yoshlar orasida ham ko‘paygan. Umuman, 4 millionga yaqin aholi orasida yurak-qon tomir kasalliklari aniqlangan bo‘lib, umumiy aholining 12 foizini tashkil etadi.
Shu bois, yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish, erta aniqlash va samarali davolash bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishi belgilandi. Unga ko‘ra, kelgusi yildan 40 yoshdan oshgan barcha aholi oilaviy poliklinika va tibbiy brigadalar orqali yiliga kamida bir marta manzilli skriningdan o‘tkaziladi, tuman laboratoriyalari koagulometr va zarur reaktivlar bilan ta’minlanadi, yurak-qon tomir kasalligi aniqlangan aholining yagona elektron reyestri yuritiladi, ehtiyojmand aholiga dorilar bepul tarqatiladi.
Bu maqsadlar uchun kelgusi yilda har bir tumanga 350 million so‘mdan, jami 70 milliard so‘m ajratilishi mo‘ljallangan. Umuman, birlamchi bo‘g‘inga dori va tibbiy buyumlar uchun 580 milliard so‘m yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu joriy yilgi xarajatlardan 3 barobar ko‘pdir.
Prezidentimiz oilaviy shifokorlar va hamshiralarni yurak kasalliklarini erta aniqlash hamda davolash bo‘yicha qo‘shimcha o‘qitish muhimligini ta’kidladi.
Kelgusi yil 1-iyulga qadar tuman, viloyat va respublika darajasida davolanadigan kasalliklar ro‘yxati tuzilib, shu asosda rejali davolash yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. Buning uchun tuman shifoxonalari 4 turdagi kardiologiya uskunalari bilan ta’minlanadi. Natijada ko‘rsatiladigan xizmatlar turi 5 tadan 15 taga oshadi.
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining viloyat filiallarida esa xizmatlar 15 tadan 35 tagacha yetkaziladi. Xususan, Xorazm viloyati filiali qo‘shimcha jihozlanib, barcha jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish imkoniyati yaratilmoqda.
Davlatimiz rahbari bu tajribani bosqichma-bosqich boshqa viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi shifoxonalarda ham yo‘lga qo‘yish, ixtisoslashtirilgan kardiologiya xizmatlarini hududgacha tushirish zarurligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi faoliyati ham tanqidiy ko‘rib chiqildi. U yerda preventiv kardiologiya, nur yordamida diagnostika kabi yo‘nalishlarda yangi laboratoriyalar tashkil etish, xorijdagi yetakchi klinikalarda shifokorlar malakasini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Ushbu markazni transformatsiya qilib, ko‘p tarmoqli shaklga o‘tkazish vazifasi qo‘yildi.
Ma’lumki, yurak-qon tomir kasalliklarning asosiy sabablaridan biri – noto‘g‘ri turmush tarzi. To‘g‘ri ovqatlanib, ko‘proq piyoda yuradigan odamlarda bunday xastalik kam uchrashi xalqaro ilmiy tashkilotlar tomonidan isbotlangan.
Davlatimiz rahbari buning foydasini yanada keng targ‘ib etish, to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy mashg‘ulotlarni odamlarning odatiy hayot tarziga aylantirish muhimligini ta’kidladi.
Shu maqsadda “Sog‘lom turmush tarzi” platformasi tashkil etilgan edi. Bugungi kunda undan foydalanuvchilar 600 ming nafarga yetdi, ularga 18 milliard so‘m to‘lab berildi. Moliya vazirligiga kelgusi yilda bu tizimdan foydalanuvchilar ko‘lamini kengaytirish uchun 60 milliard so‘m ajratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Videoselektor yig‘ilishida hudud rahbarlari to‘planganidan foydalanib, avval berilgan topshiriqlar ijrosiga ham to‘xtalib o‘tildi.
Yosh avlod bilan manzilli ishlash uchun har bir mahallada viloyat hokimining yordamchisi – yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilishi belgilandi. Ular yigit-qizlar muammolarini hal etish, kasb o‘rganishi va bandligiga ko‘maklashish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish bilan shug‘ullanadi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasining bajarilishi ko‘rib chiqildi. Hokimlar va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari daraxt va ko‘chat ekish ishlarining borishi to‘g‘risida axborot berdi.
Oldingisi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Turkiy kengash sammitida ishtirok etadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Istanbul shahrida o‘tkaziladigan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining navbatdagi sammiti tadbirlarida ishtirok etish uchun 11-12-noyabr kunlari Turkiya Respublikasida tashrif bilan bo‘ladi.
09.11.2021