O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz tadbirkorlari bilan ochiq muloqot
shaklida o‘tkazilgan uchrashuvdagi nutqi
Hurmatli biznes vakillari, ishbilarmon tadbirkorlar, bugungi muloqot ishtirokchilari!
Bundan ikki yil oldin yaxshi bir tajriba – Tadbirkorlar kuni arafasida ochiq muloqot shaklida sizlar bilan uchrashib, to‘planib qolgan masalalarga birgalikda yechim topish amaliyotini yo‘lga qo‘ygan edik. Bugun ham ushbu an’anani davom ettirib, sizlar bilan sog‘-omon, xush kayfiyatda uchrashib turganimdan bag‘oyat xursandman.
Qadrli yurtdoshlar!
Ochiq aytish kerak, so‘nggi 3-4 yilda xalqaro maydonda bo‘layotgan o‘zgarishlar dunyo iqtisodiyotiga, shu jumladan, milliy iqtisodiyotimizga ham katta ta’sir o‘tkazmoqda.
Turli ziddiyatlar tufayli logistika va mahsulot yetkazib berish zanjirining uzilgani, hamkor mamlakatlar valyutasining qadrsizlangani, global miqyosda inflyatsiya darajasi yuqori bo‘lib qolayotgani oqibatida moliyaviy resurslarning qimmatlashgani kabi omillar ta’sirini tadbirkorlarimiz juda yaxshi biladilar.
Tan olish kerak, bundan buyon ham oson bo‘lmaydi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklardan to‘g‘ri saboq chiqarib, faqat oldinga intilsak, bizning mehnatkash xalqimiz, ishbilarmon tadbirkorlarimiz har qanday mashaqqat́ni albatta yengib o‘tadi, men bunga ishonaman.
Dastlabki ochiq muloqotimiz ham aynan jahondagi iqtisodiy tanglik va noaniqlik avjiǵa chiqqan davrda o‘tkazilgani bejiz emas. Sababi – bunday murakkab sharoitda muammolarni bevosita biznes vakillarining o‘zidan eshitib, ularga birgalikda yechim topish va bu orqali tezkorlik bilan qaror qabul qilish eng to‘g‘ri yo‘l ekanini hayotning o‘zi isbotlab berdi. Misol uchun, 2021 yilda bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot natijalari bo‘yicha 57 ta, o‘tgan yili esa 55 ta tashabbus ilgari surilgan edi.
Bularning hisobidan biznesni yuritishda nima yengilliklar bo‘ldi? Tadbirkorlar hayotida qanday ijobiy o‘zgarishlarga erishildi? Umuman, birgalikdagi tashabbuslarimiz natijasi mamlakatimiz iqtisodiyotiga qanday ijobiy ta’sir ko‘rsatdi?
Birinchidan, o‘tgan yilgi takliflar asosida biznes subyektlari mikro, kichik, o‘rta va yirik toifalarga bo‘lindi va ularning har biri bilan alohida yondashuvlar asosida ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, tuman va shaharlar ham 5 ta toifaga ajratildi, 60 ta tumanga alohida soliq, kredit va moliyaviy yordam rejimlari joriy qilindi. Natijada bu tumanlardagi tadbirkorlar o‘tgan olti oyda qariyb 1 trillion so‘mlik imtiyozlardan foydalandi. Buning hisobidan 20 ta tumandagi tadbirkorlarning daromadi o‘tgan yilga nisbatan 1,5-2 barobar oshdi. Boshqacha aytganda, joriy yilning birinchi yarmida 7 trillion so‘mdan 11,5 trillion so‘mga ko‘paygan.
Qolgan 40 ta tuman rahbarlari ham tadbirkorlar bilan yaqindan ishlab, yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanganida edi, 5-toifaga kiradigan tuman qolmasdi.
Ikkinchidan, qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish muddati qisqartirilib, o‘tgan bir yil ichida – 2022-yil 1-avgustdan 2023-yil 1-avgustgacha – 6 mingta korxonaga 20 trillion so‘m qaytarib berildi. Ayniqsa, eksportdan valyuta tushumini kutmasdan, qo‘shilgan qiymat solig‘ini intizomli eksportchi korxonalarga qaytarib berish tartibi joriy qilingani natijasida 2 mingdan ziyod tadbirkorlarning hisob raqamiga 7 trillion so‘m kelib tushdi.
Eng muhimi, ushbu soliq stavkasini 12 foizga tushirganimiz hisobidan qo‘shilgan qiymat zanjiri ishtirokchilari soni 26 mingtaga ko‘payib, ularning faoliyati “soyadan” chiqdi. Qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilar soni 184 mingtaga yetdi.
Samarasiz soliq mexanizmlarini qo‘llash oqibatida vujudga kelgan soliq qarzdorligidan voz kechganimiz hisobidan biznes ixtiyorida 2 trillion so‘m qoldi.
Uchinchidan, kredit berishda aylanmadagi tovarlar, eksport shartnomalari, akkred́itivlar va kelgusi tushumlardan ham garov ta’minoti sifatida foydalanish tizimi yaratildi. Bu imkoniyatdan foydalangan tadbirkorlarimizga 1 milliard dollar kreditlar berildi.
Shuningdek, mikro-moliya tashkilotlarini ochish tartibini oson qildik. Buning natijasida mamlakatimizda banklarga muqobil kreditlar bozori paydo bo‘ldi. Natijada so‘nggi bir yilda bunday tashkilotlar soni 1,5 barobar, ular ajratgan kredit miqdori esa 3 barobar oshdi. Bir yilda nobank tashkilotlar 3 trillion so‘m kredit bergan.
Biz bojxona hududida qayta ishlash tizimini soddalashtirdik. Natijada ushbu bojxona rejimidan foydalanuvchi tadbirkorlar soni 2 barobar ko‘paydi. Misol uchun, bir yil ichida ushbu imkoniyat orqali 455 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Shu tariqa 110 million dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratildi.
To‘rtinchidan, ilgari yangi tadbirkorlar uchun “kirish qiyin bo‘lgan” 119 ta faoliyat bo‘yicha litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi yoki xabardor qilish shakliga o‘tkazildi. Mamlakatimiz hududida birgina yuklarni avtomobilda tashish faoliyati bo‘yicha litsenziyalarni bekor qilish hisobidan yuk tashish hajmi 1,5 barobar oshdi.
Beshinchidan, tadbirkorlar o‘zlari aytsin, to‘g‘ri ishlaydigan soliq to‘lovchilar faoliyatida tekshirishlar keskin qisqargani sezildimi yoki yo‘qmi?
E’tibor bering, 2023-yilning olti oyida tekshirishlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 40 foiz yoki 104 mingtadan 64 mingtaga kamaygan. Ya’ni, tadbirkorlarimiz to‘g‘ri ishlash “soyada” ishlashdan ko‘ra afzal ekanini tushunib yetmoqda. Shuning uchun ham soliq hisobotlarini topshirish va kameral tekshirish natijalari bo‘yicha moliyaviy jarimalar qo‘llashni bekor qildik.
Umuman, o‘tgan bir yilda kichik tadbirkorlar soni 40 mingtaga ko‘payib, 490 mingga, o‘rta tadbirkorlar soni 2 mingtaga oshib, 10 mingga yetdi. Yirik korxonalar soni esa bir yilda 400 taga ko‘payib, 1,5 mingta bo‘ldi.
Berilgan yengilliklardan foydalanib, bir yilda 155 ta korxonaning yillik aylanmasi 100 million dollardan oshdi. Kiritilgan yillik xorijiy sarmoyalar hajmi esa ilk bor 10 milliard dollarga yetdi. Bu – 2017-yilga nisbatan 3 barobar ko‘p demakdir.
Bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotlardan keyin so‘nggi ikki yilda korxonalarimiz tomonidan 25 milliard dollarlik mahsulotlar eksport qilindi va avval import qilingan 10 milliard dollarlik mahsulotni o‘zimizda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Hurmatli biznes vakillari!
Yuqorida qayd etilgan barcha natijalarimiz tashabbuskor, ishbilarmon va fidoyi tadbirkorlarimizning mehnati bilan bo‘lmoqda va biz buni yuksak qadrlaymiz.
Shu munosabat bilan ushbu yutuqlarga erishishda katta hissa qo‘shib kelayotgan, yangi g‘oyalar tashabbuskori bo‘lgan kichik tadbirkorlarimizga, iqtisodiyotimiz lokomotiviga aylangan o‘rta biznes vakillariga, minglab ish o‘rinlari yaratib, odamlarimizni daromadli qilayotgan yirik korxonalar rahbarlariga, bozorlarimizga baraka olib kirayotgan klaster, fermer va dehqonlarimizga o‘zimning samimiy minnatdorchiligimni bildiraman.
Mana bugun ham bir guruh tadbirkorlarimizning mamlakatimiz taraqqiyotiga qo‘shgan hissasini yuksak e’tirof etib, ularning 44 nafarini orden va medallar bilan, 126 nafarini esa “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirladik.
Fursatdan foydalanib, ushbu e’tirofga sazovor bo‘lgan tadbirkorlarimizga yana bir bor chuqur tashakkur bildiraman va sizlarning saflaringiz kun sayin kengayib borishiga astoydil ishonaman!
Aziz vatandoshlar!
Bir narsani tan olish kerakki, yetti yillik sa’y-harakatlarimiz natijasida Yangi O‘zbekistonda yangi tadbirkorlar sinfi shakllandi.
Xabaringiz bor, bu yil – siyosiy tadbirlarga boy yil bo‘ldi. Boshlagan islohotlarimiz ortga qaytmas tus olishini kafolatlash maqsadida xalqimiz yangilangan Konstitutsiyani qabul qildi.
Eng muhimi, Bosh qomusimizda ilk bor qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini ta’minlash, mulk daxlsizligi, bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratish, sud mustaqilligi bo‘yicha davlat o‘ziga aniq majburiyatlar oldi.
Saylovoldi uchrashuvlarida aytilgan katta-katta marralarni ro‘yobga chiqarish uchun kelgusi yetti yillik islohotlarimiz dasturi loyihasi avgust oyi boshida keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Muhokamalarda bir milliondan ortiq taklif va mulohazalar bildirilgani, bunda tadbirkorlarimizdan yurtimizning kelgusi taraqqiyoti uchun muhim bo‘lgan ko‘plab yangi-yangi tashabbuslar kelib tushgani bizni albatta quvontiradi.
Shu bilan birga, biz barcha masalalarni hal qildik, deb ayta olmaymiz. Biznesga yangi-yangi imkoniyatlar yaratish, sharoitlarni yanada kengaytirish bo‘yicha hali oldimizda qiladigan ishlarimiz ko‘p.
Yaratganning bizga marhamat qilgan har bir kuni, barchamiz uchun yangi imkoniyat. Gap nima haqida ekanini tadbirkorlarimiz hammadan ham yaxshi tushunadilar. Bundan unumli foydalanib, imkoniyatni natijaga aylantirish uchun barchamiz tinimsiz izlanishimiz, yangi g‘oya va tashabbuslardan qo‘rqmasd́an, yanada ko‘proq mehnat qilishimiz kerak.
Hurmatli tadbirkorlar!
Ushbu muloqotimiz arafasida tadbirkorlarimizdan 6 mingga yaqin murojaat kelib tushdi. Ular ko‘targan asosiy masalalar – kredit va moliyaviy yordamni kengaytirish (jami murojaatlarning 26 foizi), biznesni joy va infratuzilma bilan ta’minlash (21 foiz), soliq tizimini soddalashtirish (10 foiz), tekshirishlar va ortiqcha byurokratiyani keskin qisqartirish (8 foiz) bilan bog‘liq.
Ushbu raqamlarni ko‘rib, bilasizlarmi, birinchi bergan savolim nima bo‘ldi? Nima uchun murojaatlar soni o‘tgan yilgidan kam? Lekin, taklif va tashabbuslar bilan birma-bir tanishib, bir narsaga amin bo‘ldim.
Oldingi ochiq muloqotlarga tayyorgarlik davomida ko‘tarilgan masalalarning 80 foizi individual xususiyatga ega bo‘lib, ko‘plari joyida hal qilingan edi.
Bu safar 70 foiz tadbirkorlarimiz tizimli muammolarni yechimlari bilan taklif qilishmoqda. Tadbirkorlarimiz faqat o‘ziga emas, balki butun sohaga naf keltiradigan masalalarni ko‘tarayotgani albatta quvonarli hol.
Ochiq muloqot natijalari bo‘yicha qabul qilinadigan qarorlarda bularning barchasi inobatga olinadi.
Endi sizlardan kelib tushgan takliflar asosida eng muhim yangi tashabbuslarga to‘xtalib o‘taman.
Birinchi yo‘nalish – kichik biznes uchun yangi imkoniyatlar
Ma’lumki, kichik biznes – bu mahallaga, tumanga yangi muhit olib kiradigan, odamlarimizga shij́oat beradigan katta kuchdir.
Iqtisodiyoti jadal rivojlanayotgan ko‘plab davlatlarda ish o‘rinlarining 70-80 foizi shu soha vakillari tomonidan yaratilmoqda. Barcha nufuzli kompaniyalar tarixi ham aynan kichik va o‘rta biznesdan boshlangan.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda mikro-biznes va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha katta amaliy ishlar qilindi. Dasturlar orqali mikro-biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga har yili 1 milliard dollardan ziyod mablag‘ yo‘naltiryapmiz. Natijada bugun har bir mahallada kamida 40-50 nafar yangi tadbirkor paydo bo‘lib, minglab doimiy ish o‘rinlari yaratilmoqda. Lekin kichik biznesni manzilli qo‘llab-quvvatlash, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish borasida bund́ay muhit hali to‘liq shakllanib ulǵurmadi, desak, adolatdan bo‘ladi.
Biz yil boshida kichik biznes toifasiga kimlar kirishini aniq belgilab oldik. Endi kichik tadbirkorlarning “oyoqqa turib olishi” va faoliyatini kengaytirishi uchun mutlaqo yangi yondashuvlarni joriy etamiz. Bunda ushbu soha vakillarini tadbirkorlikka o‘qitish, ularga loyiha tayyorlab berish, faoliyatini moliyalashtirish, mahsulotlariga bozor, biznesiga sheriklar topish bo‘yicha yaxlit eko-tizim yaratiladi.
Buning uchun, eng avvalo, “Qishloq qurilish bank”ni “Biznesni rivojlantirish banki”ga aylantiramiz. Ushbu yangi bankning faoliyati ham, ishlash uslubi va moliyalashtirish mexanizmlari ham yangicha bo‘ladi. Jumladan, bank huzurida har bir hududda jami 14 ta kichik biznes markazi tashkil etiladi.
Oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida tajriba orttirgan 500 mingdan ziyod mikro-biznes vakillari bor. Endi 9 ming 400 ta mahalladagi hokim yordamchilari o‘z hududida mikrodan kichik biznesga o‘smoqchi bo‘lgan 3-4 nafar tadbirkorni har oyda biznes markazlariga jalb qiladi.
Markazlar esa tashabbuskorlarning biznes loyihalarini ishlab chiqishga ko‘maklashadi, o‘z hisobidan yangi loyiha qilmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarni o‘qitadi, yangi loyihalarga zarur mutaxassislarni jalb qiladi, tadbirkorlar uchun buxgalteriya, soliq, audit, marketing, huquqiy va boshqa konsalting xizmatlarini ko‘rsatadi.
Ikkinchidan, hududlardagi Kichik biznes markazlarida o‘qigan tadbirkorlarning loyihalarini eng qulay shartlar asosida moliyalashtirish yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda kichik biznes loyihasining 10 foiziga tadbirkor investitsiya kirit́sa, 45 foiziga “Biznesni rivojlantirish banki”ning o‘zi, qolgan 45 foizi uchun davlat ko‘magida resurs yo‘naltiriladi.
Ushbu maqsadlar uchun bir “tadbirkorlik yili”da bankning o‘zi 500 million dollar olib keladi, davlat yana shuncha miqdorda mablag‘ ajratadi. Kreditlar tadbirkorlarga 5-7 yil muddatga imtiyozli shartlar asosida beriladi. Ushbu mablag‘larning 150 million dollari bo‘yicha kredit liniyalari 1 oktyabrdan ochiladi.
O‘z biznesini yo‘lga qo‘ya olgan, “kredit va soliq tarixi” toza bo‘lgan tadbirkorlarga faoliyatini yangi bosqichga olib chiqish uchun kredit olishda garov talabi 50 foizga kamaytiriladi.
Loyihani amalga oshirishda qo‘shimcha resursga ehtiyoji bor korxonalarga mavjud kreditga qo‘shimcha mablag‘ ajratishga ruxsat beriladi. Buning uchun yiliga qo‘shimcha 1 trillion so‘m ajratiladi. Shuningdek, loyiha doirasida olib kiriladigan asbob-uskunani sug‘urtalash, xomashyo va materiallarni sertifikatlash xarajatlari markazlar tomonidan qoplab beriladi.
Umuman, dasturda ishtirok etayotgan kichik biznes korxonalari faoliyatini uch yilgacha tekshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Uchinchidan, Kichik biznes markazlari ko‘magida loyiha tashabbuskori va yirik davlat korxonalari bilan kooperatsiya aloqalari o‘rnatiladi. Bunda yangi korxonalarda zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, xodimlar malakasini oshirish va mahsulotini realizatsiya qilishga Markazlar yordam beradi.
Shu bilan birga, ushbu korxonalarga davlat xaridlari tizimida o‘źi ishlab chiqargan mahsulotlarni 2 yil davomida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma bilan sotishga ruxsat beriladi.
To‘rtinchidan, Kichik biznes markazlarini boshqarishga xususiy sheriklar jalb qilinadi. Ushbu tadbirkorlarga “Biznesni rivojlantirish banki”ga hissador bo‘lib kirish huquqi beriladi.
Shuningdek, markazlarga xorijiy mutaxassislarni ham olib kelamiz. Bunda biznes-konsultant, muhandis-texnolog, dizayner, mehmonxona boshqaruvchisi, marketolog, agronom, veterinar, urug‘shunos kabi xorijdan jalb qilingan mutaxassislarga O‘zbekistonda ishlash uchun ruxsatnoma berish muddati hozirgi 1 yildan 3 yilga uzaytiriladi. Ishlashga ruxsatnoma to‘lovi esa hozirgi 10 million so‘mdan 330 ming so‘mga tushiriladi. Ularga hududiy mehnat organidan ishga jalb etish maqsadga muvofiq́ligi to‘g‘risida xulosa olish talab qilinmaydi.
Beshinchidan, yangi tizimni joriy etish bo‘yicha alohida qonun ham qabul qilamiz. Bunda markaz bilan hamkorlikda kichik biznes loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq barcha jarayonlar soddalashgan tartibda belgilanadi.
Albatta, bank ham, markaz ham yangi loyiha daromad keltirib, tadbirkor faoliyati rivojlanishidan manfaatdor bo‘lishi zarur. Shuning uchun, yangi kichik biznes loyihasi ishga tushgach, ikki yil davomida ulardan tushadigan barcha soliqlar “Biznesni rivojlantirish banki”ning aylanma mablag‘i uchun o‘tkazib beriladi. Ya’ni, tadbirkor qancha ko‘p daromad topishidan bank manfaatdor bo‘ladigan tizim yaratiladi.
Eng asosiysi, ushbu dasturda istalgan davlat banki va xususiy banklar ishtirok etishi, o‘zlari ham resurs jalb qilishi mumkin bo‘ladi. Banklarning dastur doirasida olgan foydasi soliq bazasidan chegirib tashlanadi. Shunda tadbirkorlard́a ham, banklarda ham manfaat va raqobat bo‘ladi. Buning uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi va boshqa xalqaro moliyaviy tashkilotlardan yana 500 million dollar jalb qilamiz.
Maqsadimiz – bir yil ichida kamida 150 mingta kichik biznes subyektini “oyoqqa turg‘izish”, kamida 25 mingtasini o‘rta korxonalarga aylantirish, sohada 250 mingta yangi doimiy ish o‘rni yaratishdan iborat.
Ikkinchi yo‘nalish – o‘rta biznes barqaror iqtisodiy o‘sish garovi
Hurmatli biznes vakillari!
Iqtisodiyotimizning yangi texnologiya va innovatsiyalarga asoslangan, sifatli hamda raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqaradigan muhim bo‘g‘ini bu – o‘rta biznes.
Lekin, hozir o‘rta biznes uchun sharoitlar yetarli emas, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Faqatgina Tadbirkorlik jamg‘armasi tijorat kreditlariga kafillik yoki kompensatsiya berib kelyapti. U ham barchaga emas.
Shu bois, biz kichik biznesdan o‘rta biznesga o‘tish istagida bo‘lgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham yangicha yondashuvlarni yo‘lga qo‘yamiz. Bu borada biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mavjud jamg‘armalarning faoliyati ham, ishlash usuli ham tubdan o‘zgaradi.
Endi Tadbirkorlik jamg‘armasi (J. Qo‘chqorov) xizmat ko‘rsatish bo‘yicha, “yashil” va energiya samarador loyihalarga moliyaviy yordam ko‘rsatishga, Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi (J. Xodjayev) esa sanoat loyihalari uchun mas’ul bo‘ladi.
Biz jamg‘armalarni boshqarishga malakali xorijiy menejerlarni olib kelamiz. Ushbu jamg‘armalar budjet mablag‘lari bilan cheklanib qolmaydi, ularga mustaqil investitsiya jalb qilish vakolati beriladi. Bu orqali kelgusi bir yilda ushbu jamg‘armalar o‘rta biznes uchun qo‘shimcha 1 milliard dollar mablag‘ olib keladi.
Birinchidan, biz “drayver” tarmoqlarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish uchun Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasini tashkil etib, dastlabki bosqichda unga 200 million dollar ajratdik.
Jamg‘armadan 1 sentyabrdan boshlab, yangi loyihalarni moliyalashtirish uchun xorijiy valyutada 5 foiz, milliy valyutada 10 foiz stavkada 10 yil muddatga kreditlar ajratiladi, sanoat korxonalariga 1 yil muddatgacha xorijiy valyutada 4 foiz, milliy valyutada 10 foiz stavkada aylanma mablag‘ taqdim etiladi.
Bunda olib kelinadigan asbob-uskuna uchun 15 foizlik avans to‘lovlari ham Jamg‘arma tomonidan kredit qilib beriladi, marketing, loyihalashtirish, xorijiy mutaxassis jalb qilish xarajatlarining 20 ming dollargacha qismiga kompensatsiya to‘lanadi.
Ikkinchidan, sanoat ipotekasi tizimi yo‘lga qo‘yilib, tadbirkorlarga “tayyor biznes” shaklida ishlab chiqarish maydonlari qurib beriladi. Jumladan, har bir viloyatda kamida 3 tadan yangi sanoat zonasi tashkil etiladi.
Bundan tashqari, sanoat zonalarida ishlab chiqarish obyekti ishga tushirilib, investitsiya majburiyatlari bajarilganidan so‘ng yer maydonlarini xususiylashtirishga ruxsat beriladi.
Uchinchidan, oxirgi yillarda katta-katta investitsiya dasturlarini amalga oshirish hisobidan mamlakatimizda 20 mingga yaqin zamonaviy uskunalarga ega korxonalar barpo etildi. Bularning yarmi – o‘rta korxonalardir.
Bu korxonalar faoliyatini kengaytirish uchun ularga yangi investor va brendlarni jalb qilishga ko‘maklashish zarur. Shu bois, endi agar korxona xorijiy brend va investor bilan kelishuvga erishsa, unga yangi tashkil qilingan Sanoat jamg‘armasi 25 foizgacha bo‘lgan kapitaliga sarmoya bilan kirishi mumkin bo‘ladi.
To‘rtinchidan, Tadbirkorlik jamg‘armasi iqtisodiyotimizning yana bir drayveri bo‘lgan xizmatlar sohasiga mas’ul bo‘ladi.
Jamg‘armaga salohiyatli o‘rta biznes korxonalariga hissador bo‘lib kirish vakolati beriladi. Buning uchun joriy yilda Jamg‘armaga qo‘shimcha 25 million dollar, kelgusi yilda yana 100 million dollar ajratiladi.
Shu bilan birga, Jamg‘arma tomonidan o‘rta biznes uchun xorijiy valyutadagi kreditlarga ham kafillik beriladi. Jamg‘arma turizm, savdo va servis sohalarida “xizmatlar ipotekasi” tizimini joriy qiladi.
Endi mehmonxona, restoran, savdo kompleksi, avtoturargoh, yoqilg‘i shoxobchasi, kemping kabi obyektlarning tayyor loyihalari tadbirkorlarga taklif etiladi.
Shuningdek, Jamg‘arma tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish obyekti uchun yer sotib olish, bino-inshootlar qurish va aylanma mablag‘i uchun ham resurs ajratadi. Shu bilan birga, korxonalarda yashil texnologiyalarni joriy qilish uchun xorijiy hamkorlarimizdan 100 million dollar jalb qilinadi.
Ana shu ikkita yangi tizim 1 oktyabrdan to‘laqonli ishga tushiriladi va kelgusi bir yilda o‘rta biznesda sanoat sohasida 2 mingta va xizmatlar bo‘yicha 10 mingta yangi loyihalar moliyalashtiriladi.
Agar birgalikda astoydil ishlasak, ushbu yangi imkoniyatlar hisobidan qo‘shimcha 1 milliard dollarlik xizmatlar, 5 milliard dollarlik yangi mahsulotlarni ishlab chiqarish, 350 mingta yangi ish o‘rnini bemalol tashkil qila olamiz.
Uchinchi yo‘nalish – yangi bozorlarga sifatli va raqobatbardosh mahsulot bilan kirish
Aziz do‘stlar!
Shubhasiz, so‘nggi yillarda bunga e’tibor qaratib, ishlab chiqarish hajmini 1,5 barobar oshirganimiz iqtisodiyotimizda yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minladi.
Bir narsani to‘g‘ri tushunish kerak. Biz ayrim mamlakatlar kabi neft-gaz resurslarini sotish hisobidan yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlay olmaymiz.
Bizning neftimiz ham, gazimiz ham bu – siz kabi tashabbuskor va ishbilarmon tadbirkorlar xomashyod́an yaratayotgan yuqori qiymatli va sifatli mahsulotlardir.
Shu bois, mahsulotlarimiz – tashqi bozorlarda sifatli, talabgorligi yuqori va raqobatbardosh bo‘lishi kerak. Ana shunday natijaga erishish uchun ishlab chiqarishni mut́laqo yangi bosqichga olib chiqib, keskin o‘sish qilishimiz zarur.
O‘tgan yilgi ochiq muloqotda “Yangi O‘zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturini boshlagan edik. Dastur doirasida 100 ta yetakchi eksportchi korxona tanlab olinib, ularga kredit, soliq, bojxona bo‘yicha alohida rejim joriy qilindi. Natijada joriy yilda bu korxonalar eksporti 1,5 barobar ko‘payib, 1,2 milliard dollarga yetkaziladi.
Umuman, eksportni qo‘llab-quvvatlash hisobidan so‘nggi to‘rt yilda bunday korxonalar soni 4,5 mingtadan 7,2 mingtaga ko‘paydi, chetga sotilayotgan mahsulot turlari 1,5 mingtadan 3 mingtaga oshib, geografiyasi 139 ta mamlakatdan 164 taga kengaydi, tashqi bozorlarga tayyor mahsulot sotish hajmi 2 barobar, bunda tovarlar eksportidagi ulushi esa 50 foizdan 65 foizga oshdi.
Shu bilan birga, xalqaro maydondagi vaziyat hisobiga logistika xarajatlari 3-4 marta oshib ketdi. Shu bois, biz eksportchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlashni izchil davom ettiramiz. Ular uchun moliyaviy imkoniyatlarni yanada kengaytirishimiz zarur.
Bunda logistika xarajatlarini kompensatsiya qilishga qo‘shimcha 100 million dollar yo‘naltiramiz. Shuningdek, mahsulotlarni xorijda sertifikatlash, xalqaro standartlarni joriy qilish va bu borada mutaxassis tayyorlashga yana 25 million dollar ajratiladi.
Biz “Yangi O‘zbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” dasturini joriy yilda ham davom ettiramiz va dastur bilan qamrab olinadigan korxonalar sonini 500 taga yetkazamiz. Ular uchun dasturdagi barcha imtiyozlar saqlab qolinadi.
Eksportni kengaytirish bo‘yicha yana bir katta imkoniyat – bu nufuzli xorijiy brendlarni mamlakatimizga jalb qilish hisoblanadi. Misol uchun, yillik bozori 100 milliard dollardan oshadigan dunyoning eng mashhur 50 ta brendi korxonalarimiz bilan ishlashga katta qiziqish bildirmoqda.
Topshirig‘imga ko‘ra, ishchi guruhi Ispaniya, Germaniya, Polsha, Turkiyaning yirik brendlari bilan muzokaralar o‘tkazib keldi. Ular mahalliy korxonalarimizga 3 milliard dollarlik buyurtma berishga hozirning o‘zida tayyor. Bunday imkoniyat bizda hech qachon bo‘lmagan. Buning uchun ular so‘rayotgan 3 ta eng katta masalani hal qilib beramiz. Bu borada birinchi navbatda, ishlab chiqarishga xalqaro standartlar, ekologiya va sertifikatlash talablarini joriy qilamiz. Buning uchun mahalliy korxonalarimiz mutaxassislarini ularning talabi asosida o‘qitamiz.
Ikkinchidan, mahalliy korxonalardagi ishchilarga munosib mehnat sharoitlarini yaratib beramiz.
Uchinchidan, brendlarning mahsulotlarini olib kirish va eksport qilish uchun qulay bojxona rejimini joriy qilamiz.
Yirik brendlarni jalb qilgan korxonalarga 500 million so‘mdan grant ajratiladi. Misol uchun, Germaniyaning “Diyzel” brendini jalb qilgan Namangandagi “Fazman tekstil” korxonasi rahbari Ne’mat Fathiddinov hamda AQSHning “Nayk” brendini jalb qilgan Andijondagi “Sino interneyshnl” korxonasi rahbari Fan Rongxuanga bugun birinchi bo‘lib ushbu grantni berishni taklif qilaman.
O‘ylaymanki, xalqaro bozorga chiqmoqchi bo‘lgan tadbirkorlarimiz bu takliflarni qo‘llab-quvvatlaydi.
To‘rtinchi yo‘nalish – yuqori daromadli korxonalarni ko‘paytirish
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Bugungi uchrashuvda yangi bir tashabbusni ilgari surmoqchiman.
Xalqaro konsultantlarni jalb qilgan holda, elektrotexnika, to‘qimachilik, charm-poyabzal, zargarlik, qurilish materiallari, mebelsozlik, polimer, kimyo va oziq-ovqat sanoati bo‘yicha 140 ta tayyor loyiha ishlab chiqildi.
Bugun sizlarga ushbu 140 ta ilg‘or sanoat korxonasi loyihalari taqdimot qilindi. Ushbu loyihalarning jami qiymati 10 milliard dollarga teng bo‘lib, ularda 60 mingta ish o‘rnini yaratish, yiliga 5 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish hamda 2,5 milliard dollarlik eksport qilish ko‘zda tutilgan.
Mazkur 140 ta loyiha elektron platformaga qo‘yilib, tadbirkorlarga ochiq-oshkora shartlar asosida taklif qilinmoqda. Bu yerda o‘tirgan tadbirkorlar orasida dasturda ishtirok etishga kim qiziqish bildirsa, hozirning o‘zida ular bilan shartnoma tuzishga tayyormiz. Ularga joyi ham, mablag‘i ham, infratuzilmasi ham hozirning o‘zida hal qilib beriladi.
Dasturga kirgan korxonalarga Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan 10 yil muddatga past foizli kreditlar ajratiladi.
Kelgusi yil ochiq muloqotda ushbu loyihalarni birgalikda albatta ishga tushiramiz.
Beshinchi yo‘nalish – sodda soliq ma’murchiligi va byurokratiyasiz qulay muhit
Qadrli do‘stlar!
Mamlakatimizda tadbirkorlar qancha ko‘p bo‘lsa, ular yanada ko‘proq daromad ko‘rsa, davlatimiz ham shuncha boy bo‘ladi. Sizlardek shijoatli, ishbilarmon, tashabbuskor va fidoyi tadbirkorlarimiz safi bir necha karra kengayishidan barchamiz birdek manfaatdormiz.
Shu bois, biz tadbirkorlarga soliq yukini ko‘paytirish emas, balki ularni qo‘llab-quvvatlash orqali soliq bazasini kengaytirish hisobidan budjetga tushumlarni oshirish yo‘lidan boryapmiz.
O‘tkazilgan so‘rovlarda 62 foiz tadbirkorlarimiz soliq sohasidagi islohotlarimizni ijobiy baholagan. Lekin, biznes vakillari soliq tizimidan, soliqchilar faoliyatidan qanchalik rozi?
Murakkab soliq ma’murchiligi, biznesga ortiqcha aralashish va tizimdagi korrupsiyá holatlarining barchasidan xabarim bor. Endi bu tizimni tubdan isloh qilib, soliq idoralari xodimlari yondashuvlarini butunlay o‘zgartiramiz. Soliq ma’murchiligi ham soddalashadi.
Birinchidan, hozirgi tadbirkorlarni xavf guruhiga kiritish tizimi yopiq bo‘lib, intizomli soliq to‘lovchilar ham qaysidir hamkori qachonlardir xato qilgan bo‘lsa, uning uchun ham javob bermoqda.
O‘tkazilgan so‘rovlarda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilarning 70 foizi ushbu soliqni qaytarishda soliq uzilishi koeffitsiyentini qo‘llash, ya’ni “tax-gap” tizimi adolatsiz ekanini bildirgan. Soliq tizimidagi korrupsiya bilan bog‘liq shikoyatlar haddan tashqari ko‘payib ketgani ham aynan “tax-gap” bilan bog‘liq.
Endi, 1 oktyabrdan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarishda soliq uzilishi koeffitsiyentini qo‘llash amaliyotini, ya’ni “tax-gap”ni bekor qilamiz.
Shu bilan birga, Savdo-sanoat palatasi, Biznes-ombudsman soha vakillari bilan birga tadbirkorlarning ochiq-oshkora reytingini joriy qiladi. Bunda kelgusi yil 1 yanvardan boshlab, reytingi yuqori korxonalar barcha turdagi soliq tekshiruvlaridan ozod qilinadi, ularga qo‘shilgan qiymat solig‘ining ortiqcha qismi bir kunda qaytarib beriladi, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi guvohnomasini vaqtinchalik to‘xtatib turish amaliyoti bekor qilinadi.
Ikkinchidan, kameral nazorat “soliqchining quroli” emas, balki tadbirkorga xatosini ko‘rsatib, uni to‘g‘irlashga yordam beradigan jarayon bo‘lishi kerak.
Hozirda esa kameral nazorat to‘laqonli soliq tekshiruviga aylanib ketgani sir emas va bu korrupsiyaga ham yo‘l ochib beryapti.
Endi kameral nazoratda tadbirkordan hujjat talab qilish yoki uni idoraga chaqirishni qat’iyan taqiqlaymiz.
Umuman, soliqchilar o‘z dunyoqarashini o‘zgartirib, mahalladagi katta imkoniyatlarni ishga solishi, faqat va faqat tadbirkorlarga sharoit qilib berishlari lozim bo‘ladi.
Shuningdek, alohida ochiq-oshkora platforma yaratib, soliqchilar ko‘rsatgan xizmatlar sifatiga tadbirkorlarning o‘zi baho beradigan tizimni yo‘lga qo‘ysak, nima deysizlar?
Uchinchidan, hozirgi vaqtda soliqqa oid bitta huquqbuzarlik uchun tadbirkor sifatida moliyaviy jarima, jismoniy shaxs sifatida ma’muriy jarima qo‘llanmoqda.
Endi bunday amaliyot bekor qilinadi.
Umuman, tadbirkorlarga qo‘llanayotgan jarimalar ular faoliyatining to‘xtab qolishiga sabab bo‘lmasligi zarur. Shu nuqtai nazardan, uch oyda barcha moliyaviy sanksiyalar qayta ko‘rib chiqilib, adolatli me’yorlar belgilanadi.
To‘rtinchidan, tadbirkorning soliq idoralari bilan bo‘ladigan barcha nizolarini ma’muriy sud vakolatiga o‘tkazamiz. Shuningdek, tadbirkorlarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri sudga shikoyat qilishidagi har qanday cheklovlarni olib tashlaymiz.
Soliq bo‘yicha tadbirkorlarga nisbatan da’vo kiritish muddati hozirgi 5 yildan 3 yilga tushiriladi. Bundan tashqari, soliq yoki kredit qarzini undirish bo‘yicha sud qarori chiqarilganida, penya va foizlar hisoblash to‘xtatiladi.
Beshinchidan, hozirgi kunda tadbirkorlar 140 dan ortiq hisobot doirasida 8 mingga yaqin ko‘rsatkichlarni 16 ta davlat idorasiga topshirishga majbur. Oqibatda 500 ming tadbirkor har yili bunday turli hisobotlarni tayyorlashga 300 milliard so‘m sarflamoqda.
Shu bois, 2024-yil 1-yanvardan boshlab bir-birini takrorlovchi va eskirgan hisobotlar tugatiladi, barcha hisobotlarni yagona elektron tizim orqali taqdim etish yo‘lga qo‘yilib, ularning qog‘oz shakli bekor qilinadi.
Yana bir masalaga e’tiboringizni qaratmoqchiman.
Klaster tizimiga o‘tganimiz qisqa vaqt ichida qishloq xo‘jaligida keskin o‘zgarishlar qilishga zamin yaratdi, desak, bu ham haqiqat. Xususan, o‘tgan olti yil ichida bir gektardan olinadigan paxta hosili 26 sentnerdan 34 sentnerga yetdi. Ayniqsa, Andijon, Buxoro, Namangan, Samarqand, Qashqadaryo, Xorazm va Toshkent viloyatlarida 40 sentnergacha hosil olinmoqda.
Paxta tolasini qayta ishlash 2,5 barobar oshib, 100 foizga yetkazildi, ip-kalava ishlab chiqarish – 2,2 barobar, tayyor mahsulot – 5 barobar ortdi.
Kelgusi yilda sohadagi eksportni 1,5 barobar ko‘paytirib, 2022-yildagi 3,2 milliard dollar o‘rniga 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha katta marra olganmiz.
Hozirgi vaqtda paxta to‘qimachilik klasterlarida 600 mingga yaqin aholi doimiy daromad olib, mehnat qilmoqda.
O‘tgan yilgi paxta hosili bo‘yicha jahon bozori bilan ichki bozordagi tola narxi o‘rtasida katta tafovut bo‘lgani oqibatida klasterlarimiz 6 trillion so‘m zarar ko‘rganidan xabarim bor. Shu vaziyatni hisobga olib, klasterlarning 3 trillion so‘m kredit qarzdorligini bir yilga uzaytirib berdik.
Biz ushbu moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada kengaytiramiz. Jumladan, klasterlarning aylanma mablag‘lari uchun bir yarim yil muddatga 3 trillion so‘m kredit ajratiladi.
Bundan tashqari, paxta va sun’iy tolani olib kelishda transport xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi, xomashyo, bo‘yoq va kimyoviy vositalar, furnitura, sovutish tizimlari va aksessuarlar uch yil muddatga bojxona bojidan ozod qilinadi.
Hurmatli tadbirkorlar!
Shu o‘rinda sizlarga alohida murojaat qilmoqchiman.
So‘nggi yetti yildagi soliq islohotlarimiz, tadbirkorlarga berilgan yengillik va imtiyozlar natijasida ularning ixtiyorida 120 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ qoldi.
Mana bugun ham juda katta qulayliklar berilyapti.
Xalqimizda “qars ikki qo‘ldan chiqadi”, degan gap bor. Hozirgi kunda mamlakatimizda “xufiyona iqtisodiyot”ning ulushi 40 foiz atrofida.
Biz to‘g‘ri ishlayotgan, ish o‘rni yaratayotgan, ilg‘or texnologiyalar joriy qilib, yangi mahsulotlarni o‘zlashtirayotgan, eksportini oshirayotgan biznes vakillari uchun barcha sharoitlarni yaratib berishga tayyormiz. Lekin, soliqlardan qochib, o‘zining majburiyatlarini bajarmasdan kelayotgan qo‘shtirnoq ichidagi tadbirkorlarga, biz albatta murosasiz bo‘lamiz.
Birovning haqqiga xiyonat Yaratganga ham xush kelmaydi.
Shu bois, tadbirkorlarimiz o‘zlari ham bosh bo‘lib, bunday “nopok” ishbilarmonlar saflarida bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasa, o‘ylaymanki, “xufiyona iqtisodiyot” ulushini bir necha karra qisqartiramiz.
Aziz va muhtaram vatandoshlar!
Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida har bir yil ulkan dastur va loyihalarni amalga oshirish davri bo‘lib qolmoqda.
Shu ma’noda, kelgusi yillar uchun belgilab olgan reja va dasturlarimizni amalga oshirish albatta oson bo‘lmaydi. Buni ham ochiq aytishimiz kerak. Lekin, hayot sinovlarida toblangan, so‘zida ham, ishida ham qat’iy sizlardek mard va tashabbuskor tadbirkorlarimiz bor ekan, biz albatta ko‘zlagan marralarimizga erishamiz.
Oldingisi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti amaliy tashrif bilan Vengriyaga boradi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning taklifiga binoan joriy yil 19-20-avgust kunlari amaliy tashrif bilan Budapesht shahrida bo‘ladi.
18.08.2023Keyingisi
O‘zbekiston Prezidenti Vengriyaga jo‘nab ketdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning taklifiga binoan 19-avgust kuni amaliy tashrif bilan ushbu mamlakatga jo‘nab ketdi.
19.08.2023