T.Narbayeva: masofaviy ta’lim shaklini, uning texnologiyalarini ta’limning barcha bosqichlarida rivojlantirish lozim

Xabar berilganidek, bugun bo‘lib o‘tayotgan Oliy Majlis Senatining oltinchi yalpi majlisida “Ta’lim to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Parlament yuqori palatasi Raisi mazkur Qonundagi ayrim jihatlarga hamda mamlakatimizda ta’lim tizimidagi ba’zi muammo va kamchiliklarga e’tibor qaratdi.

- Avvalo, ushbu Qonun ta’lim sohasidagi islohotlarimizning mustahkam huquqiy asosi bo‘lib xizmat qilishini unutmaslik kerak, - dedi Senat Raisi T.Narbayeva. - Qolaversa, ta’lim sifati, u qaysi bosqichda, qanday shaklda, kim tomonidan berilmasin, eng ustuvor mezon bo‘lishi shart. Ta’limda, ayniqsa, umumiy o‘rta ta’lim bosqichida kasbga o‘rgatishga jiddiy qarash lozim. Kasbga tayyorlash tizimi uyg‘un va moslashuvchan bo‘lishi kerak. Zamon talabi, ya’ni mehnat bozori talabidan kelib chiqib bolalarimizni zamonaviy kasblarga tez va sifatli tayyorlashimiz kerak

Masofaviy ta’lim shaklini, uning texnologiyalarini ta’limning barcha bosqichlarida rivojlantirishimiz lozim. Yil boshidan beri davom etib kelayotgan pandemiya mamlakatimizda masofaviy ta’lim tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish zaruratini ko‘rsatdi.

Masofaviy ta’lim berish bo‘yicha o‘qituvchi va murabbiylar ko‘nikmalarining yetarli emasligi, o‘quvchi va o‘qituvchi o‘rtasidagi qayta aloqa mexanizmining yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganligi, respublikaning uzoq hududlariga yuqori tezlikdagi simli internet tarmog‘ining yetib bormaganligita’lim sifatini tushirmoqda. Shu bois Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi Axborot texnologiyalari va kommunika-tsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda mamlakatimizda masofaviy ta’lim tizimini rivojlantirish kontseptsiyasini ishlab chiqishi maqsadga muvofiq.

Yana bir jihat. Ta’lim tizimini, ayniqsa oliy ta’limni korruptsiya illatidan butkul xalos etish lozim. Tahlillarga ko‘ra, oliy ta’limda korruptsiya holatlari deyarli barcha bosqichlarda - talabalikka qabul qilishdan tortib, o‘qish jarayonidagi sinovlar, talabalarning o‘qish joyini ko‘chirishgacha bo‘lgan bosqichlarda keng tarqalgan. Bu kabi holatlar ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatibgina qolmay, mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarining xalqaro reytingdagi o‘rnini ham tushirmoqda.

Qolaversa, bugungi kunda birorta ham oliygohimiz dunyodagi kuchli 1 000 ta universitetlar reytingiga kira olmagan. Respublikamizdagi eng katta oliygoh - O‘zbekiston milliy universiteti ham jahonning 30 mingga yaqin oliy o‘quv yurtlarining global reytingini tuzuvchi Vebometriks xalqaro reytingida 3 971-o‘rinni, boshqa reytinglarda esa 4 080-o‘rinda turadi.

Shuning uchun ham Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspektsiyasi bilan birgalikda jahon universitetlari reytinglarida respublikamiz oliy o‘quv yurtlari o‘rnini oshirish bo‘yicha jiddiy choralarni ko‘rishlari lozim.

Manba