Yangi Andijon afsonaviy shahar bo‘ladi

Aholi zich joylashgan Andijon viloyatida uy-joy masalasi dolzarb. Shu bois Prezidentimiz viloyatga avvalgi tashrifi chog‘ida Andijon tumanidagi adirliklarda yangi shahar qurish tashabbusini ilgari surgan edi.

Shundan so‘ng, turkiyalik mutaxassislar bilan birgalikda loyiha ishlab chiqilib, shu yil 12 aprel kuni taqdimot qilingan edi. Davlatimiz rahbari uy-joylarni puxta loyihalashtirish, hududda ko‘proq bog‘ va xiyobonlar tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar bergandi.

 17-iyun kuni ushbu yangi shahar qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘ldi. Unda nuroniylar, yoshlar, jamoatchilik faollari ishtirok etdi.

 Prezident Shavkat Mirziyoyev bu qurilishni xalqimiz bunyodkorligini namoyon etadigan tarixiy voqea deb atadi.

- Andijondagi uy-joy muammosini hal qilish uchun ikki-uch yildan beri o‘zimni qiynayman. Chunki yer kam, uylarga talab yillar davomida to‘planib qolgan edi. Bir xonadonda bir nechta kelin qaynonasi bilan yashayotgan oilalar ko‘p. Shuning uchun uzoqni o‘ylab, yangi shahar qurishga kirishdik. Bu yerda 130 mingdan ortiq xonadonli ko‘p qavatli uylar barpo etiladi, 450 mingdan ziyod aholi yashaydi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Umumiy maydoni 4 ming gektar bo‘lgan yangi shaharning 2 ming gektar qismida uy-joylar, ijtimoiy ob’ektlar, sanoat zonalari, xizmat va servis ob’ektlari quriladi. Prezidentimizning ko‘rsatmasiga muvofiq, yana qariyb shuncha maydonda yashil hudud barpo etiladi.

Yangi shahar loyihasi 8 ta bosqichda amalga oshiriladi. Uning kommunikatsiya tarmoqlarini boshlash uchun joriy yilda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 100 million dollar ajratiladi. Bunda 33 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i, 52 kilometr avtomobil yo‘li, 18 kilometr elektr va 27 kilometr gaz tarmoqlari quriladi.

Birinchi bosqichda 3 ming 310 ta kvartirali 170 ta ko‘p qavatli uy-joy, 1 ming 680 o‘rinli maktab, 385 o‘rinli bog‘cha, 200 qatnovli poliklinika quriladi. Shahar qurilishi davrida 10 mingdan ortiq, keyin esa sanoat, savdo, ijtimoiy va xizmat ko‘rsatish sohalarida jami 100 mingga yaqin doimiy ish o‘rinlari yaratiladi.

Davlatimiz rahbari Andijon Zahiriddin Muhammad Bobur voyaga yetgan zamin ekani, andijonliklar bilimi va matonati bilan katta ishlarga qodirligini ta’kidladi.

- Bugun mana shunday ulkan bunyodkorlik ishlariga kirishar ekanmiz, avvalo mard va olijanob xalqimiz qudratiga, ajdodlarimizning boy bilimi va tajribasiga, mehnatkash, bir so‘zli va tanti Andijon ahlining azmu shijoatiga suyanamiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shundan so‘ng Prezidentimiz yangi shahar qurilishiga tamal toshi qo‘ydi.

- Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor. Shu kunlarga yetganimizga shukur. Umid qilamanki, Yangi Andijon xalqimiz baxtli, farovon yashaydigan obod maskan bo‘ladi. Bu tarixiy voqea bilan, xayrli marosim bilan butun Andijon halqini chin yurakdan tabriklayman, - deya ta’kidladi Prezident.

Marosimda mehnat faxriylari, quruvchilar so‘zga chiqdi.

Qiyoslash uchun misol: Andijon viloyati bo‘yicha 2016-yilgacha 4 ming 846 ta oila uchun yakka tartibdagi bir-ikki qavatli uylar qurilgan. Oxirgi 5 yilda esa 11 ming kvartirali ko‘p qavatli hamda 4 ming 400 ta yakka tartibdagi uylar qurildi. Joriy yilda 6 ming 346 xonadonli 271 ta ko‘p qavatli, shuningdek, ipoteka asosida 2 ming 500 ta yakka tartibdagi uylar barpo etilmoqda.

Manba