2021-yil 31-avgust kuni istiqlolimizning o‘ttiz yilligiga bag‘ishlab bunyod etilgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘i va Mustaqillik monumentining tantanali ochilish marosimi bo‘ldi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
- Bugun barchamiz, ko‘pmillatli butun xalqimiz jonajon Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz yillik qutlug‘ bayramining quvonchi va shukuhi bilan yashamoqdamiz. Azal-azaldan obod shahar va qishloqlar, bog‘u rog‘lar, betakror madaniy obidalar bunyodkori sifatida shuhrat qozongan mehnatkash va olijanob xalqimiz pandemiya va global iqtisodiy inqiroz ta’siriga qaramasdan, ushbu tarixiy sanani munosib mehnat zafarlari, ulkan yutuq va g‘alabalar bilan kutib olmoqda, - dedi davlatimiz rahbari.
Ushbu boqqa joriy yil 1-may kuni ilk ko‘chatlar ekilgan edi. Tarixchi olimlar, ijodkor ziyolilar, nuroniylar va yoshlar bilan maslahatlashib, “Yangi O‘zbekiston” majmuasining g‘oyaviy va me’moriy yechimlariga alohida e’tibor qaratildi.
Agar yuqoridan nazar tashlansa, bog‘ning shakli ulkan daraxtning beshta shoxiga o‘xshaydi. Bu Harakatlar strategiyasining beshta ustuvor yo‘nalishini ramziy ma’noda ifoda etadi.
Bu go‘zal bog‘da poytaxtimiz aholisi, barcha hududlarimiz va xorijdan keladigan mehmonlar yayrab dam olishi, oilasi, farzandlari bilan birga mazmunli hordiq chiqarishi uchun barcha zamonaviy sharoitlar yaratilmoqda. Sun’iy ko‘l, sport maydonchalari, bolalar o‘yingohlari, amfiteatr, favvoralar, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, hunarmandchilik do‘konlari tashkil etilmoqda.
Bog‘ning markaziy qismida muhtasham badiiy obida – Mustaqillik monumenti barpo etildi.
- Biz bugun Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik bayramini keng nishonlayapmiz. Lekin aslida, O‘zbekiston hududidagi milliy davlatchilik tarixi 3 ming yildan ziyod davrni tashkil etadi. Bu jahon fanida e’tirof etilgan ilmiy haqiqatdir. Ushbu monumentni yaratishda mana shu konseptual g‘oyani yorqin ifoda etishga harakat qildik, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ma’lumki, el-yurtimiz o‘zining qadimiy o‘tmishi davomida shonli voqealarni, turli sinov va qiyinchiliklarni, zafarli davrlar bilan birga, fojiali kunlarni ham boshidan kechirgan. Mustaqillik monumentida bular badiiy aks ettirilgan.
- O‘tmishdagi yutuq va g‘alabalaridan kuch-quvvat olib, xato va mag‘lubiyatlaridan xulosa va saboq chiqarib yashaydigan xalq o‘zining taraqqiyot yo‘li va kelajagini to‘g‘ri belgilay oladi. Shu sababli, biz ushbu yodgorlik timsolida O‘zbekistonimizning qadimgi tarixidan boshlab to bugungi kunga qadar yuz bergan eng muhim voqealarni muhrlashga qaror qildik, - dedi Prezidentimiz.
Majmuada buyuk sarkarda va jahongirlar, alloma va mutafakkirlar, jadid bobolarimizning o‘lmas siymolari aks ettirilgan. O‘zbekistonning sobiq mustabid tuzum davridagi og‘ir va mashaqqatli hayoti, qatag‘on siyosati, xalqimizning Ikkinchi jahon urushida ko‘rsatgan jasorat va matonati ta’sirchan lavhalarda ifodalangan.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov rahbarligida xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lini aks ettirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Yodgorlik yurtimizda yangi O‘zbekistonni – uchinchi Renessans poydevorini yaratish g‘oyasi bilan uyg‘un holda barpo qilingani ayniqsa ahamiyatlidir. Unda milliy davlatchiligimizning ramzi bo‘lgan Sohibqiron Amir Temur saltanatining moviy gumbazi, yulduzlar olamiga qarab yuksalgan Mirzo Ulug‘bek rasadxonasi, dunyo ilm-fani va sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ mutafakkir bobolarimizning eng nodir ilmiy kashfiyotlari o‘zining bor mahobati va shukuhi bilan ko‘z oldimizda yaqqol namoyon bo‘lib turibdi.
Tinchlik va erkinlik, ezgulik va farovonlik timsoli bo‘lgan, ko‘kda mag‘rur parvoz qilayotgan Humo qushi tasviri monumentning eng yuqori qismida – bamisoli uning gultoji bo‘lib o‘rin egallagan.
- Mustaqillik monumenti ona Vatanimiz, mard va jasur, tinchliksevar va mehnatkash, qahramon xalqimiz sharafiga bunyod etilgan buyuk obida sifatida qad rostladi. Monument poyiga bitilgan: “Xalqimiz tarixida ezgu iz qoldirgan barcha ajdodlarimiz doimo qalbimizda”, degan chuqur ma’noli so‘zlar ota-bobolarimiz xotirasiga bugungi avlodlarning yuksak hurmat va ehtiromini anglatadi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Marosimda nuroniylar, fan va madaniyat namoyandalari so‘zga chiqib, barchani ushbu voqea bilan tabrikladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev jamoatchilik vakillari bilan birga Mustaqillik monumentini ochdi. Majmua poyiga gular qo‘yildi.
Oldingisi
Shavkat Mirziyoyev: Ularning aybi - buyuk bo‘lgani
Prezident Shavkat Mirziyoyev 31-avgust kuni erta tongda Shahidlar xotirasi xiyoboniga tashrif buyurdi.
31.08.2021