O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akromjon Ne’matov kecha «2021 yil avgustidan keyingi Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlik masalalari» mavzusidagi xalqaro anjumanda Afg‘onistonni mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalarga yanada faol jalb etish muhimligini ta’kidladi.
Shu munosabat bilan, Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligini ta’minlashda asosiy bo‘g‘in sifatida ushbu mamlakatning tarixiy rolini qaytarish uchun mo‘ljallangan yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish ustuvor vazifa bo‘lishi kerak, deya ta’kidladi ekspert.
Akromjon Ne’matovning so‘zlariga ko‘ra, bunga erishida Markaziy Osiyo mintaqasida mutlaqo yangi siyosiy ishonch va o‘zaro manfaatli hamkorlik muhiti vujudga kelgani, Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan strategik sheriklik darajasining oshgani yordam bermoqda. O‘zbekistonning konstruktiv va pragmatik tashqi siyosati tufayli Markaziy Osiyodagi vaziyat tubdan o‘zgardi, mintaqada xavfsizlik va barqaror rivojlanish muammolarini birgalikda hal etish, Yevroosiyoning ulkan mintaqasi farovonligining kaliti bo‘la oladigan transmintaqaviy loyihalarni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda.
SMTI vakili ta’kidlaganidek, Mozori-Sharif–Kobul–Peshovar, Termiz-Mozori-Sharif–Hirot–Choxbahor temir yo‘llari, Turkmaniston–Afg‘oniston–Pokiston–Hindiston gaz quvuri, Surxon–Puli–Humri elektr uzatish tarmog‘ining qurilishi ulkan siyosiy va iqtisodiy istiqbolga ega. Ushbu loyihalar aholi uchun muqobil daromad manbalarini yaratadi va natijada ijtimoiy masalalarni hal qilishga yordam beradi. Bundan tashqari, bu Afg‘onistondagi tinchlik jarayoniga yirik sarmoya ham bo‘ladi.
Shu bilan birga, «taklif etilayotgan loyihalar ulkan iqtisodiy manfaatlar manbaini ifodalaydi, ular tomonlarning Afg‘onistonda xavfsizlikni o‘rnatishga qiziqishini oshiradi, bu loyihalar mintaqani barqarorlashtirishga qodir», - deya xulosa qildi Akromjon Ne’matov.
Eslatib o‘tamiz, tadbir 14 dekabr kuni Markaziy Osiyo xalqaro instituti tomonidan A.Gorchakov nomidagi jamoatchilik diplomatiyasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi va «Markaziy Osiyo maktabi» ilmiy-ta’lim dasturi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda Markaziy Osiyo mamlakatlari, Rossiya va Ozarbayjondan 90 nafarga yaqin mutaxassis va olim, ilmiy tadqiqotchi va talabalar qatnashdi.