Bobur Usmanov: O‘zbekiston va Misr barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish uchun foydalanilmagan ulkan salohiyatga ega

Misr poytaxti Qohira shahrida bo‘lib o‘tgan «O‘zbekiston va Misr: hamkorlik istiqbollari» mavzusidagi davra suhbatida  so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori o‘rinbosari Bobur Usmonov ikki tomonlama munosabatlarning jadal rivojlanish omillarini  tahlil qilib berdi.

Birinchidan, davlat rahbarlari o‘rtasidagi shakllangan ishonchli do‘stlik rishtalari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi turli sohalardagi aloqalarni yanada kengaytirishda muhim o‘rin tutadi,- dedi SMTI vakili.

Uning ta’kidlashicha, ikki davlat prezidentlarining 2018 yildagi uchrashuvi tarixiy  ahamiyatga ega. Muzokaralar natijasida erishilgan kelishuvlar siyosiy, xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, madaniy, ilm-fan, turizm kabi sohalardagi hamkorlikni jadal rivojlantirishga mustahkam zamin yaratdi.

Shuningdek, 2022 yil fevral oyida Pekin shahrida o‘tkazilgan qishki Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi doirasida ikki mamlakat raxbarlarining navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Ikkinchidan, mutaxassis xulosasiga ko‘ra, tomonlarning savdo-iqtisodiy aloqalari ham yil sayin rivojlanib bormoqda. Masalan, 2021 yilda o‘zaro savdo aylanmasi 33,9 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2022 yil yakuniga ko‘ra bu ko‘rsatkich 37,3 million dollarga yetdi. 

bugungi kunda misrlik ishbilarmonlar ishtirokida O‘zbekistonda 12 ta qo‘shma korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Lekin, Usmonovning aytishicha, mamlakatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarning bugungi ko‘rsatkichlari va hajmi har ikki tomonni ham mutlaqo qoniqtirmaydi. “Holbuki, savdo hajmini yaqin yillarda o‘n barobargacha oshirish uchun bizda barcha imkoniyat va zahiralar mavjud”, - deya ta’kidladi u.

Uchinchidan, SMTI direktori o‘rinbosari fikricha, bugungi kunda tashqi bozorlarga tez va qulay tarzda chiqishni ta’minlovchi transport yo‘laklarini rivojlantirish davlatlar o‘rtasidagi savdo-sotiq hajmini oshirishda muhim omil sanaladi.

Jumladan, O‘zbekiston Misr mahsulotlarini Markaziy Osiyo bozorlariga, Misr esa o‘zbek tovarlarini Afrika qit’asi bozorlariga olib chiqishda o‘ziga xos ko‘prik vazifasini bajarishi mumkinligiga urg‘u berildi.

Bu o‘rinda Usmonov xalqaro suv yo‘lagi sifatida Misrning Suvaysh kanalining ahamiyatini, xususan, undagi iqtisodiy zona O‘zbekiston mahsulotlarini jahon bozoriga olib chiqishni yengillashtirishga imkon berishini alohida qayd etdi.

To‘rtinchidan, SMTI vakilining tahliliga ko‘ra, ikki davlat xalqaro maydonda bir-birlarini diplomatik jihatdan faol ko‘llab-quvvatlab kelmoqda.  Misr va O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT), Islom hamkorlik tashkiloti (IHT), Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT) kabi xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Shuningdek SMTI eksperti so‘nggi yillarda madaniy-gumanitar sohadagi aloqalarga ham to‘xtalib o‘tdi. Misrning Al-Azhar universiteti va boshqa ilmiy muassasalari bilan O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi, Imom Buxoriy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida faol hamkorlik o‘rnatilgani qayd etildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston va Misrda bo‘lib o‘tgan yirik xalqaro darajadagi tadbirlarda ikki mamlakat vakillari faol qatnashib kelmoqdalar. Xususan, 2021 yilda Toshkent shahrida o‘tkazilgan «Markaziy va Janubiy Osiyo: Mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar» xalqaro konferensiyasida Qohira strategik tadqiqotlar markazi vakillari ishtirok etdi. 

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, ekspert O‘zbekiston va Misr hamkorligi ulkan salohiyatga ega ekanligini yana bir bor ta’kidladi. Uning fikricha, bugungi kunda xalqlarimiz o‘rtasidagi tarixan yaqin aloqalardan foydalangan holda savdo-iqtisodiy, transport, madaniy-gumanitar hamkorlik sohalarida o‘zaro manfaatli strategik loyihalarni ishlab chiqish uchun keng imkoniyat mavjud.

Ma’lumot uchun: Davra suhbati joriy yilning 18 fevral kuni  O‘zbekiston Respublikasining Qohiradagi elchixonasi tomonidan Misrning “Hivar” siyosiy va axborot tadqiqotlar markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Unda ikki mamlakatning yetakchi tahlil va ilmiy-tadqiqot tuzilmalarining 45 dan ortiq ekspertlari hamda diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari muzokaralar doirasida O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbolini atroflicha tahlil qilib, o‘zaro aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olishdi.

O‘zbekiston tomonidan uchrashuvda Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Markaziy Osiyo xalqaro instituti, TIV huzuridagi Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi hamda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari qatnashdi.

Manba