Tadbirda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori o‘rinbosari Bobur Usmanov so‘zga chiqib, ikki davlat siyosiy munosabatlariga alohida urg‘u berdi.
Mutaxassisning fikricha, O‘zbekiston va Misr bir-biridan uzoq masofada joylashganiga qaramay, ularni tarixiy va madaniy mushtaraklik, samimiy do‘stlik rishtalari birlashtirib turadi. “Eng asosiysi – bizning munosabatlarimizda siyosiy to‘siqlar yo‘qligidir”, - dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Misr – arab davlatlari orasida birinchilardan bo‘lib, mamlakatimiz mustaqilligini tan olgan davlat sifatida tarixga kirgan. O‘zbekiston Misr bilan xalqaro maydonda ilk diplomatik aloqalarni yo‘lga qo‘ygan davrdan boshlab, to hozirgi vaqtga qadar ishonchli hamkor ekanligini namoyon etdi.
“Movarounnahr va Misr diyorida yashab ijod qilgan buyuk bobokalonlarimizning noyob ilmiy-ma’rifiy merosi va asarlari nafaqat xalqlarimizning, balki butun musulmon olamining bebaho boyligi sanaladi”, – deya ta’kidladi Usmonov.
“Buyuk ajdodimiz Ahmad Farg‘oniy Misrda yashab, misli ko‘rilmagan kashfiyotlarni amalga oshirgan. Qohira shahrida, Nil bo‘yida uning sharafiga o‘rnatilgan haykal tomonlar o‘rtasidagi azaliy do‘stlikning yorqin ramziga aylangan”, - qo‘shimcha qildi ekspert.
SMTI direktori o‘rinbosarining fikricha, O‘zbekiston Misrni nafaqat Afrika mintaqasida va xalqaro maydondagi muhim hamkori, balki arab va musulmon olamidagi yetakchi mamlakatlardan biri deb biladi. Qayd etilishicha, ikki tomonlama munosabatlar asrlar osha mustahkam do‘stona aloqalar, chuqur hurmat va o‘zaro manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslanadi.
Shuningdek, ikki davlatningmintaqaviy va global masalalarga yondashuvlari bir-biriga yaqinligiga alohida urg‘u berildi. Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Misrning Yaqin Sharq muammosini tinch yo‘l va diplomatik vositalar orqali hal etish borasidagi amaliy va adolatli siyosatini qo‘llab-quvvatlaydi.
“Misr o‘z navbatida O‘zbekistonning Afg‘onistonda mustahkam tinchlik va barqarorlik o‘rnatish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini va Toshkentning diplomatik faolligini mintaqada xavfsizlikni ta’minlashda muhim omil deb biladi”, – deya xulosa qildi mutaxassis.
Ma’lumot uchun: Davra suhbati O‘zbekiston Respublikasining Qohiradagi elchixonasi tomonidan Misrning “Hivar” siyosiy va axborot tadqiqotlar markazi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Unda ikki mamlakatning yetakchi tahlil va ilmiy-tadqiqot tuzilmalarining 45 dan ortiq yetakchi ekspertlari hamda diplomatik korpus vakillari ishtirok etmoqda.
Tadbir ishtirokchilari muzokaralar doirasida O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbolini atroflicha tahlil qilish va o‘zaro aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olishni rejalashtirgan.
Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Markaziy Osiyo xalqaro instituti, TIV huzuridagi Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi hamda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi rahbarlari va mutaxassislari qatnashmoqda.
Keyingisi
Bobur Usmanov: O‘zbekiston va Misr barcha yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish uchun foydalanilmagan ulkan salohiyatga ega
Misr poytaxti Qohira shahrida bo‘lib o‘tgan «O‘zbekiston va Misr: hamkorlik istiqbollari» mavzusidagi davra suhbatida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori o‘rinbosari Bobur Usmonov ikki tomonlama munosabatlarning jadal rivojlanish omillarini tahlil qilib berdi.
19.02.2023