Eldor ARIPOV: “Muloqot orqali biz “muzni eritdik”, ishonchsizlik inqirozini yengib o‘tdik”

Shu kunlarda Istanbulda Turkiyaning “Marmara guruhi” strategik va ijtimoiy tadqiqotlar jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan “Ishonchsizlikka barham berish, hamkorlik o‘rnatish” shiori ostida 26-Yevrosiyo iqtisodiy sammiti bo‘lib o‘tmoqda.

Anjumanda 44 davlatdan 300 ga yaqin siyosatchi, diplomat, olim va ishbilarmon to‘plangan.

Oliy martabali ishtirokchilar orasida Turkiyaning 11-prezidenti Abdulla Gul, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, Qora dengiz iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (QDIHT)  Bosh kotibi Lazar Komanesku, Albaniya, Sloveniya, Mo‘g‘uliston, Ruminiya, Xorvatiya, Tunis, Moldova, Chexiya singari davlatlar sobiq rahbarlari bor.

Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an sammit ishtirokchilariga tabrik bilan murojaat yo‘lladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov “Yangi tartib oqibati” (“Effects of the new order”) mavzusidagi majlisda ma’ruza qildi.

Tadbir kun tartibidan mamlakatlarning inklyuziv va barqaror rivojlanishi, global ta’minot zanjirini yaratish, “yashil iqtisodiyot”ni ilgari surish, iqlim o‘zgarishi, yoshlar siyosati va ayollar huquqi bilan bog‘liq masalalar muhokamasi o‘rin olgan.

E.Aripov tadbir ishtirokchilariga Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan tashqi siyosat, O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash borasidagi tashabbuslari haqida so‘zlab berdi.

Mutaxassis ta’kidlaganidek, “Markaziy Osiyo yaqin-yaqingacha, ta’bir joiz bo‘lsa, qo‘shnilar qanday qilib o‘zaro aloqa qilmasliklari va do‘st bo‘lmasliklari mumkinligi borasida boshqalarga namuna bo‘lgan. Bu salbiy holat, ayniqsa, muzlatilgan savdo, yopiq chegaralar va transchegaraviy suvdan foydalanish masalalaridagi kelishmovchilik tarzida yaqqol namoyon edi”.

SMTI rahbari fikricha, davlatimiz yetakchisi umumiy muammolarni biz uchun hech kim hal qilib bermasligini ta’kidlab, oqilona, o‘zaro maqbul murosani birgalikda izlashga chaqirgach, vaziyat keskin o‘zgardi. Barcha mamlakatlar sa’y-harakati tufayli do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro manfaatli sheriklik tamoyili asosida eng murakkab masalalar ham muvaffaqiyatli hal etila boshlandi.

– Natijada biz “muzni eritdik” va Markaziy Osiyodagi ishonchsizlik inqirozini yengib o‘ta oldik, – deydi  ekspert.

Nizo yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan omillar bartaraf etilishi mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashirishga kuchli turtki berdi. 2016 yildan buyon hududiy tovar ayirboshlash miqdori 2.4 barobar oshdi. Markaziy Osiyo mamlakatlari sanoat kooperatsiyasini rivojlantira boshladilar. Ko‘p tomonlama sarmoya jamg‘armalari tuzildi, birgalikda gidrotexnik inshootlar qurila boshladi. Davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari mexanizmi ishga tushirilib, qisqa vaqt ichida konstruktiv muhokama yuritish, umumiy muammolarni kelishib hal etish uchun samarali maydonga aylandi.

Xulosa qilar ekan, mamlakatimiz vakili bugungi kunda xalqaro hamjamiyat duch kelayotgan masalalar murakkab va bir-biri bilan chambarchas bog‘liq ekanini, hech bir davlat muammolarni o‘zi hal qila olmasligini ta’kidladi. Hozir o‘tmishdagi xatolarni takrorlamaslik, yangi ajratuvchi chiziqlar paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, muloqotni to‘xtatmaslik nihoyatda muhimligiga e’tibor qaratdi.

Bu borada O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan umumiy xavfsizlik va farovonlik yo‘lidagi Samarqand birdamligi tashabbusi alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu g‘oya global muloqotni yo‘lga qo‘yish, zamonamizning eng dolzarb muammolari bo‘yicha birgalikda kelishilgan yechimlar izlash uchun samarali platforma yaratish maqsadini ko‘zlaydi, dedi Eldor Aripov.

Manba