Joriy yilning 24-26 mart kunlari O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi bo'lib o'tdi.
Abu-Dabida bo'lib o'tgan muzokaralarni SMTI direktori o'rinbosari Sanjar Valiev qisqacha sharhlaydi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklariga ilk rasmiy tashrifi, albatta, davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan dunyoning yetakchi davlatlari va mintaqalariga qator tarixiy tashriflar majmuasini to’ldiruvchi yana bir muhim siyosiy xodisa bo'ldi.
O’zbekiston rahbarining Abu-Dabi va Dubayda, Birlashgan Arab Amirliklari valiahd shahzodasi, Birlashgan Arab Amirliklari Qurolli Kuchlari Bosh qo'mondoni o'rinbosari shayh Muhammad bin Zoid al Nahayyon bilan, Bosh vazir o'rinbosari, Birlashgan Arab Amirliklari ichki ishlar vaziri shayh Saif bin Zoid al Nahayyon bilan hamda Birlashgan Arab Amirliklari vitse-prezidenti, Bosh vazir, Dubay amiri shayh Muhammad bin Rashid al Maqtum bilan olib borgan muzokaralari natijalari O'zbekiston-Amirlik munosabatlarida yangi davr boshlanganligidan dalolat beradi.
Investitsiyalar, moliya, muqobil energiya, sanoat va infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xo'jaligi, bojxona ma'muriyati va boshqa sohalarda hamkorlik to'g'risida imzolangan hujjatlarning umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq bo’lib, ular ikki mamlakat o'rtasida uzoq muddatli o'zaro manfaatli aloqalar uchun mustahkam asos yaratadi.
Bugungi kunda BAA moliyaviy-iqtisodiy sohadagi muvaffaqiyatlari ularni izchillik bilan nafaqat Yaqin Sharq mintaqasida, balki xalqaro miqyosda ham muhim siyosiy ishtirokchi sifatida tanitmoqda. Mamlakat atrof mintaqalarda bir qator nizolarni bartaraf etishda muhim rol o'ynamoqda va gumanitar yordam ko’rsatishga katta hissa qo'shmoqda. Shuningdek, Abu Dabi mamlakat iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va uning neftga qaramligini kamaytirish borasida ajoyib natijalarga erishdi. 2018 yilda mamlakatning nominal yalpi ichki mahsuloti 400,9 milliard dollarni tashkil etdi. “Doing Business” global raqobatbardoshlik reytingida Birlashgan Arab Amirliklari mintaqada birinchi va jahonning 190 ta iqtisodiyoti orasida 11-o'rinni egalladi.
O'zbekiston uchun bunday yutuqlarga erishgan mamlakatlar bilan o’zaro hamkorlik olib borish ko'plab sohalarda keng siyosiy va iqtisodiy imkoniyatlarni ochib beradi va Toshkentning arab-musulmon dunyosi bilan tashqi aloqalarini izchil kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi.
Mamlakatimizning BAAga bo'lgan qiziqishi bir qator omillarga bog'liq.
Birinchidan, investitsion hamkorlikni aloxida ta’kidlash joiz. Ma’lumki, Birlashgan Arab Amirliklari nafaqat o'zining investitsion jozibadorligi, balki mintaqaning yetakchi moliyaviy markazi sifatida ham tanilgan.
Masalan, “Mubadala” kabi yirik investitsiya fondi qariyb 230 milliard dollarga teng aktivlarga ega. 2017 yilda BAAning xorijga to'g'ridan-to'g'ri amalga oshiriladigan xorijiy investitsiyalari 14 milliard dollarga yetdi. Ularning 40 foizi Osiyo mamlakatlariga yo'naltirilgan.
Ikkinchidan, Markaziy-Sharqiy Osiyoda trans-mintaqaviy transport-kommunikatsiya loyihalarining “Sharq-G'arb” yo'nalishida ruyobga chiqarilishi doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlikning har tomonlama jadallashuvi uchun katta istiqbollar ochilmoqda.
Shu nuqtai nazardan, iqtisodiyoti Yaqin Sharqda ikkinchi yirik soha sifatida tanilgan Amirliklar turli xil o'zbek tovarlarini eksport qilish uchun istiqbolli bozorlardan biri hisoblanadi. 2017-yilda Amirliklarga tovarlar importining umumiy hajmi 278 milliard dollarni tashkil etdi, shu jumladan 16,4 milliard dollarni BAA faqatgina oziq-ovqat mahsulotlari importiga sarfladi.
O'zbekiston Markaziy Osiyodagi 33 million iste'molchiga ega eng yirik bozor hisoblanishi nuqtai nazaridan qaraganda, rivojlangan sanoat bazasi va mehnat resurslarining yuqori salohiyatiga ega mamlakatimiz mintaqada Birlashgan Arab Amirliklarining asosiy iqtisodiy hamkoriga aylanishi mumkin.
Uchinchidan, har ikki mamlakat sayyohlik sohasida o'zaro hamkorlik qilish uchun cheksiz salohiyatga ega. Rivojlangan infratuzilma va xizmat ko'rsatishning yuqori darajasiga ega bo’lgan Birlashgan Arab Amirliklari dunyodagi eng mashhur sayyohlik yo’nalishlaridan biri hisoblanadi. Har yili qariyb 3,5 million kishini tashkil etuvchi sayyohlik safarlari hajmi bo’yicha mamlakat mintaqadagi yetakchi o'rinlardan birini egallaydi.
Shu jihatdan boy madaniy va tarixiy me’rosi, qulay iqlim sharoiti va ichki rivojlanishi barqaror bo'lgan O'zbekiston Amirliklar aholisi uchun eng avvalo mamlakatga "ziyorat turizmi" ni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo’lgan istiqbolli turizm manzilidir. Yaqinda qabul qilingan ushbu mamlakat fuqarolariga O'zbekistonga kirish vizalarini bekor qilish to'g'risidagi qaror BAAdan turistik oqimning jadal o'sishiga yordam beradi.
Umuman olganda, O'zbekiston Prezidentining tashrifi biz uchun ahamiyatli bo’lgan mintaqaning asosiy davlati bilan yuqori darajadagi aloqalarni o'rnatish imkoniyatlarini yanda kengaytiradi. Kelishuvlarda ko’zda tutilgan reja va maqsadlarning samarali amalga oshirilishi ikki tomonlama aloqalarni sezilarli darajada kuchaytirishni nazarda tutadi. Bunday say-harakatlardan mamlakatlarimiz xalqlari manfaatlari uchun davlatlararo aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi ikki davlat rahbarlari o'rtasidagi muloqotning muntazamligini ishonch bilan kutishimiz mumkin.