Savdo-iqtisodiy hamkorlik O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashning harakatlantiruvchi kuchidir

Shu kunlarda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga amalga oshirgan davlat tashrifi shubhasiz, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarib, ularga yanada izchil tus berdi.

Davlat rahbarlari sammitining samarali yakunlari  O‘zbekiston-Qozog‘iston munosabatlari tarixiga muhrlanishi shubhasiz. Oliy darajadagi  muzokaralar kun tartibi keng ko‘lam kasb etib,  har tomonlama o‘zaro manfaatli  hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid  keng doiradagi masalalarni qamrab olgani ham buni tasdiqlaydi.  

Tashrif davomida davlatlararo munosabatlarning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha salmoqli hujjatlar paketi imzolandi.  Shu bilan birga,  rahbarlar  an’anaviy tarzda o‘z e’tiborlarini  O‘zbekiston va Qozog‘iston  o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashning harakatlantiruvchi kuchi hisoblangan savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratdi.  

Qiymati 7 milliard dollardan oshadigan yangi bitim va shartnomalar imzolangani  ham muzokaralarning yuqori samaradorligidan dalolat beradi. Ikki davlat rahbarlari energetika, transport va  logistika, metallurgiya, to‘qimachilik, agrar va  qurilish sohalari bo‘yicha hamda hududlar o‘rtasida yirik qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga  oshirishga start berdi. Bundan tashqari, kelgusi yillarda tovar ayirboshlash hajmini 10 milliard dollarga yetkazish  maqsadida joriy yil avgustiga qadar o‘zaro bozorlarni shakllantirish va mavjud cheklovlarni bartaraf etishga qaratilgan Kompleks dastur ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.    

Shu nuqtai nazardan,   Qozog‘iston O‘zbekistonning uchta eng yirik hamkorlaridan biri ekanini ta’kidlash joiz. So‘nggi 7 yil ichida mamlakatlarimiz  o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2,5 baravardan ortib, 2023 yil  yakunida 4,5 milliard dollarni tashkil etdi. Bunday ijobiy dinamikani hisobga olgan holda tovar ayirboshlash darajasini 10 milliard dollarga yetkazish mumkin.  

Ayni damda, har ikki mamlakat ham  iqtisodiy o‘zaro hamkorlikning yangi shakllarini  yaratish bo‘yicha sa’y-harakatlarni  olib bormoqda.  

2023 yilning mart oyida   Qozog‘iston  va O‘zbekiston  o‘rtasida «UzKazTreyd» MCHJ  tashqi savdo kompaniyasi tashkil etildi. Ushbu eksport-import korxonasi muassislari «QazTrade» savdo siyosatini rivojlantirish  markazi» AJ va «O‘zTreyd» AJlar  bo‘ldi.  

O‘zbekiston va Qozog‘iston  o‘rtasidagi ishlab chiqarish  hamkorligini rivojlantirish maqsadida muzokaralar chog‘ida ikki mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardosh ustunliklaridan foydalanish va bir-birini to‘ldirishga asoslangan yangi sanoat kooperatsiyasi strategiyasini qabul qilish zarurligi qayd etildi.  

Bu ishlab chiqarish sohasi uchun  raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish, qimmat importni mahalliy mahsulotlarga almashtirish uchun shart-sharoit yaratadi, qo‘shma mahsulotlarni uchinchi davlatlar bozoriga olib chiqish bo‘yicha umumiy sa’y-harakatlar samaradorligini oshiradi va umuman, mamlakatlarimiz iqtisodiyotlarining  o‘zini-o‘zi ta’minlashini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shadi.  

Xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazini  ishga tushirishni jadallashtirish bo‘yicha kelishuvga erishilgani  bu boradagi muhim amaliy qadamlardan bo‘ldi. Markaz nafaqat yangi ishlab chiqarishlarni  rag‘batlantiradi, balki yuk tashish  samaradorligini oshiradi,  yuklarni yetkazib berishni  jadallashtirib, logistika  harajatlarini kamaytiradi.  

Mamlakatlarimiz iqtisodiyoti bir-birini to‘ldirayotgani iqtisodiy hamkorlikning yangi shakllariga e’tibor qaratgan holda sarmoyaviy hamkorlik ko‘lami oshib borayotgani va o‘zaro manfaatli sheriklikning istiqbolli “o‘sish nuqtalari”ni topishda ham  yaqqol namoyon bo‘lmoqda.  

Xususan, so‘nggi yillarda qozog‘istonlik sarmoyadorlarning O‘zbekistonga  bo‘lgan qiziqishi sezilarli darajada ortdi. 2017 yildan boshlab  Qozog‘istondan  mamlakatimizga  kiritilgan investitsiyalar hajmi  23 barobar, ya’ni 10 million dollardan 2023 yilda 230 million dollargacha oshdi. Ayni damda O‘zbekistondagi Qozog‘iston korxonalari soni ham  ortib bormoqda. 2016 yilga nisbatan  ularning soni  qariyb besh barobarga oshdi (1100 dan ortiq).

Shu jihatdan tomonlarning ikki davlatning  o‘zaro manfaatlariga javob beradigan va  uzoq muddatli o‘zaro manfaatli hamkorlikka intilishga asoslangan davlatlararo munosabatlarning yangi dinamikasini aks ettiradigan yangi istiqbolli loyihalarni  moliyaviy qo‘llab-quvvatlash  bo‘yicha Qo‘shma jamg‘arma tashkil etish masalasi ustida ishlashga tayyorligi alohida e’tiborga molik.  

Qayd etish joizki,  bugungi kunda ikki mamlakat tomonidan  umumiy qiymati 3 milliard dollarga teng 70 ga yaqin loyiha amalga oshirilmoqda. Ularda 14 mingdan ziyod ish o‘rni  yaratilishi ko‘zda tutilgan.  

Davlatlar rahbarlari  huhudlararo hamkorlikni kengaytirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratdi. Unda Forumni  hududlar  kengashiga aylantirish va unga barcha viloyatlar va markaziy shaharlarni jalb etish muhim qarorlardan biri bo‘ldi. Yangi mexanizm  ikki mamlakatning savdo-iqtisodiy, sanoat, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi  ko‘p qirrali o‘zaro hamkorligini rivojlantirish katalizatori bo‘lib xizmat qilishga qaratilgan.  

Shu bilan birga, tomonlar mintaqaviy ahamiyatga molik strategik loyihalar, jumladan Qambarota GES-1 qurilishini jadallashtirish muhimligini ta’kidladi. Bu  ko‘p qirrali  mintaqaviy loyiha bo‘lib,  Markaziy Osiyoda barqaror  rivojlanishni ta’minlash uchun  energetika va suv resurslarini birgalikda o‘zlashtirishga qaratilgan.  

Umuman olganda, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga  davlat tashrifi yakunlari juda samarali bo‘ldi. Erishilgan  kelishuvlar va imzolangan  bitimlar  ikki tomonlama o‘zaro hamkorlikni  sifat jihatidan yangi bosqichga  ko‘tarish uchun  mavjud salohiyatdan foydalanishga bo‘lgan o‘zaro intilishdan dalolatdir.  

Tomonlarning savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorligini yanada  mustahkamlash bo‘yicha belgilangan rejalari mamlakatlarimiz iqtisodiyotining o‘zini-o‘zi ta’minlash uchun katta turtki bo‘lishi va  butun Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror  rivojlanishiga ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz.    

Azamat Sulimanov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i

Manba