Qurilish sohasidagi islohotlar natijadorligi ko‘rib chiqildi

 

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-iyul kuni arxitektura va qurilish sohasidagi islohotlar natijalariga oid taqdimot bilan tanishdi.

Mamlakatimizda bunyodkorlik ko‘lami yil sayin kengaymoqda. Uzoqni o‘ylab, hududlarda urbanizatsiya jarayoni amalga oshirilyapti. Qishloq joylarda ham qurilish ishlari jadal.

Bular, albatta, sohani takomillashtirish, shaffoflikni ta’minlash, ipoteka bozorini rivojlantirishni taqozo etadi. Oxirgi uch yilda shu masalalar bo‘yicha Prezidentning qirqqa yaqin qarori qabul qilindi.

Bu sa’y-harakatlarning izchil davomi sifatida davlatimiz rahbarining 2020-yil 13-martdagi farmonida qurilish sohasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, byurokratik to‘siqlarni kamaytirish, barcha bosqichlarda shaffoflikni ta’minlash, innovatsion ishlanmalar va ilg‘or axborot texnologiyalarini keng qo‘llash chora-tadbirlari belgilangan edi.

Qurilish vazirligi oldiga 337 ta shaharsozlik qoida va normalaridan joriy yilda 60 tasini yangilash vazifasi qo‘yilgan. Yil boshida vazirlikda Qurilishda texnik me’yorlash markazi tashkil etilib, unga 15 nafar malakali mutaxassis olingan. Hozirda 33 ta yangi shaharsozlik qoida va normalari ishlab chiqilgan.

Yig‘ilishda bu boradagi ishlarni jadallashtirish uchun ilg‘or tajribaga ega xorijiy kompaniyani jalb etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Prezidentimiz sohada korrupsiya va “xufiyona iqtisodiyot” holatlarini keskin tanqid qilib, qurilish tenderlarini o‘tkazish va pudrat tashkilotlarini tanlash jarayonlarini raqamlashtirish zarurligini ta’kidladi.

Bugungi kunda mamlakatimizda 32 mingta pudrat tashkiloti bor. Joriy yil 1-sentabrga qadar qurilish korxonalarining moliyaviy ko‘rsatkichlari, to‘lov qobiliyati, davlat xaridlari, ishchi-xodimlar malakasi kabi ma’lumotlarni qamrab oluvchi yagona platformani ishga tushirish vazifasi qo‘yildi. Bu platforma 1-noyabrga qadar Toshkent shahrida, keyingi yil boshidan respublika bo‘yicha joriy etiladi. Unga elektron mehnat daftarchasi tizimi ham integratsiya qilinadi.

Tahlillarga ko‘ra, so‘nggi ikki yilda davlat dasturlari doirasida 3 mingdan ziyod qurilishdan atigi 182 tasida tender o‘tkazilgan. Chunki tender jarayonlari murakkab va unda narx arzonligi birlamchi. Qurilish tashkilotining malakasi, sifat masalasi past o‘rinlarda qolib ketgan.

Shu bois keyingi yildan boshlab, yangi axborot tizimiga kiritilgan va reytingi yuritiladigan qurilish-pudrat korxonalariga mablag‘ ajratilishi belgilandi.

Qurilish sohasida mualliflik, texnik va davlat nazoratini takomillashtirish borasida alohida qaror qabul qilib, barcha sharoitlar yaratib berilgan. Endigi vazifa – nazoratni hozirgidek qo‘lda emas, balki IT-texnologiyalarni joriy qilgan holda amalga oshirish kerakligi ta’kidlandi.

Mutasaddilarga bir oy muddatda qurilish korxonalari va ob’ektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasini shakllantirish vazifasi yuklatildi.

Joriy yil 1-avgustdan boshlab Toshkent shahrida, keyingi yil boshidan boshqa hududlarda qurilishda aniqlangan barcha kamchiliklar fotosuratlari bilan tizimga onlayn kiritiladi va nazorat jarayonlari avtomatlashtiriladi.

Quruvchi tashkilot yoki fuqarolarga qurilish jarayoni tartiblari va shartlari haqida to‘liq ma’lumotlarni istalgan vaqtda olish imkoniyatini beruvchi onlayn tizim ishga tushiriladi.

Barcha shaharsozlik qoida va normalari interaktiv ko‘rinishga o‘tkazilishi, loyiha-smeta hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha barcha jarayonlarni raqamlashtirish hamda ekspertiza xulosalarini yagona bazada saqlashni yo‘lga qo‘yish kerakligi qayd etildi.

Bu choralar mamlakatimizda qurilishga ruxsat berish jarayonini 254 kundan 84 kunga qisqartirish, ushbu jarayonlardagi tartib-taomillarni 17 tadan 5 taga kamaytirish, tadbirkorlar va fuqarolarning bu ishlarga sarflanadigan vaqtini 67 foizgacha qisqartirish imkonini beradi.

Yig‘ilishda mutasaddilar qurilish sohasini raqamlashtirish, ochiqlikni ta’minlash, shaharsozlik qoida va normalarini yangilash borasidagi ishlar bo‘yicha taqdimot qildi.

Manba