2020-yilning 15-sentyabr kuni «BMT-ayollar» tuzilmasi tashkil topganligining 10 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro konferentsiya bo‘lib o‘tdi.
Videomuloqotda Oliy Majlis Senati Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva ishtirok etdi.
Nufuzli anjumanda mazkur tuzilmaga a’zo davlatlarning milliy tashkilotlari rahbarlari, 170 dan ortiq mamlakatning ko‘zga ko‘ringan yetakchi ayollari, parlament a’zolari, taniqli siyosatchilar qatnashdilar.
Forumda gender tenglik hamda ayollarning siyosiy va iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, davlat va jamiyat ishlaridagi o‘rnini kuchaytirish masalalari muhokama etildi.
O‘zbekiston tomoni yurtimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoyalash, ularning mamlakatimiz siyosiy hamda ijtimoiy-iqtisodiy hayotida faol ishtiroki hamda gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi.
Bunda dunyo miqyosida davom etayotgan pandemiya sharoitida ayollarni har tomonlama himoya qilish, ularning iqtisodiy faolligini tiklash, ijtimoiy jihatda ko‘mak berish masalalariga urg‘u berildi.
Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi faoliyati haqida so‘z yuritilib, pandemiya sharoitida xotin-qizlar bandligini ta’minlash va ularga tadbirkorlik uchun shart-sharoitlarini yaratish, bolali ayollar ijtimoiy himoyasini kuchaytirish kabi vazifalarga yurtimizda ustuvor ahamiyat qaratilayotgani ta’kidlab o‘tildi.
Shuningdek, oiladagi zo‘ravonlik holatlari kamayish uchun amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar natijasida erishilayotgani yutuqlar haqida so‘z yuritildi.
Xotin-qizlarning ta’lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish bo‘yicha aholining ijtimoiy jihatdan zaif qatlamlariga mansub qizlar uchun maxsus kvotalar kiritilgani forumda alohida qayd etildi.
O‘zbekistonda pandemiya sharoitida ayollar bandligi va o‘zini o‘zi band qilish sohasida axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan kengroq foydalanish, qishloq joylarida xotin-qizlarning AKT va biznes sohasidagi iqtisodiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha ko‘lamdor dasturlar amalga oshirilayotgani haqida so‘z yuritildi.
Xalqaro forumning xorijiy ishtirokchilari O‘zbekistonning koronavirus infektsiyasi tarqalishining oldini olish, aholi, ayniqsa xotin-qizlar bandligini ta’minlash bo‘yicha milliy dasturlari samaradorligini alohida e’tirof etdilar. Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda izchil amalga oshirilgan islohotlar tufayli O‘zbekiston pandemiya bilan bog‘liq inqirozga muvaffaqiyatli qarshi turib, uning oqibatlarini yengib bormoqda.
Videokonferentsiya yakunida ishtirokchilar tomonidan tegishli tavsiyalar qabul qilindi.