Germaniyadan O‘zbekistonga insonparvarlik yordami keldi

Mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi tashabbusi bilan «Friedensdorf International» xalqaro xayriya tashkiloti bilan hamkorlikda O‘zbekistonning tibbiy va ijtimoiy muassasalarini koronavirusga qarshi kurashishda qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan, texnogen falokatdan aziyat chekkan Sirdaryo viloyatiga yordam berishga qaratilgan insonparvarlik aksiyasi o‘tkazildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.

Aksiya doirasida to‘plangan tibbiyot jihozlari, nogironlar aravachalari, dori-darmonlar, turli xil tibbiyot asbob-uskunalari, materiallar va himoya vositalaridan iborat umumiy og‘irligi 2,8 tonnadan ortiq bo‘lgan gumanitar yuk O‘zbekistonga yuborildi. Insonparparvarlik ko‘magi 27-iyul kuni «Uzbekistan Airways» AJ charter reysi bilan   Frankfurt-Mayn shahridan Toshkentga yetkazib berildi.

Gumanitar yuk «Sog‘lom avlod uchun» jamoat fondi nomiga yuborildi.  Fond O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan holda insonparvarlik yordamining to‘g‘ri taqsimlanishini taʼminlaydi.

«Friedensdorf International» xalqaro xayriya tashkiloti 1967-yil tashkil etilgan. U hozirda dunyoning 35 dan ortiq mamlakatida faoliyat yuritadi. 12 yoshgacha bo‘lgan bemor bolalarni davolash va reabilitatsiya qilishda yordam berish tashkilotning asosiy vazifasi hisoblanadi. Tashkilot har yili Germaniya klinikalarida dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan 1 ming 500 dan ortiq bolani bepul davolaydi va reabilitatsiya qiladi.

«Friedensdorf International» va «Sog‘lom avlod uchun» jamg‘armasi 2002-yildan beri O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilib kelmoqda. O‘tgan davr mobaynida, “Friedensdorf International”  yordamida 300 dan ortiq o‘zbekistonlik bola Germaniyada bepul davolandi.

Bunday tadbirlar yiliga ikki marta o‘tkaziladi. Davolanish va reabilitatsiya kurslaridan o‘tgan bolalar o‘z vataniga qaytib keladi va yana davolanishga muhtoj bolalar Germaniyaga yuboriladi. Ayni paytda o‘zbekistonlik 16 nafar bola Germaniyaning turli klinikalarida davolanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 20-23-yanvar kunlari Germaniyaga rasmiy tashrifi doirasida «Friedensdorf International»  xalqaro xayriya tashkiloti mamlakatimiz bolalari salomatligini saqlashda faol ishtirok etgani uchun O‘zbekiston Respublikasining II darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan mukofotlangan edi.

«Friedensdorf International» mazkur insonparvarlik yuki bilan bir qatorda Germaniyada davolangan o‘zbekistonlik bolalar uchun maxsus dori-darmonlarni ham yubordi.

«Friedensdorf International» gumanitar loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Klaudiya Peppmyuller, “Dunyo” AAning Berlindagi  muxbiriga bergan intervyusida koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq  cheklovlar tufayli yuzaga kelgan qiyinchiliklarga qaramay, mazkur insonparvarlik aksiyasi amalga oshirilganidan mamnunligini aytdi.

— Hozirgi vaqtda koronavirusning tarqalishi tufayli butun dunyo murakkab ahvolda. Ko‘plab mamlakatlar esa juda qiyin vaziyatga ro‘baro‘ keldi, — dedi u. — Ushbu muammo O‘zbekistonga ham taʼsir ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, Sirdaryoda suv ombori to‘g‘onining o‘pirilishi bilan bog‘liq tabiiy ofat yuzaga keldi. Ushbu tabiiy ofat natijasida ko‘plab odamlar uy-joysiz qoldi va pandemiya keltirib chiqargan og‘ir muammolarni yana-da kuchaytirdi.

Biz o‘zbek xalqi bilan birdamlikni his qilmoqdamiz va shuning uchun yordamga muhtoj odamlarga yordam berish uchun hamkorimiz «Sog‘lom avlod uchun» jamg‘armasiga insonparvarlik yordamini yuborishga qaror qildik. ,iz  bunday qiyin vaziyatda O‘zbekiston elchixonasi va boshqa sheriklarimiz bilan birgalikda insonparvarlik yukini yig‘ib, O‘zbekistonga yuborganimizdan faxrlanamiz.

Manba