Hamkorlikni kuchaytirish, aloqalarni kengaytirish

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Jenevaga tashrifi doirasida Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT) bosh direktori G.Rayder, Xalqaro migratsiya tashkiloti bosh kotibi A.Vitorino bilan uchrashdi.

O‘zbekiston tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar XMT siyosati bilan hamohang

XMT bosh direktori G.Rayder O‘zbekiston 2021-2023-yillarda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga a’zo bo‘lganligi bilan tabriklab, bu inson huquqlarini ta’minlash, shu jumladan bolalar mehnatiga va majburiy mehnatga barham berish borasida mamlakat tomonidan bajarilgan katta ishlar, XMT konventsiyalarining samarali ro‘yobga chiqarilishi natijasi ekanini ta’kidladi.

Uchrashuvda koronavirus infektsiyasining mamlakatlar iqtisodiyotiga ta’siri bilan bog‘liq masala ko‘tarildi. G. Rayder barcha mamlakatlarning mehnat bozori zarar ko‘rganini ta’kidladi. Pandemiya sharoitida ishsizlik va qashshoqlikning o‘sishi eng rivojlangan mamlakatlarda ham jiddiy muammoga aylandi.

— O‘zbekiston rahbari tomonidan ko‘rilgan qat’iy choralar, o‘z vaqtida oldini olish bo‘yicha ulkan sa’y-harakatlar, izchillik bilan samarali vazifalar bajarilishi, shuningdek so‘nggi 3 yildagi islohotlar sur’ati va keng qamrovliligi jamiyat va iqtisodiyotga koronavirus salbiy ta’sirining oqibatlarini yumshatdi, — dedi XMT bosh direktori. — Iqtisodiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash respublikaga nafaqat koronavirusga qarshi kurashish, balki uning biznes va aholi daromadlari darajasi uchun ko‘plab salbiy oqibatlari bilan kurashish imkonini berdi. Pandemiyaning iqtisodiyot va mehnat bozoriga ko‘rsatadigan salbiy oqibatlarini yumshatish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar XMTning COVID-19 oqibatlariga qarshi kurashish siyosati bilan hamohang.

G. Rayderning fikricha, Prezident Sh.M.Mirziyoyevning pandemiya davrida BMT shafeligida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlarining xalqaro kodeksini qabul qilish to‘g‘risidagi tashabbusi dunyo hamjamiyati uchun qiziqish uyg‘otmoqda. XMT hujjat loyihasini ko‘rib chiqishda o‘z ekspertlari bilan yordam berishga tayyor. Bundan tashqari, inqirozdan keyingi davrda mehnat bozorlarini tiklash uchun bu ishsizlik va xodimlar daromadlarini yo‘qotish bilan bog‘liq vaziyatni barqarorlashtirishda samarali yechim bo‘lishi mumkin.

G.Rayder COVID-19 pandemiyasining mehnat bozori va aholini ijtimoiy muhofazasiga ta’siri bo‘yicha birgalikda tadqiqot o‘tkazgani uchun O‘zbekiston tomoniga minnatdorchilik bildirdi. Mazkur tadqiqot aholining eng zaif qatlamlarini aniqlashga va ularni manzilli qo‘llab-quvvatlash choralarini ishlab chiqishga imkon berdi. Jumladan, XMT ko‘magida bandlikka ko‘maklashish markazlari ishining funktsional imkoniyatlari qayta ko‘rib chiqilmoqda, Jamoat ishlari fondining funktsional tahlili yakunlanmoqda.

O‘zbekistonning paxta terimida va umuman majburiy va bolalar mehnatiga barham berish masalasida erishayotgan yutuqlariga urg‘u berildi. XMT bosh direktori ta’kidlaganidek, mamlakatimiz bolalar mehnatidan muntazam foydalanishni maqbul emas deb e’tirof etishga va bunday mehnatdan foydalanishga chek qo‘yishga muvaffaq bo‘ldi. Qonunchilik darajasida ko‘rilgan choralar, jumladan, jarimalar oshirilishi va ushbu yo‘nalishdagi qonunbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlik joriy etilishi majburiy mehnatga to‘liq barham berishga xizmat qilishi kerak.

Hamkorlik istiqbollariga kelganda G.Rayder XMTning inklyuziv iqtisodiy o‘sish uchun munosib va sifatli ish o‘rinlarini yaratish, inqirozdan keyingi davrda ishchi kuchi sifatini va uning mobilligini oshirish, O‘zbekiston va XMTning 2021-2025-yillarga mo‘ljallangan yangi mamlakat hamkorlik dasturiga jalb qilish orqali ijtimoiy muloqotni kuchaytirish sohasidagi O‘zbekiston tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashishga tayyorligini tasdiqladi.

Xalqaro migratsiya tashkiloti va O‘zbekiston hukumati: hamkorlik to‘g‘risida bitim imzolandi

Shu kunning o‘zida parlament yuqori palatasi rahbari Tanzila Narbayeva Xalqaro migratsiya tashkiloti bosh kotibi A.Vitorino bilan uchrashdi. Bosh kotib so‘nggi yillarda mamlakatda chet elda faoliyat olib borayotgan mehnat muhojirlarining huquqlarini himoya qilish va yashash sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

— Xalqaro migratsiya tashkiloti O‘zbekistonda mamlakat aholisining ijtimoiy zaif qatlamlariini himoya qilish, mehnat migratsiyasini tartibga solish bo‘yicha amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarni diqqat bilan kuzatmoqda, — deb ta’kidladi A. Vitorino. — Men shu yilning 17 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligidagi o‘tkazilgan va chet elda ishlayotganlar uchun munosib sharoitlar yaratish masalasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilish yakunlarini diqqat bilan o‘rganib chiqdim va unda qabul qilingan qarorlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman.

Xalqaro migratsiya tashkiloti rahbari, shuningdek, COVID-19 pandemiyasiga qarshi ko‘rilgan karantin va cheklov choralari tufayli O‘zbekiston va Qozog‘iston chegarasida qiyin ahvolga tushib qolgan Tojikistonning 250 nafar fuqarosi o‘z yurtiga qaytishi uchun insonparvarlik yo‘lagini yaratish haqidagi O‘zbekiston tomonining qarorini yuqori baholadi.

O‘z navbatida, Xalqaro migratsiya tashkiloti qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali texnik yordam ko‘rsatishni davom ettirishga tayyor. Jumladan, O‘zbekistonda Xalqaro migratsiya tashkilotining umumiy qiymati 1 mln. dollardan ortiq bo‘lgan 1 ta milliy va 4 ta mintaqaviy loyihasini amalga oshirishga shay.

A.Vitorin O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy salohiyatini ta’kidlab, Tashkilotning mamlakatdagi idorasidagi xodimlar sonini ko‘paytirish va Toshkentda to‘liq faoliyat ko‘rsatuvchi vakolatxona ochish orqali Tashkilotning mamlakatimizdagi faoliyatini kengaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilganini ma’lum qildi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlik to‘g‘risida ikki tomonlama bitim imzolandi.

Xalqaro migratsiya tashkiloti rahbari T. Narbayevani shu yilning 15-16 noyabr kunlari Xalqaro migratsiya tashkiloti va BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasining videokonferentsaloqa rejimida o‘tkaziladigan qo‘shma tadbirida asosiy mehmon sifatida ishtirok etishga taklif etdi.

Uchrashuv yakunlariga ko‘ra o‘zaro manfaatli masalalar bo‘yicha hamkorlikni yanada faollashtirish va Xalqaro migratsiya tashkiloti hamda O‘zbekistonning tegishli idoralari o‘rtasida aloqalarni kengaytirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Manba