O‘zbekistonning yoshlar va inson huquqlari sohasidagi bunday muhim va ahamiyatli xalqaro tadbir tashkilotchisi bo‘lishi, dunyo hamjamiyati diqqat markazida ekani mamlakatning so‘nggi yillarda erishgan yutuqlarining jahonda tan olinishi va qo‘llab-quvvatlanishining yana bir dalilidir. Bu haqda Britaniya parlamenti Lordlar palatasi a’zosi Jon Veyverli “Dunyo” AA muxbiriga bergan intervyusida qayd etdi.
– Yetakchi siyosatchi va ekspertlarning Samarqand forumidagi ishtiroki, dolzarb global muammolarni hal qilishda ijtimoiy hamjihatlik va inson huquqlariga rioya etishning ahamiyati haqidagi fikrlari yuqori bahoga loyiq, – dedi lord Jon Veyverli. – Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani qabul qilish bo‘yicha tashabbusi o‘z vaqtida ilgari surildi. Pandemiya bilan bog‘liq inqiroz yoshlarning ish bilan ta’minlanishi va ta’lim olish imkoniyatlarining zaifligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Shu sababli, yoshlar huquqlari qat’iy himoya qilinishi juda muhim va bunday xalqaro hujjatlar ishlab chiqilishida o‘z manfaatlarini shakllantirish va ularni hayotga tatbiq etishda bugungidek faol, shu bilan birga, bevosita ishtirok etishlari zarur.