O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari Afg‘oniston Islom Respublikasi tashqi ishlar vazirini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turgan Afg‘oniston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muhammad Xanif Atmar bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turgan Afg‘oniston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muhammad Xanif Atmar bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Chet el delegatsiyasi tarkibida, shuningdek, Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ma’muriyati, Transport vazirligi, Sanoat va savdo vazirligi va Markaziy bank rahbarlari qatnashdi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiya, transport va logistika hamkorligining dolzarb masalalari, shuningdek, Afg‘onistonda energetika, temir yo‘llar qurilishi, savdo va infratuzilmani rivojlantirish sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.

“Surxon – Puli Xumri” elektr uzatish liniyasi qurilishini jadallashtirish va tegishli bitim loyihasi ustida ishlash, shuningdek, Xalqaro avtotransport bo‘yicha bitim loyihasini imzolashga tayyorlash doirasida ekspert muzokaralarini o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.

Temir yo‘l transporti sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish orqali transport yo‘laklarini rivojlantirishda hamkorlikni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratildi.

Savdo aylanmasini oshirish, jumladan, transchegaraviy savdoni kengaytirish va ikkala mamlakat bozorlariga xaridorgir qishloq xo‘jaligi va sanoat mahsulotlarini yetkazib berishni tashkil etish maqsadida tegishli infratuzilmani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Uchrashuv davomida ikki tomonlama kelishuvlarning sifatli va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash hamda yuzaga keladigan barcha masalalarni tezkor hal etish maqsadida muntazam aloqalar mexanizmini joriy etishga ham kelishib olindi.

O‘zbekiston bilan Afg‘oniston o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikning mustahkamlashuvi Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Uchrashuv yakunida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati bilan Afg‘onistonning “Da Afghanistan Breshna Sherkat” kompaniyasi (DABS) o‘rtasida 10 yil muddatga elektr energiyasini yetkazib berish to‘g‘risida bitim imzolandi.

Manba