Vladimir Tyurdenev: Oʻzbekistonda har qanday mehmon oʻzini xuddi uyidagidek his qiladi

Владимир Тюрденев: "В Узбекистане любой гость чувствует себя как дома!"

Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligining 29 yillik bayrami arafasida OʻzA muxbiri Rossiya Federatsiyasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Vladimir Tyurdenev bilan ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlarning joriy holati, istiqboli, hamkorlikning oʻziga xos jihatlari xususida suhbatlashdi:

– Vladimir Lvovich, suhbatimiz avvalida Oʻzbekiston – Rossiya munosabatlarining soʻnggi uch yildagi rivojlanish jarayoni va bugungi kundagi holati haqidagi fikrlaringiz bilan oʻrtoqlashsangiz.

– Soʻnggi uch yildagi Rossiya – Oʻzbekiston hamkorligi xususiyati ittifoqchilik va strategik sheriklik munosabatlarini yana-da boyitish boʻyicha jadal ishlar amalga oshirilgani bilan ajralib turadi. Eng muhimi, saʼy-harakatlar oʻz natijalarini bermoqda. Bugungi kunda Rossiya va Oʻzbekiston vaqt sinovidan oʻtgan ishonchli doʻst va sherik hisoblanadi.

Bu davrda prezidentlar Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyevning davlat tashriflari amalga oshirildi, ilk marotaba mintaqaviy va taʼlimga oid forumlar oʻtkazildi, parlamentlararo hamkorlik darajasi sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarildi, madaniy-gumanitar sohadan tortib, harbiy-texnik hamkorlikkacha, koʻplab sohalar delegatsiyalari almashinuvi kengaydi, hamkorlikning yadro energetikasi kabi mutlaqo yangi yoʻnalishi paydo boʻldi. Yangi format – Rossiya va Oʻzbekiston hukumatlari rahbarlari darajasidagi Qoʻshma komissiya taʼsis etildi. Ushbu tuzilma ikki tomonlama kelishuvlar va turli yoʻnalishdagi hamkorlik dasturlari ijrosi ustidan nazoratni amalga oshiradi.

Hozirgi holat haqida gapiradigan boʻlsak, ayni payt Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga davlat tashrifiga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda. Ushbu tashrif koronavirus pandemiyasi tufayli qoldirilgan edi. Ishonchimiz komilki, mazkur sammit bizni yana-da yaqinlashtiradi.

– Rossiya Oʻzbekiston bilan hamkorlikka faqat Markaziy Osiyo nuqtayi nazaridan qaraydimi yoki ikki mamlakat oʻrtasidagi strategik sheriklik tushunchasi kengroqmi? Agar shunday boʻlsa, ayni qamrov nimalarda koʻrinadi?

– Shubhasiz, Markaziy Osiyo sharoitida Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilish juda muhim. Bu Rossiya va mintaqaning olti mamlakat tashqi ishlari vazirliklari rahbarlari koʻrinishidagi aloqalari davomi bilan tasdiqlanadi. Shu bilan birga Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi strategik sheriklik, ittifoqchilik munosabatlari ancha keng. Biz Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi doirasida hamkorlik qilib kelmoqdamiz, joriy yil Oʻzbekiston ilk bor tashkilot ishiga raislik qilmoqda. Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida yaqin aloqalarimiz mavjud, hozirgi kunda Rossiya bu tuzilmaga raislik qilyapti. Qolaversa, Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kuzatuvchi sifatida qoʻshilishini kutyapmiz. Davlatlarimiz BMT, YEXHT singari universal tashkilotlar kun tartibidagi muhim masalalar boʻyicha oʻz pozitsiyalarini muvofiqlashtirib kelmoqda. Xalqaro tuzilmalarda paydo boʻladigan vakant lavozimlarga nomzod koʻrsatishda bir-birimizni qoʻllab-quvvatlaymiz.

– Mintaqalararo toʻgʻridan-toʻgʻri munosabatlarni rivojlantirish boʻyicha koʻzlangan natijalarga qay darajada erishilyapti, deb oʻylaysiz? Zero, bu borada har ikki davlatning mavjud salohiyati va imkoniyati, deyarli, cheksiz, shunday emasmi?

– Ha, bu borada mutlaqo haqsiz, Rossiya va Oʻzbekiston mintaqalari oʻrtasidagi hamkorlik ulkan salohiyatga ega. Zero, qoʻshma loyihalar hayotga tatbiq etilishi natijasida kelajakda yangi ishlab chiqarish korxonalari paydo boʻladi, ish oʻrinlari yaratiladi. Bunday saʼy-harakatlar, ayniqsa, pandemiya oqibatida yuzaga kelgan iqtisodiy inqiroz sharoitida muhim ahamiyatga ega. Umuman olganda, mamlakatlarimiz hududlari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotlarning yuqori darajasini raqamlar ham tasdiqlaydi.

Bugungi kunda Rossiya Federatsiyasining 70 dan ziyod subyekti Oʻzbekiston viloyatlari bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda. Joriy yilning birinchi yarmi yakuniga koʻra, Moskva viloyati Rossiya hududiy eksportchilari reytingida yetakchilikni qoʻlga kiritdi. Moskva va Sankt-Peterburg shaharlari, Chelyabinsk, Volgograd, Samara, Sverdlovsk, Belgorod, Nijegorod va Orenburg viloyatlari ham kuchli oʻnlikka kirdi.

Joriy yilning yanvar-iyun oylarida ikki tomonlama tovar aylanmasi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 17,8 foizga, boshqacha aytganda 2,4 milliard dollardan 2,7 milliard dollarga, Rossiyaning Oʻzbekistonga eksporti esa 24,5 foizga, yaʼni 1,7 milliard dollardan 2,1 milliard dollargacha oʻsishi Rossiya viloyatlari bilan amalga oshirilgan ishlarning yorqin natijasidir. Oʻzbekiston tashqi savdosida Rossiya ulushi oshgani ham yana bir muhim koʻrsatkich. Joriy yil birinchi yarmini oʻtgan yilning shu davri bilan taqqoslaganda bu koʻrsatkich 1,3 foiz yoki 15 foizdan 16,3 foizgacha oshganini koʻrsatadi. Bundan tashqari, Rossiya Oʻzbekistonda xorijiy kapital ishtirokida faoliyat yuritayotgan korxonalar soni boʻyicha yetakchilik qiladi. Joriy yil 1-avgust holatiga koʻra, shunday tuzilmalar soni qariyb 2000 tani, yaʼni mamlakatda faoliyat yuritayotgan qoʻshma korxonalar umumiy miqdorining 17,8 foizini tashkil etdi. Ayni dam 800 dan ziyod korxona 100 foiz Rossiya kapitali asosida faoliyat yuritmoqda.

Rossiya va Oʻzbekiston mintaqalararo hamkorligi boʻyicha ikkinchi forum davlatlarimiz oʻrtasidagi munosabat yana-da yaxshilanishiga xizmat qiladi. Mazkur tadbir Prezident Shavkat Mirziyoyevning Rossiyaga davlat tashrifi bilan bir vaqtda oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

– Haqiqatga tik boqadigan boʻlsak, koronavirus pandemiyasi Oʻzbekiston – Rossiya savdo-iqtisodiy aloqalarini, sanoat, turizm, xizmatlar va boshqa koʻplab sohalardagi hamkorlik surʼatini sezilarli darajada tushirib yuborganini tan olishimiz kerak. Mana shu boʻshliqni toʻldirish, koʻrsatkichlarni avvalgi darajaga koʻtarib olish uchun qanday choralar koʻrilmoqda?

– Tan olish kerak, koronavirus butun insoniyat uchun jiddiy sinov boʻldi. Pandemiya jahon iqtisodiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatdi, sohaning rivojlanish surʼati keskin tushib ketishiga olib keldi. Bu qisman mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikda ham aks etdi: delegatsiya almashinuvlari deyarli toʻxtadi, koʻplab ikki tomonlama tadbirlar qoldirildi, ayrim qoʻshma loyihalar joyida depsinib qoldi. Tabiiyki, mamlakatlarimiz infeksiyaga qarshi samarali kurashib kelmoqda. Biz masofaviy kommunikatsiya imkoniyatlaridan faol foydalana boshladik. Video anjumanlar tashkil etish muntazamlik kasb etdi. Bu nafaqat davlat idoralari va tashkilotlari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, balki erishilgan kelishuvlar ijrosini monitoring qilish, belgilangan tadbirlarga tayyorgarlik koʻrishni davom ettirish, yuzaga kelgan muammoli masalalar, jumladan, fuqarolarimizning ikki davlat hududiga tashrif buyurishi va ularning oʻz vatanlariga qaytishi bilan bogʻliq masalalarni tezkor hal etish imkonini berdi.

Bundan tashqari, COVID-19 ga qarshi kurashish boʻyicha hamkorlik doirasida mamlakatlarimiz tibbiyot mutaxassislari oʻrtasida onlayn-maslahatlar oʻtkazilmoqda. Xabaringiz bor, ayni payt, respublika klinikalarida jumladan, “qizil” zonalarda rossiyalik shifokorlar faoliyat yuritmoqda, “Rospotrebnadzor” mutaxassislari oʻzbekistonlik hamkasblariga epidemiyaga qarshi tadbirlarni tashkil etishda oʻz maslahatlarini bermoqda.

Yuzaga kelgan sharoitda hamkorlikning gumanitar sohasi muhim ahamiyat kasb etdi. Shu oʻrinda taʼlim sohasida Rossiyaning yetakchi oliy oʻquv yurtlaridagi rus oʻqituvchilarni Oʻzbekistonga yuborish boʻyicha 10 yilga moʻljallangan loyihani alohida koʻrsatib oʻtmoqchiman. Ushbu loyihaning asosiy maqsadi respublika maktablarida rus tili va adabiyoti, umumtaʼlim fanlarining rus tilida oʻqitilishi sifatini yana-da oshirishdan iborat. Sentyabr oyida Gersen nomidagi Rossiya davlat pedagogik universitetidan dastlabki guruh mutaxassislari Oʻzbekistonga tashrif buyurishi kutilmoqda.

– Vladimir Lvovich, keling, suhbatimizni yuqori notada yakunlasak. Sizning Oʻzbekiston va Rossiya munosabatlarini rivojlantirishga qoʻshgan beqiyos hissangiz hukumatimiz va xalqimiz tomonidan doim munosib eʼtirof etib kelingan. Xususan, oʻtgan yil mamlakatimiz Mustaqilligi bayrami arafasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni bilan Siz yuksak Davlat mukofoti – “Doʻstlik” ordeniga sazovor boʻldingiz. Umuman, Oʻzbekistonda ishlash Sizga diplomat sifatida qay darajada qulay va yoki bizning serquyosh diyorimizni oddiy inson sifatida qanday qabul qilasiz?

– Eng avvalo, mening bu yerdagi faoliyatimga nisbatan berilgan mana shunday yuksak baho uchun respublika rahbariyatiga oʻz minnatdorligimni bildirmoqchiman. Oʻzbekistonda faoliyat yuritish oʻz xizmat pillapoyamda ilk marotaba Markaziy Osiyoda ishlash –mintaqaning koʻp asrlik madaniyati bilan tanishish, hamkasblarimdan sharq diplomatiyasi sanʼatini oʻrganish imkonini berdi. Biz uzoq vaqt davomida yonma-yon yashaganimiz diplomatlar, elchixonada mehnat qilayotgan xodimlarning bu zaminga moslashish jarayonini ancha soddalashtiradi.

Ishonchim komilki, oʻzbek xalqining mehmondoʻstligi va samimiyati tufayli har qanday inson bu yurtda oʻzini xuddi uyidagidek his qiladi. Oʻzbekistonda millatlararo muloqot, maishiy hayot, televideniye, radio, bosma OAV, taʼlim tizimida oʻz oʻrniga ega boʻlgan rus tili aloqa vositasi sifatida muhim rol oʻynashi shubhasiz.

– Oʻzbekiston xalqiga bayram tilaklaringiz...

– Qardosh Oʻzbekistonning bayramlari – hamyurtlarimiz, bu yerda faoliyat yuritayotgan mutaxassislar va tadbirkorlar, diplomatlar – bir soʻz bilan aytganda, asrlar davomida xalqlarimizni bogʻlab kelgan hamkorlik rivojiga, doʻstlik va hamjihatlikni mustahkamlashga oʻz ulushini qoʻshgan barcha fuqarolar hayotining muhim va ajralmas qismidir.

Men oʻzbekistonliklarni asosiy davlat bayrami – Oʻzbekiston Respublikasi Mustaqilligi kuni bilan chin yurakdan tabriklayman! Barchaga mustahkam sogʻliq, ezgulik va farovonlik tilayman. Ilohim har bir oilada tinchlik, hamjihatlik hukm sursin!

Manba