O‘zbekiston - Germaniya: siyosiy o‘zaro ishonch o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda

Oliy Majlis Senatida parlament yuqori palatasi rahbari T.Narbayevaning Germaniya Federativ Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi janob Gyunter Leo Overfeld bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Suhbat davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari muhokama etildi.

— Germaniya O‘zbekistonning muhim hamkori hisoblanadi, — dedi Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva. — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasiga, shuningdek Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning mamlakatimizga rasmiy tashriflari mamlakatimiz tashqi siyosiy hayotida muhim voqea bo‘ldi. Koronavirus pandemiyasiga qaramay, ikki davlat o‘rtasida savdo-iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy-madaniy munosabatlar yo‘lga qo‘yildi. Parlamentlararo munosabatlar ham rivojlanmoqda, biroq imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayapti. Barcha yo‘nalishlarda xalqaro shartnomalarni tezroq ratifikatsiya qilishda muhim rol o‘ynaydigan aloqalarni mustahkamlash zarur. Davlatimiz rahbarining yaqinda qabul qilingan “2020-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan har bir hududni rivojlantirish dasturi tasdiqlandi. Biz Qoraqalpog‘istonga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishdan manfaatdormiz. Shuning uchun biz 20-25-dekabr kunlari xorijiy mamlakatlardagi, shu jumladan sizning mamlakatingizdagi elchilarni Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurishga zarur choralar-tadbirlarni ishlab chiqish maqsadida taklif qildik. Germaniyaning Qoraqalpog‘iston hududlarini rivojlantirish masalalarini ishlab chiqishda ishtirok etishi biz uchun juda muhimdir, chunki bu yo‘nalishda bir nechta loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Germaniya ko‘p yillar davomida eng ishonchli va sinalgan hamkorlardan biri bo‘lib kelgani qayd etildi. Ikki tomonlama munosabatlar mustahkam poydevorga asoslangan va an’anaga ko‘ra ishonch xususiyatiga ega. Ikki respublika o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilgandan beri siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar muloqotlarni mustahkamlashga qaratilgan ulkan ishlar amalga oshirildi.

So‘nggi yillarda ko‘plab sohalarda hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. Davlatlar o‘rtasida o‘rnatilgan siyosiy o‘zaro ishonch hamkorlik va o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

— Mamlakatlarimiz o‘rtasida ko‘plab sohalarda, shu jumladan Germaniyaga  yigirilgan paxta ipini eksport qilish, shuningdek yetkazib berish hajmini yanada oshirish uchun zarur axborot tezkor almashuvi  bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan, - dedi Germaniya Federativ Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Gyunter Leo Overfeld. Bundan tashqari, Germaniya hamkorlik doirasida pandemiya sharoitida sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarni rivojlantirishga 180 mln. yevro ikki yilga ajratgan. 2021-yilning ikkinchi yarmida Termizda ham mamlakatimiz hamshiralarini, ham Afg‘oniston hamshiralarini o‘qitish va ularning malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv markazini ochish rejalashtirilgan. Shuningdek, navbatdagi loyiha doirasida davlat boshqaruvi, shu jumladan xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi rolini kuchaytirish uchun 10 mln. yevro ajratiladi.

Uchrashuvda paxta terimi kampaniyasida O‘zbekiston erishgan yutuqlari qayd etildi. Bugungi kunda majburiy mehnat nomaqbul hisoblanadi va qo‘llanilmaydi. Bundan tashqari, qonunchilik darajasida ko‘rilayotgan choralar majburiy mehnatga butunlay barham berishga xizmat qiladi. Savdo-iqtisodiy sheriklik ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Uchrashuvda Yevropa Ittifoqi bozorlariga to‘qimachilik mahsulotining eksport qilinishini kengaytirish masalasi ko‘rib chiqildi.

Tomonlar munosabatlarni mustahkamlash va yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.

Manba