O‘zbekiston va Rossiya tashqi ishlar vazirlari ikki tomonlama munosabatlarning muhim masalalarini muhokama qildi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov kecha  Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi manbasiga ko‘ra, suhbat davomida O‘zbekiston-Rossiya kun tartibining asosiy masalalari hamdaayrim xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashildi.

 Vazirlar izchil mustahkamlanayotgan va hamkorlikning yangi shakllariga ega bo‘layotgan ko‘p qirrali ikki tomonlama munosabatlarni yuqori surʼatlarda rivojlanayotganidan mamnun ekanini maʼlum qildi.

 Turli daraja va shakllarda, jumladan O‘zbekistonning MDHdagi raisligi doirasida bo‘lib o‘tadigan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama tadbirlarning tashkiliy jihatlari muzokaralarning alohida mavzusi bo‘ldi.
Uchrashuvda savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarini faollashtirish bo‘yicha amaliy takliflarni ko‘rib chiqildi. Tashqi siyosat idoralari rahbarlari ikki mamlakat hukumatlari tomonidan pandemiya sharoitida ushbu yo‘nalishdagi faollikning pasayishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarni ijobiy baholadi.

 Madaniy-gumanitar sohada, ilm-fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda hamkorlik qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

 Shuningdek, mehnat faoliyati bilan bog‘liq ravishda Rossiya Federatsiyasida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari uchun munosib sharoitlarni yaratish masalasiga alohida to‘xtalindi.

 Vazirlar, shuningdek, oliy va yuqori darajadagi aloqalar doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayonlarini ham muhokama qildi.

Manba