O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari S.Umurzoqov Eron Islom Respublikasining Iqtisodiy masalalar bo‘yicha vitse-prezidenti M.Nahavandian bilan videokonferensaloqa shaklida muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabarida keltirilishicha, tomonlar pandemiyaning mamlakatlarimiz iqtisodiyotiga taʼsirini yumshatishda hamkorlik, O‘zbekiston – Eron savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik, transport va logistika sohalarida sheriklikning dolzarb masalalarini muhokama qildi.
Muloqot chog‘ida investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi: O‘zbekiston – Eron qo‘shma korxonalari soni ortib borayotgani qayd etildi. O‘tgan yil davomida ular soni 1,5 baravarga ko‘paydi.
Tadbirda O‘zbekiston va Erondan hamkorlarni qishloq xo‘jaligi, elektr energiyasi, kimyo va neft-kimyo sohalarida sanoat kooperatsiyasini tashkil qilishga faol jalb qilishga kelishib olindi.
Erondagi “Kish”, “Chobahor”, “Aras” erkin iqtisodiy zonalari bilan O‘zbekistonning “Navoiy” va “Angren” erkin iqtisodiy zonalari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasi asosida muvaffaqiyatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Suhbat davomida ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish yo‘nalishlari atroflicha tahlil qilindi. Ikki mamlakatning qulay geografik joylashuvi va rivojlangan transport infratuzilmasi o‘zaro savdo hajmini oshirish imkonini berishi taʼkidlandi. O‘zbekiston bilan Eron o‘rtasida 1993-yilda imzolangan “Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim”ning yangi tahririni ishlab chiqish va tasdiqlash bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, ikki mamlakatning tranzit salohiyatidan yana-da samarali foydalanish uchun yangi imkoniyatlar yaratish, Eron bilan O‘zbekistonni bog‘lovchi transport yo‘laklari orqali yuk tashish hajmini oshirish maqsadida transport va logistika sohasida hamkorlikni kengaytirish kabi rejalar muhokama qilindi.
Muzokaralar natijasida joriy yilning ikkinchi yarmida savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston – Eron hukumatlararo komissiyasining yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish ishlarini boshlashga qaror qilindi. Tadbirning o‘tkazilishi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlash va o‘zaro manfaatli tashabbuslarni amalga oshirishga yangi turtki beradi.
Shu munosabat bilan muhokama etilgan hamkorlik yo‘nalishlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruhi tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Ishchi guruh aʼzolari Eron tomoni bilan erishilgan kelishuvlarni sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirishning o‘ziga xos mexanizmlarini nazarda tutuvchi birgalikda amalga oshiriladigan “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqadilar.