Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashining birinchi tashkiliy yig‘ilishi

2020-yilning 12-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashining birinchi tashkiliy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Videokonferentsiya shaklida o‘tkazilgan tadbirda Kengash a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari ishtirok etdilar.

Yig‘ilishni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

 Ta’kidlanganidek, hozirgi paytda nufuzli xalqaro tuzilmalar tomonidan 100 dan ortiq xalqaro reyting va indekslar yuritiladi. Ular mamlakatlar va kompaniyalarning iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, huquqiy va boshqa sohalardagi taraqqiyotiga baho berish uchun asos hisoblanadi. 

Shu boisdan so‘nggi to‘rt yil mobaynida mamlakatimizda bu yo‘nalishda izchil islohotlar olib borilmoqda. Buning natijasi o‘laroq respublikamiz Meros jamg‘armasining “Iqtisodiy erkinlik” indeksida 52 pog‘onaga, Jahon bankining “Logistika samaradorligi” indeksida 19 pog‘onaga, “Biznes yuritish” indeksida 18 pog‘onaga ko‘tarildi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, davlatimiz rahbarining joriy yil 2 iyunidagi   “O‘zbekiston Respublikasining Xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ular bilan tizimli ishlashning yangi mexanizmini joriy qilish to‘g‘risida”gi Farmoni bilan ilk bor mamlakatimizda Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi tuzildi. Oliy Majlis Senati Raisi  Kengashning  maqsad va vazifalariga alohida to‘xtaldi. Ta’kidlanganidek, yangi tuzilma mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy taraqqiyot darajasini tizimli tahlil qilib borish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek,  turli sohalarda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlarning O‘zbekiston Respublikasi uchun ustuvor bo‘lgan xalqaro reyting va indekslarda mamlakatning o‘rnini yaxshilash maqsadlariga xizmat qilishini ta’minlaydi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarning samaradorligiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni bartaraf etish ham Kengash zimmasiga yuklatilgan asosiy vazifalardan biri ekanligi alohida qayd etildi.

Tanzila Narbayeva, agar shu paytgacha barcha vazirlik va idoralar bu yo‘nalishda bir-biri bilan kelishmagan holda ish olib borgan bo‘lsalar, endilikda ularning bu yo‘nalishdagi faoliyati Kengash tomonidan to‘liq muvofiqlashtirilib, nazorat qilinishini ta’kidlab o‘tdi. Bu esa ushbu kompleks jarayonning muvaffaqiyatli kechishini, mazkur yo‘nalishda mavjud barcha imkoniyatlar ishga solinishini ta’minlaydi. Bunda barcha vazirlik va idoralar faoliyati mamlakatimizning xalqaro reytinglaridan kelib chiqib baholanishiga urg‘u berildi.  Bu o‘z navbatida davlat tuzilmalarining ushbu masaladagi mas’uliyatini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.

  Shuningdek, Kengash nazorati ostida vazirlik va idoralarning quyi bo‘g‘inlaridan boshlab, respublika va hududiy darajada, viloyatlar, tumanlar zarur bo‘lgan hollarda mahallalar kesimida ish tashkil etiladi.

  Bunda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining salohiyatidan ham keng foydalaniladi. Kengash tomonidan olib borilayotgan ishlar natijalaridan kelib chiqib, qonunchilikni yanada takomilashtirish, dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalar ham ishlab chiqiladi.

Senat Raisi tomonidan ta’kidlanganidek,  mazkur yo‘nalishdagi islohotlar avvalo xalqimizning turmush farovonligini oshirishga qaratilgan. “Bularning hammasi aholi uchun qilinyapti, ta’bir joiz bo‘lsa, xalqaro reytinglar - bu aholining roziligi ko‘rsatkichlari deb qabul qilinishi mumkin. Chunki mazkur yo‘nalishda amalga oshiriladigan islohotlar O‘zbekiston xalqi turmush darajasining yuksalishiga xizmat qiladi”, deya ta’kidladi Tanzila Narbayeva.

Senat Raisi, xalqaro reytinglarni tuzish paytida tegishli tuzilmalar asosiy manba sifatida avvalo mamlakatdagi fuqarolik jamiyati vakillari fikriga tayanishini, shu jihatdan respublikamizning reytinglardagi o‘rni uchun mas’ul vazirlik va idoralar avvalo nodavlat notijorat tashkilotlari, oddiy fuqarolar bilan yaqindan ish olib borishlari lozimligini qayd etdi.

Shu jihatdan yig‘ilishda ijtimoiy-iqtisodiy sohaga doir xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston Respublikasi o‘rnini yaxshilash bo‘yicha ko‘riladigan zarur choralar muhokama markazida bo‘ldi. Bunda vazirlik va idoralarda ularga biriktirilgan indekslar bilan ishlashga mas’ul xodimlar tayinlanmaganligi, bu borada zarur chora-tadbirlar rejalari va “yo‘l xaritalari” ishlab chiqilmaganligi keskin tanqid ostiga olindi. Ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar ustidan qat’iy nazorat o‘rnatilishi lozimligi, har bir vazirlik va tegishli idoralarda xalqaro reytinglarga mas’ul bo‘lgan bo‘linmalar tashkil etish zarurati uqtirildi. Xalqaro reytinlar tuzish uchun talab qilinadigan statistik ma’lumotlarni yig‘ish va ishlash mexanizmini yo‘lga qo‘yishga ham e’tibor qaratildi.

 Shuningdek, yig‘ilish ishtirokchilari mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yuksaltirishga to‘sqinlik qilayotgan korruptsiya, tadbirkorlik faoliyatiga halal berish hollari kabi muammolarni hal qilish yuzasidan ham fikr almashdilar.

 Majlisda Kengash faoliyatiga doir boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Manba