XXR elchisi: Xitoy va O‘zbekiston koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va o‘zaro munosabatlarni rivojlantirishda katta muvaffaqiyatlarga erishmoqda

Xitoyning O‘zbekistondagi elchisi Szyan Yan XXR tashkil etilganining 71 yilligi munosabati bilan videomurojaat bilan chiqib, mamlakatning bugungi taraqqiyot davri hamda Xitoy-O‘zbekiston munosabatlari haqida so‘zlab berdi.

Elchi Szyan Yanning ta’kidlashicha, Xitoy joriy yilning oxiriga qadar o‘rtacha farovonlik ta’minlangan jamiyatni barpo etish jarayonini yakunlaydi. Kutilmagan koronavirus pandemiyasi Xitoyda rivojlanish sur’atlariga o‘z ta’sirini ko‘rsatdi, ammo mamlakat pandemiyaga qarshi kurashda katta yutuqlarni qo‘lga kiritdi va qisqa tanaffusdan so‘ng iqtisodiy o‘sishga erishib, ikkinchi chorakda yalpi ichki mahsulot 3,2 foizga ortdi. Pandemiya muammolari, shuningdek, iyul oyidan buyon mamlakatning aksariyat qismini qamrab olgan kuchli toshqinlar sharoitida Xitoy hukumati odamlarning shaxsiy va mulkiy xavfsizligini ta’minlash uchun barcha chora-tadbirlarni ko‘rmoqda va belgilangan maqsad sari olg‘a intilishda yetakchilik qilmoqda.

Elchi joriy yil Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin tomonidan ilgari surilgan insoniyatning umumiy taqdiri konsepsiyasi xalqaro maydonda ijobiy qabul qilinganini qayd etdi. Koronavirus epidemiyasidan birinchi bo‘lib aziyat chekkan Xitoy bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga tezkorlik bilan xabar berdi hamda epidemiyaning oldini olish va nazorat qilish bo‘yicha to‘plangan tajribasi haqidagi ma’lumotlarni boshqa mamlakatlarga muntazam tarzda yetkazmoqda. Xitoy shu maqsadda JSSTga 50 million dollar taqdim qildi, 150 dan ortiq mamlakat va xalqaro tashkilotga yordam ko‘rsatdi.

Xitoy hamkor davlatlar iqtisodiy tiklanishiga yordam berish uchun «Bir makon, bir yo‘l» loyihasi doirasidagi investitsiyalar hajmini 8,12 milliard dollarga yetkazdi, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 19,4 foizga ko‘pdir. Xitoy insoniyatning umumiy taqdiri konsepsiyasiga qat’iy ravishda amal qilmoqda, hurmat, adolat va o‘zaro manfaatli hamkorlik tamoyillari asosida yangi mazmundagi davlatlararo munosabatlarni shakllantirishga intilmoqda.

Xitoy-O‘zbekiston munosabatlari joriy yil sinovlaridan o‘tib, yanada barqarorlashib va mustahkamlanib bormoqda. Elchi Szyan Yanning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy va O‘zbekiston bir-birini qo‘llab-quvvatlab, epidemiyaga qarshi kurashish va o‘zaro munosabatlarni rivojlantirishda katta muvaffaqiyatlarga erishdi. Joriy yil may oyida Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev telefon orqali suhbat o‘tkazdilar hamda ikki va ko‘p tomonlama yo‘nalishlardagi ko‘p qirrali munosabatlarning keng qamrovi bo‘yicha umumiy anglashuvga erishdilar.

Tomonlar turli darajalar va sohalarda yaqin aloqalarni davom ettirmoqda. Xitoy va O‘zbekiston keng jamoatchilik vakillari pandemiyaga qarshi kurashishning muhim pallasida bir-biriga yordam qo‘lini cho‘zdi va bu borada o‘zaro tajriba almashdi. 1 ming 300 dan ortiq xitoylik mutaxassis qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun O‘zbekistonga charter reyslar bilan keldi va mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirishda ishtirok etmoqda. Tomonlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi, transport, fan-texnika, energetika va boshqa sohalardagi hamkorlikda yangi yutuqlarga erishmoqda.

Szyan Yan o‘z so‘zi yakunida Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli kelajagiga ishonch bildirgan. Pandemiya rivojlanish istiqbollariga salbiy ta’sir ko‘rsata olmaydi, vaqtinchalik sinovlar Xitoy va O‘zbekiston xalqlarining o‘zaro hamkorlik sari qo‘yayotgan qadamlarini to‘xtatolmaydi, bizni g‘ayratga to‘la yanada xavfsiz va go‘zal kelajak kutmoqda, deb ta’kidlagan diplomat.

Manba