Yazguli Mammedov: Turkmaniston – O‘zbekiston xalqlari asrlar davomida tinchlik va totuvlikda yashab, doimo o‘zaro yaqin birodarlik hamda oilaviy aloqalarni qadrlab kelgan

Turkmaniston O‘zbekiston uchun do‘st qo‘shni davlat, mintaqa va xalqaro miqyosda ishonchli sheriklardan biridir. Bugun ikki davlat rahbarlari — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning mustahkam siyosiy irodasi, do‘stona munosabatlari tufayli ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Energetika, transport, mashinasozlik, qishloq va suv xo‘jaligi kabi sohalarda hamda boshqa qator muhim yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikning misli ko‘rilmagan faollashuvi O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi aloqalar har qachongidan ham mustahkamligini yaqqol ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligi arafasida «Dunyo» AA muxbiri Turkmanistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Yazguli Mammedov bilan davlatlarimizning ikki tomonlama munosabatlari rivojlanishi va istiqbollari xususida suhbatlashdi.

— Elchi janoblari, O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligi arafasida O‘zbekiston – Turkmaniston do‘stligi, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlari, uning uzoq va qisqa muddatli istiqbollari haqidagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.

— Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov 2018 yil aprel oyida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida «Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik bugungi kunda Markaziy Osiyodagi jarayonlarning barqarorligi va ijobiy rivojlanishi uchun strategik omil hisoblanadi. Bu, avvalambor, mintaqadagi mamlakatlarimizning Osiyoda uzoq muddatli barqarorlikning ishonchli bo‘g‘ini, mojarolar va qarama-qarshiliklardan xoli va keng xalqaro sheriklik maydoniga aylanishi demakdir. Turkmaniston va O‘zbekiston mintaqamizdagi barcha muammolar faqat tinch yo‘l bilan, yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat, tenglik va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillari asosida hal qilinishi kerakligiga aminmiz» deya qayd etgan edi.

Xalqlarimiz asrlar davomida tinchlik va totuvlikda yashab, har doim o‘zaro yaqin birodarlik, oilaviy aloqalarni qadrlagan. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi ishonchli va do‘stona muloqot tufayli aloqalarimiz yangi bosqichga ko‘tarildi.

Bizda umumiy jihatlar ko‘p, o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish uchun katta salohiyat bor. Kelajakka nekbinlik bilan qarash, qisqa muddatli va uzoq muddatli istiqbolda birgalikdagi ish rejalarini ishonch bilan qurish uchun barcha asoslar mavjud. Suv-energetika sohasi, transport, agrosanoat majmuasi, madaniy-gumanitar hamkorlik, turizm, sport, ta’lim kabi sohalarda hamkorlik biz uchun istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi.

— Mamlakatlarimiz ikki va ko‘p tomonlama shaklda faol o‘zaro hamkorlik qilib kelmoqda. Markaziy Osiyo mintaqasi salohiyatini oshirish, iqtisodiyotning o‘sishi va transport-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishda davlatlarimiz o‘rnini qanday baholaysiz?

— Munosabatlarimiz, avvalambor, ikki tomonlama sheriklikning ustuvor yo‘nalishlari va istiqbollari to‘g‘risidagi qarashlarda, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro rivojlanish tendensiyalari nuqtai nazaridan to‘liq o‘zaro anglashuvga bog‘liqdir. Turkmaniston va O‘zbekiston BMT, YeXHT, MDH kabi nufuzli xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida o‘zaro yaqin hamkorlik qilmoqda.

O‘tgan yili Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport-tranzit, qishloq xo‘jaligi, sanoat kooperatsiyasi, energetika, suv resurslari, turizm, fan va madaniyat, atrof-muhitni muhofaza qilish sohalarida hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari, shakllari va mexanizmlari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv ishtirokchilari mintaqada sanoatni rivojlantirish sohasida Markaziy Osiyo davlatlari siyosatining ustuvor maqsad va vazifalariga javob beradigan zamonaviy sanoat infratuzilmasini yaratish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni ko‘rishga tayyor ekanini bildirdi.

Yuqoridagi sohalarda hamkorlik xalqlarimiz farovonligini oshirishga qaratilgan. Biz transport-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish haqida uzoq gaplashishimiz mumkin. Chunki bu soha iqtisodiy hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi va bu borada bizda turli loyihalar mavjud.

Ulardan biri — «O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – O‘mon» xalqaro transport-tranzit yo‘lagini yaratishdir. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash uchun qulay sharoit yaratadi va tranzit yuk oqimlarining ko‘payishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Ma’lumki, Turkmaniston va O‘zbekiston o‘zaro avtomobil, temir yo‘li orqali bog‘langan. Bu “Markaziy Osiyo – Yevropa”, “Markaziy Osiyo – Kavkaz – Yaqin Sharq”, “Markaziy Osiyo – Xitoy” yo‘nalishlarida ham qo‘shma transport loyihalarini rejalashtirishga imkon beradi.

Turkmaniston va O‘zbekiston Prezidentlari tomonidan 2017 yilda Amudaryo orqali o‘tuvchi avtomobil va temir yo‘l ko‘priklarining ochilishi yuk oqimining Osiyo-Tinch okeani mintaqasi davlatlaridan, Janubiy Osiyodan Kaspiy dengiziga va undan keyin Qora dengiz va O‘rta yer dengizi mintaqalariga, Yevropa, Kavkaz, Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqishini ta’minladi.

— O‘zbekistonning ta’lim, madaniy-gumanitar almashinuvlarni kengaytirish bo‘yicha tashabbuslarini qanday baholaysiz?

— Barchamiz O‘zbekistonda ta’lim tizimi izchil rivojlanib borayotganiga guvohmiz. Yurtingizda nufuzli xorijiy ta’lim muassasalari filiallari ochilmoqda. Ular yoshlarga turli zamonaviy yo‘nalishlarda o‘qish imkoniyatini beradi. Bundan tashqari, O‘zbekiston deyarli dunyoning barcha davlatlari, shu jumladan Yaponiya, Janubiy Koreya, Xitoy, MDH davlatlari, Yevropa Ittifoqi, AQSh va boshqalar bilan talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘ygan. Talabalar zamonaviy bilimlarni egallash bilan birga, xorijiy tillarni ham mukammal o‘rganmoqda.

Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasining oliy o‘quv yurtlari va kollejlarida 3 ming 650 nafardan ortiq Turkmaniston fuqarosi tahsil olmoqda. Shulardan 900 nafarga yaqini 2020 yilda o‘qishni muvaffaqiyatli tamomladi. Yil boshidan buyon Buxoro, Nukus, Urganch shaharlaridagi ta’lim muassasalarida bir necha bor bo‘lib, yoshlarimiz uchun yaratilgan sharoit bilan tanishdim.

Fursatdan foydalanib, turkmanistonlik talabalarga har tomonlama yordam ko‘rsatilayotgani uchun O‘zbekiston rahbariyati, viloyatlar va Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriyatlariga, shuningdek, mamlakatning Oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda Tashqi ishlar vazirliklariga minnatdorlik bildiraman.

Xabaringiz bor, 2018 yilda Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida ikki tomonlama hujjatlarning mustahkam to‘plamini imzolashdan tashqari, ikki mamlakat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida 15 ta hujjat imzolandi. Ushbu hujjatlarning barchasi o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan bo‘lib, sheriklik aloqalarining katta tajribasini hisobga olgan holda, bundan buyon ham ta’lim sohasida yaqindan hamkorlik qilib boramiz, deb ishonch bilan aytishim mumkin.

Madaniy-gumanitar sohalar ham ikki tomonlama munosabatlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Turkmaniston va O‘zbekiston boy madaniy, ilmiy merosning merosxo‘rlari hisoblanadi. Qardosh mamlakatlar san’ati va adabiyotiga o‘zaro qiziqish katta. Turkmaniston va O‘zbekiston turizmni rivojlantirish uchun katta salohiyatga ega. Bunda boy tarixiy, madaniy meros, qiziqish katta bo‘lgan noyob tabiiy joylar mavjudligi asosiy omil hisoblanadi.

Turkmaniston O‘zbekiston bilan madaniy aloqalarni rivojlantirishga katta ahamiyat beradi. So‘nggi yillarda san’at ustalarining qo‘shma konsert dasturlarini tashkil etish, mamlakatlarimizda o‘tkazilayotgan xalqaro ijodiy festivallarda vakillarimizning o‘zaro qatnashishi yaxshi an’anaga aylandi.

– 2018 yil aprel oyida Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida tomonlar 2020 yilgacha tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollarga yetkazish uchun zarur choralarni ko‘rishga kelishib olgan edi. Ushbu rejalar qanday amalga oshirilmoqda, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyatga qaramay, belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish mumkinmi?

— Haqiqatan Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning 2018 yil aprel oyida O‘zbekistonga davlat tashrifi chog‘ida mamlakatlarimiz rahbarlari iqtisodiyotning turli sohalarida hamkorlik qilish uchun katta imkoniyatlar mavjudligini va 2020 yilgacha o‘zaro savdo hajmini yarim milliard dollargacha yetkazish zarurligini ta’kidlagan edi.

2019 yil yakunida Turkmaniston bilan O‘zbekiston o‘rtasida mahsulot ayirboshlash hajmi 2018 yilga nisbatan deyarli 90 foizga o‘sdi va jami 457,8 million dollarni tashkil etdi.

Tabiiyki, bu yil koronavirus pandemiyasi global iqtisodiyotga salbiy ta’sir qildi. Dunyoga insoniyat naqadar zaif ekanini va xalqlarning farovonligi bir-biriga bog‘liqligini ko‘rsatdi.

Ammo, shunga qaramay, 2020 yilda mamlakatlarimiz savdo-iqtisodiy, transport-logistika sohalarida sheriklikning mavjud salohiyatidan to‘liq foydalanish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda. Ishonch bilan aytishim mumkinki, yil boshidan buyon mintaqadagi, shu jumladan transport-kommunikatsiya sohasidagi epidemiologik vaziyat, transport va tranzit qatnovi uchun sharoitni yaxshilashni hisobga olgan holda transchegaraviy hamkorlik yuqori darajada bo‘ldi.

Bundan tashqari, ikki mamlakat o‘rtasida chegara savdo zonasini yaratish, yetkazib berilayotgan mahsulot, xizmatlar turlari va hajmini kengaytirish, Toshkent shahrida Turkmanistonning va Ashxobod shahrida O‘zbekiston savdo uylarini ochish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Bu tabiiy ravishda mamlakatlar o‘rtasidagi mahsulot ayirboshlash hajmi o‘sishiga ijobiy ta’sir qiladi.

— O‘zbekistonda Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylangandan so‘ng ichki va tashqi siyosatda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Sizningcha, qaysi yo‘nalishdagi islohotlar davlatlarimiz o‘rtasida yaqin qo‘shnichilik, har tomonlama manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga katta hissa qo‘shmoqda?

— Prezident Shavkat Mirziyoyevning inauguratsiyasi va O‘zbekiston Respublikasida «ochiq eshiklar» siyosati e’lon qilinganidan beri mamlakatda aholi turmush darajasining barqaror o‘sishi va iqtisodiy o‘sishning yuqori sur’atlarini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar boshlandi, misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar yuz berdi va bu davom etmoqda.

Ma’lumki, mamlakat tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasi, birinchi navbatda, qo‘shni davlatlar ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Shuni ta’kidlashni istardimki, Turkmaniston va O‘zbekiston asrlar davomida do‘stona qo‘shnichilik munosabatlarini saqlab kelmoqda. Bugungi kunda zamonaviy haqiqatlarni hisobga olgan holda, Turkmaniston – O‘zbekiston munosabatlari eng maqbul davrni boshdan kechirmoqda. Va biz ko‘plab sohalarda keng ko‘lamli hamkorlikning guvohi bo‘lishimiz mumkin.

O‘zaro manfaatli hamkorlikda yanada yuqori cho‘qqilarga erishish Turkmaniston va O‘zbekiston hukumatlari, vazirliklari va idoralari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarning o‘z vaqtida, sifatli bajarilishiga bog‘liqdir. Mamlakatlarimizning energetika, transport, mashinasozlik, qishloq va suv xo‘jaligi kabi sohalarda hamda boshqa qator muhim sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorligining keng doirasi mamlakatlarimiz munosabatlarining mustahkamligini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

– O‘zbekistondagi faoliyatingiz davomida mamlakatimizda Sizda alohida taassurot uyg‘otgan qaysi jihatlarni qayd etishni istardingiz?

– Mamlakatingizda ikki yildan buyon ishlayapman. Elchixonamiz oldiga mamlakat rahbariyati tomonidan qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish uchun yaqindan hamkorlik qilayotgan vazirlik va idoralar tomonidan har tomonlama ko‘mak berilayotgan birodar mamlakatda yashash va ishlashdan juda mamnunman.

Qisqa muddatli faoliyatim davomida viloyatlarda bo‘ldim. Shuni ta’kidlashni istardimki, O‘zbekistonning go‘zal qadimiy manzillari — Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlar, mehmondo‘st odamlar va mazali taomlari tashrif buyurgan insonlarni befarq qoldirmaydi. Shu bilan birga, mamlakatning barcha hududlarida tarix va zamonaviy texnologiyalar bir-biriga uyg‘un holda loyihalashtirilgan. Ishbilarmonlik muhiti esa kundan kun rivojlanmoqda.

Men yashillikka burkangan, aholi gavjum poytaxt Toshkent shahrini alohida ta’kidlashni istardim.

— Mustaqillik kuni arafasida O‘zbekiston xalqiga bayram tabriklaringiz.

— Bunday imkoniyat uchun rahmat. Mustaqillik, tinchlik, taraqqiyot – bu buyuk tushunchalar doim uzoq kurash orqali qo‘lga kiritilgan. Mustaqillik bayramini nishonlash munosabati bilan men birodar O‘zbekiston rahbariyatini va xalqini samimiy tabriklayman. Sizlarga chin dildan sihat-salomatlik, katta muvaffaqiyatlar, baxt, iliqlik, farovonlik va yanada ravnaq tilayman!

Yurtingizda har doim tinchlik va osoyishtalik hukm sursin!

Manba