Keyt Firon: Markaziy Osiyo mamlakatlari o'rtasida shakllangan yaqin muloqot va hamkorlik qanday natijalar olib kelishiga namuna bo'la oladi

Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) Nizolarning oldini olish markazi direktori Keyt Firon "Dunyo" AA uchun intervyusida 15-16-oktabr kunlari bo'lib o'tayotgan "Farg'ona vodiysi: tinchlik va taraqqiyot yo'lida birdamlik" mavzusidagi Farg'ona tinchlik forumining birinchi yig'ilishi haqidagi fikrini bildirdi:

– Ushbu tadbirda qatnashish O'zbekistonga yana kelganimdan juda mamnunman va YXHT Farg'ona tinchlik forumiga o'z hissasini qo'shganidan faxrlanaman.

Siz o'tmish bilan solishtirganda nima o'zgarganini so'radingiz. Men ikkita asosiy omilni ta'kidlagan bo'lardim.

Birinchisi, siyosiy iroda. Biz uch davlat Prezidentlari sa'y-harakati minqadagi vaziyat qanday yangi bosqichga ko'tarilgani va davlatlar o'rtasida ham, mamlakatlar ichida ham yaxshi qo'shnichilik va ishonchni mustahkamlashga asoslangan aniq qarashlarni shakllantirganini ko'rib turibmiz.

Ikkinchi omil odamlar. Bu nafaqat siyosiy rahbarlar, balki oddiy fuqarolar haqida ham. Odamlar o'zgarishlarni qabul qilishga, bir-biriga ishonishga va uzoq vaqtdan beri izlagan narsalarini amalga oshirishga tayyor edilar: chegaralarni erkin kesib o'tish, qo'shnilar bilan savdo-sotiqni rivojlantirish va ishonchga asoslangan munosabatlarni o'rnatish.

Forum juda yuqori saviyada o'tmoqda. Hatto birinchi sessiya ham muhim ishtirokni ko'rsatdi. O'zbekiston, Tojikiston va Qirg'izistondan yuqori darajadagi vakillar qatnashyapti. Bu misli ko'rilmagan va shuning uchun tarixiy ahamiyatga ega. Forum joriy yil boshida, jumladan, Xo'jandda erishilgan g'oya va kelishuvlarga asoslanadi va uch mamlakat Prezidentlarining siyosiy qarashlarini aks ettiradi.

Biz ushbu forumni kengroq jarayonning bir qismi deb bilamiz. Bu yerda fuqarolik jamiyati va xalqaro tashkilotlar – BMT, Yevropa Ittifoqi, YXHT va boshqa tashkilotlar vakillari bilan hamkorlikda ishlayotganimizdan faxrlanamiz.

O'ylaymanki, bu odamlar uch tomonlama hamkorlikni, ayniqsa, global siyosiy muammolar ko'paygan bir paytda umid manbai sifatida qabul qilayotganidan dalolatdir.

YXHT iqtisodiy, ekologik, gumanitar va harbiy-siyosiy jihatlarni qamrab olgan xavfsizlikka kompleks yondashuvga amal qiladi. Aynan mana shu e'tiborning kengligi YXHTga xos. Biz birgalikda nafaqat O'zbekistonda, balki butun mintaqada ishonch va barqarorlikni mustahkamlaydigan turli sohalarda ishlaymiz.

Markaziy Osiyo bugungi kunda dunyoning boshqa mintaqalaridan ijobiy tomondan farq qiladi. Bu esa o'zaro yaqin muloqot va hamkorlik aniq natijalar berayotganini ko'rsatadi.

Oxir oqibat, bularning barchasi O'zbekiston, Tojikiston va Qirg'iziston Prezidentlarining siyosiy irodasi bog'liq bo'lib, ular o'z oldiga katta maqsadlarni qo'ygan.

Bizning maqsadimiz ushbu siyosiy qarashni aniq harakatlarga aylantirish va Markaziy Osiyoda so'nggi yillarda erishilgan barqarorlik darajasini mustahkamlashga yordam berishdir.

O'zbekistonni va butun mintaqani YXHT majburiyatlari va qadriyatlarini bajarishda qo'llab-quvvatlashdan manfaatdormiz. O'zbekiston hamisha ishonchli hamkor bo'lib kelgan va uning ushbu tamoyillarni hayotga tatbiq etishda ishonch bilan olg'a siljib borayotganini ko'rishdan mamnunmiz.

Manba