"PeaceNexus" jamg'armasi direktori o'rinbosari Mads Frilander (Shveysariya) "Dunyo" AA uchun intervyusida 15-16-oktabr kunlari bo'lib o'tayotgan "Farg'ona vodiysi: tinchlik va taraqqiyot yo'lida birdamlik" mavzusidagi Farg'ona tinchlik forumining birinchi yig'ilishi haqidagi fikrini bildirdi:
– Bugun kunni uch mamlakat yetakchilarining dadil va puxta o'ylangan siyosiy qarorlari tufayli amalga oshirilgan juda muhim voqea, deb hisoblayman. Biroq bu yutuqni barcha jamiyat – barchamiz, ham mintaqa ichida, ham tashqaridan do'stlarimiz qo'llab-quvvatlashi kerak.
Bu voqea bizni birlashtirib, "Ha, biz bunga buyuk yetakchilik tufayli erishdik, endi buni qanday qilib asrab-avaylashimiz mumkin?" deyish imkoniyatini beradi. Ishonchim komilki, kechagi va bugungi voqealar turli mamlakatlar va sohalar vakillari o'rtasida o'zaro hamjihatlikni namoyon etadi. Bu tarixiy lahza va imkoniyatdir, tinchlikni kelgusi avlodlar farovonligi uchun yana-da mustahkamlashimiz kerak.
Ushbu voqelik Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun nafaqat ichki voqea, balki butun dunyoga xushxabar hamdir. Jahonning ko'plab mintaqalari keskinlik va beqarorlikni boshdan kechirayotgan bir paytda, Markaziy Osiyo kelishmovchiliklarni bartaraf etish va tinchlik yo'lida harakat qilishning namunasini ko'rsatmoqda.
Ishonchim komilki, doimiy hamkorlik va ochiqlik, sheriklikka asoslangan muloqot hal qiluvchi ahamiyatga ega bo'ladi. Umumiy manfaatlar, albatta, muhim, lekin halol va uzluksiz muloqot ayniqsa dolzarbdir. Bu bitta uchrashuv bilan cheklanib qolmasligi kerak – bu doimiy bo'lishi kerak. Shunda biz bir-birimizni yaxshiroq tushunishimiz hamda qiyin va farovon kunlarda bir-birimizni qo'llab-quvvatlashimiz mumkin. Bugungi kunda dunyo tez o'zgarmoqda. Shu bois bu yerda, Yevropada va butun dunyoda tinchlik va taraqqiyotni ta'minlash uchun doimiy sa'y-harakatlar zarur.
Men O'zbekistonda bir necha bor bo'lganman, lekin Farg'ona vodiysiga birinchi marta kelishim. Bu men uchun katta baxt. O'zbekiston nafaqat o'z qiyofasini, balki butun Markaziy Osiyo qiyofasini qanday o'rgartirayotgani menda katta taassurot qoldirdi. Bu ishonchni uyg'otadi va e'tiborni tortadi. Uning faol va konstruktiv pozitsiyasi tufayli mintaqaga, xususan, O'zbekistonga qiziqish va investitsiyalar ortib bormoqda.
Albatta, bu vaqt o'tishi bilan rivojlanib boradigan jarayon. Taraqqiyot jarayoniga jamiyatning barcha qatlamlarini, xususan, yoshlar va ayollarni jalb etish juda muhim. Ular ulkan salohiyat, energiya, g'oyalar va bilimga ega. Ularning to'liq ishtiroki barchaga foyda keltiradi. Agar jamiyat chinakam rivojlanish va hurmatga sazovor bo'lishni istasa, u xotin-qizlar va yoshlar salohiyatini to'liq ochib berishi kerak – ularning kuch-g'ayrati va qobiliyati farovonlik garovidir.
Ishonamanki, taraqqiyot ko'p jihatdan maqsadlarning ravshanligi va hamkorlik qilishga tayyorlik, ochiqlik va tinglash qobiliyatiga bog'liq.
Oldingisi
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YXHT) Nizolarning oldini olish markazi direktori Keyt Firon "Dunyo" AA uchun intervyusida 15-16-oktabr kunlari bo'lib o'tayotgan "Farg'ona vodiysi: tinchlik va taraqqiyot yo'lida birdamlik" mavzusidagi Farg'ona tinchlik forumining birinchi yig'ilishi haqidagi fikrini bildirdi:
17.10.2025Keyingisi
Stokgolm xalqaro tinchlik muuammolari tadqiqoti institutining Iqlim o'zgarishi va xavflar dasturi ilmiy xodimi, doktor Barbara Magalyayns Teysheyra "Dunyo" AA uchun intervyusida 15-16-oktabr kunlari bo'lib o'tayotgan "Farg'ona vodiysi: tinchlik va taraqqiyot yo'lida birdamlik" mavzusidagi...
17.10.2025