Doktor Barbara Magalyayns Teysheyra: Tinchlik va hamkorlik uchun makon yaratish orqali biz bir vaqtning o'zida iqlim muammosini samarali hal qilish uchun imkoniyat yaratamiz

Stokgolm xalqaro tinchlik muuammolari tadqiqoti institutining Iqlim o'zgarishi va xavflar dasturi ilmiy xodimi, doktor Barbara Magalyayns Teysheyra "Dunyo" AA uchun intervyusida 15-16-oktabr kunlari bo'lib o'tayotgan "Farg'ona vodiysi: tinchlik va taraqqiyot yo'lida birdamlik" mavzusidagi Farg'ona tinchlik forumining birinchi yig'ilishi haqidagi fikrini bildirdi:

– Tarixga nazar tashlaydigan bo'lsak, Farg'ona vodiysi hamisha atrof-muhit, tabiiy boyliklar, chegaralar keskinlik o'chog'iga aylangan joy bo'lib kelgan. Ammo bugun biz bu mojaro o'chog'i tinchlik makoniga aylanganini ko'rib turibmiz.

Mening tadqiqotim iqlim o'zgarishi va tabiiy resurslarni boshqarish masalalariga qaratilgan va Farg'ona vodiysi bunday o'zgarishlarga qanday erishish mumkinligining ajoyib namunasidir, deb hisoblayman: resurslar, atrof-muhit, suv va daryolar avvallari mojarolarga sabab bo'lgan bo'lsa, endi ular hamkorlik va tinchlik uchun asosga aylanishi mumkin.

Bugun dunyoda keskinlik kuchayib, ko'plab mojarolar boshdan kechirayotgan bir paytda Farg'ona vodiysidagi uchta hukumatning qarama-qarshilikdan voz kechib, tinchlik, hamkorlik va ishonchni mustahkamlashga e'tibor qaratish haqidagi qarori butun dunyo uchun haqiqiy namunadir.

Endi bizga nima ishlayotganini ko'rsatadigan ilhomlantiruvchi hikoyalar kerak. Iqlim o'zgarishi va ekologik muammolar haqida gapirganda, ularni hal qilishning yagona yo'li tinchlik va hamkorlikdir. Tinchlik, aslida, eng yaxshi iqlim siyosatidir. Tinchlik o'rnatish orqali biz nafaqat jamoalar uzoq vaqtdan beri davom etib kelayotgan ziddiyatlar va bo'linishlarni qanday yengib o'tishini ko'rsatibgina qolmay, balki nafaqat Farg'ona vodiysida, balki butun Markaziy Osiyoda iqlim o'zgarishi ta'siridan jiddiy aziyat chekayotgan mintaqada iqlim harakati uchun mustahkam poydevor yaratamiz.

Tinchlik va hamkorlik uchun makon yaratish orqali biz bir vaqtning o'zida iqlimni samarali hal qilish uchun imkoniyatlar yaratamiz. Bu haqiqatan ham ilhomlantiruvchi va umid beruvchi o'zgarishlar lahzasidir.

Mening bugungi nutqim aynan mana shu — transformatsiya haqida bo'ldi. Men, ayniqsa, iqlim o'zgarishi kabi, ekologik muammolar ham chegara bilmasligini ta'kidlashni istardim. Menimcha, tinchlik ham barcha chegaralardan oshib ketishi kerak.

Farg'ona vodiysi xalqlari o'rtasidagi ushbu yangi muloqot va hamkorlik orqali iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish ularning birgalikdagi faoliyatining markaziy mavzusiga aylanadi, deb umid qilaman.

 Bu mintaqa ulkan salohiyatga ega – odamlar bilim, tajriba va an'analarni almashishlari mumkin. Farg'ona vodiysining tarixi buyuk: bu yerda qadimdan tabiat bilan hamnafas yashab, barqaror qishloq xo'jaligi va ekologik amaliyotlardan foydalangan jamoalar yashagan. Bu ushbu tajribaga tayanish, iqlim bo'yicha tashabbuslarni rivojlantirish va ular orqali barqaror tinchlikni mustahkamlash uchun ajoyib imkoniyatdir.

Farg'ona vodiysi haqida ilk bor o'n yil avval eshitgan edim, o'shanda bilganlarim asosan mojaro va keskinlik haqida edi. Shunday ekan, bugun bu yerda bo'lib, tinchlikni nishonlayotganimizdan nihoyatda xursandman.

Farg'ona vodiysi mojarodan tinchlikka qadar uzoq yo'lni bosib o'tdi. Bu men uchun alohida mavzu. Bu yerning odamlari ham ajoyib. Menga odamlar bilan uchrashish juda yoqdi va men mintaqaning kelajagiga katta umid va ishonch bilan qarayman.

Manba