“O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishning istiqbolli ekanini ko‘rmoqdamiz" – Uilyam Tompson

Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (IHTT) Yevroosiyo bo‘limi rahbari Uilyam Tompson hozirgi davrda O‘zbekiston iqtisodiyotining rivojlanishi va mamlakatda biznes yuritish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida munosabat bildirdi.

– O‘zbekiston bilan o‘n yildan ortiq vaqt davomida hamkorlik qilib kelmoqdamiz. 2016 yildan buyon sherikligimiz jadal, o‘zaro ishonch va faol rivojlanmoqda. Ilk faoliyatimiz 2017 yilda O‘zbekistonda kichik va o‘rta korxonalar eksportini rivojlantirish to‘g‘risidagi hisobоtni ishlab chiqish bilan boshlandi. E’tiborga molik jihati, aynan shu davrda O‘zbekistonda keng ko‘lamli iqtisodiy islohotlar boshlandi.

Hozirgi kunda biz Yevropa Ittifoqi bilan yangi dastur doirasida biznes yuritish uchun huquqiy sharoitlarni yaxshilash, O‘zbekistonda huquqiy me’yor va qonunlarni takomillashtirish bo‘yicha ishlamoqdamiz. Shuningdek, IHTT iqtisodiyotni rivojlantirishda juda muhim rol o‘ynaydigan xususiy tadbirkorlik sohasida ham O‘zbekiston bilan hamkorlik qilmoqda.

Raqobatbardoshlik haqida gapirganda, O‘zbekiston mintaqaning boshqa mamlakatlari bilan taqqoslaganda kuchli tomonlarga ega ekanini ta’kidlamoqchiman. Ishlab chiqarish va eksport tarkibi, shuningdek, eksport bozorlari yetarlicha diversifikatsiya qilingan, shuning uchun iqtisodiy nuqtai nazardan mamlakat faqat bitta mahsulotga yoki bitta import qiluvchi mamlakatga bog‘liq emas. Shuningdek, chet el ishbilarmon doiralari e’tiborini jalb qilishga yordam beradigan yuqori sifatli inson kapitali va yetarlicha rivojlangan infratuzilma mavjudligini ta’kidlash lozim.

Jahon bankining “«Doing Business»” reytingida O‘zbekiston mavqei yildan-yilga o‘sib bormoqda va mamlakat eng faol islohotchilar qatoriga kiritilgan. Soliq sohasida olib borilayotgan islohotlar, Soliq kodeksining qabul qilingani quvonarli hol – bu O‘zbekiston mazkur yo‘nalishda katta yutuqlarga erishganini anglatadi.

Respublikadagi iqtisodiy o‘zgarishlarning yangi sur’ati 2016 yilgacha cheklangan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun kuchli turtki bo‘ldi. Shu munosabat bilan yirik xorijiy sarmoyadorlar tomonidan kuzatilayotgan qiziqish ortganini ta’kidlash lozim.

Shu bilan birga, shuni ta’kidlash kerak, IHTTning prognozlariga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida koronavirusning tarqalishi tufayli boshlangan chuqur inqiroz tufayli dunyoda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimi 25-30 foizga kamayadi. Shu bois biz mamlakat jozibadorligi oshirish va chet ellik sarmoyadorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yaxshilash uchun yanada ko‘proq ish olib borishimiz kerak. Shu nuqtai nazardan, men O‘zbekistonga huquqiy bashorat qilishni ta’minlashga alohida e’tibor berishni tavsiya qilaman, shu jumladan ayrim sohalardagi huquqiy to‘siqlarni kamaytirish zarur, degan fikrdaman.

Biznesni raqamlashtirish va elektron davlat xizmatlaridan foydalanishni kengaytirish mamlakat iqtisodiy integratsiyasiga va biznesni soddalashtirishga yordam beradi. Shunga asoslanib, ushbu sohaga katta sarmoyalar yo‘naltirishni tavsiya qilaman.

Shuningdek, koronavirus keltirib chiqargan inqiroz davrida O‘zbekistonda iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida o‘z fikrlarimni bildirmoqchiman.

Birinchidan, biz inqirozga qarshi izchil choralar ko‘rilayotganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Shu yilning fevral oyida O‘zbekistonda bo‘lganimda hukumat COVID-19 tarqalishining oldini olish uchun muayyan choralar boshlaganiga guvoh bo‘lgandik. Bugungi kunda ushbu chora-tadbirlar o‘z samarasini ko‘rsatmoqda.

Inqirozga qarshi jamg‘armaning tashkil etilishi, sog‘liqni saqlash inqirozining iqtisodiyotga ta’sirini yumshatish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, kichik va o‘rta biznes uchun zarur sharoit yaratish bo‘yicha intilishlar – bularning bari murakkab davrda davlatning har tomonlama, tizimli va izchil faoliyat ko‘rsatayotganidan dalolat beradi. O‘zbekiston ma’lum afzalliklarga ega. Chunki O‘zbekiston ko‘plab mamlakatlardan farqli o‘laroq inqirozga dosh berish uchun yetarli darajadagi davlat moliyaviy resurslariga ega.

Ikkinchidan, O‘zbekiston milliy iqtisodiyotining tarmoqlari diversifikatsiyalangan. Bu yaqin kelajakda iqtisodiy o‘sishni va investitsiyalarning ko‘payishini optimistik taxmin qilish imkonini beradi. Amaldagi inqirozga qarshi hukumat tomonidan ko‘rilayotgan choralarning samaradorligi ularni qo‘shni Markaziy Osiyoda ham qo‘llash imkonini beradi.

So‘zimning yakunida shuni ta’kidlashni istardimki, biz yaqin yillar ichida ham O‘zbekiston bilan hamkorlikning istiqbolli ekanini ko‘rib turibmiz. Raqobatbardoshlik va biznes uchun huquqiy muhitni yaxshilash bo‘yicha ishlarni davom ettiramiz. Investitsiya siyosatini takomillashtirish ishlari bizda katta qiziqish uyg‘otmoqda. IHTTning "Investitsiya siyosati sharhi" dasturi ushbu tashkilotning O‘zbekiston uchun "eshiklarini ochishini" ta’minlaydi. Tashkilotimiz O‘zbekistonda turli yo‘nalishlarda, ayniqsa, hududlarni rivojlantirish masalalarida yanada faolroq ishtirok etishdan manfaatdormiz.

Manba