Pokistonlik ekspertlar: Afg‘onistonda tinchlik jarayoni boshlanishi va bu borada O‘zbekistonning ishtiroki muhim

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti Pokistonning Yevrosiyo asr instituti bilan birgalikda “Afg‘oniston Islom Respublikasida (IRA) tinchlik o‘rnatish jarayonida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi hamkorlik” mavzusida onlayn konferensiya o‘tkazdi.

Unda ikki mamlakatning ilmiy markazlari rahbarlari va tadqiqot tuzilmalari mutaxassislari qatnashdilar.

Tadbirda pokistonlik ishtirokchilar «Dunyo» muxbiri bilan konferensiya natijalari va nuqtai nazarlari bilan o‘rtoqlashdilar. Suhbatda Pokiston vakillari mamlakatlarimizning uzoq muddatli afg‘on mojarosini tinch yo‘l bilan hal etishdagi mavqei, Afg‘onistonda tinchlikni tiklashda O‘zbekistonning o‘rni haqida gapirib berishdi.

Yevrosiyo asr instituti prezidenti va asoschisi Irfan Shahzod Takalvining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonning tinch yo‘l bilan hal etish tamoyillari bo‘yicha keng miqyosdagi xalqaro kelishuvni ishlab chiqish, qarama-qarshi bo‘lgan afg‘on kuchlarini muzokaralar stoliga o‘tirishga ishontirish bo‘yicha harakatlari Afg‘onistonning uzoq kutilgan tinchlik va barqarorlikka erishishida muhim ahamiyatga ega.

— Toshkentning mintaqaviy aloqa, savdo, energiya ta’minoti va Afg‘onistonga gumanitar yordam ko‘rsatish sohasidagi tashabbuslari Afg‘onistonni ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga, ushbu sohada keng mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga katta hissa qo‘shmoqda, — dedi Irfan Shahzod Takalvi. — Islomobod va Toshkent afg‘on ichidagi yarashuvni, shuningdek, dunyo hamjamiyatining ushbu mamlakatda barqaror tinchlik va barqarorlikni ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etishlari kerak.

Shubhasiz Afg‘oniston «kontinental ko‘prik» bo‘lishiga ishonaman. Afg‘onistonga tinch hayot qaytgach, butun mintaqa savdo-sotiqning o‘sishi, odamlar esa sarmoyalarning kirib kelishidan foyda oladi va natijada mintaqa Osiyo va umuman Yevrosiyoning o‘sish «divigateliga» aylanadi. Bundan tashqari, Afg‘onistondagi tinchlik va barqarorlik mintaqa davlatlariga qimmatbaho resurslarni xavfsizlik uchun haddan tashqari og‘ir xarajatlardan rivojlanishga va iqtisodiy tiklanishga qayta taqsimlash imkoniyatini anglatadi.

Afg‘oniston Markaziy Osiyoning ajralmas qismidir. Toshkentning mintaqada yaxshi qo‘shnichilik muhitini yaratish borasidagi sa’y-harakatlari Afg‘onistondagi vaziyatga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu Afg‘oniston Islom Respublikasi o‘z mintaqasida «birgalikda rivojlanish va o‘sish» va «rivojlanishdan foyda olishiga» ishonadigan muayyan «davlatlar tizimiga» aylanishini anglatadi. Afg‘oniston kabi uzoq davom etgan mojarodan kelib chiqqan mamlakat uchun bunday muhit gullab-yashnashning yangi yo‘lini ochish uchun juda qulaydir. Shuningdek, biz Afg‘onistonning boshqa tomonida —Janubiy Osiyoda yaratilgan bunday muhitni ko‘rishni istardik.

Ta’kidlash kerakki, mintaqalararo hamkorlik uchun infratuzilma muhim ahamiyatga ega. Bugun Pokiston va O‘zbekiston Afg‘oniston orqali mintaqalararo aloqalarni kengaytirish uchun ulkan sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Pokiston, shuningdek, Gvadar va Karachi portlaridan foydalanishni O‘zbekiston, Afg‘oniston va mintaqadagi boshqa mamlakatlar tadbirkorlari uchun tijoriy jihatdan jozibador qilish uchun choralar ko‘rishi kerak. Va nihoyat, eng muhimi, odamlarga asrlar osha yaqinlashishga va mustahkamlashga imkon berish lozim.

Mojarolardan keyingi hamkorlikka kelsak, bu sohadagi birinchi va eng muhim narsa, bir-birlari haqida ishonchli, ob’ektiv ma’lumotlar va izlanishlarni talab qiladigan chuqur tushunmovchiliklarni yo‘q qilishdir. Ushbu jarayonda tahlil markazlari va ommaviy axborot vositalarining roli katta ahamiyatga ega.

«News Network International» axborot agentligining muharriri, «Bi-bi-si»ning Pokistondagi muxbiri, Siyosiy tadqiqotlar institutining hamkori Muhammad Tohir Xon O‘zbekiston, shubhasiz, Afg‘onistondagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishda muhim rol o‘ynashini ta’kidladi.

—O‘zbekiston Markaziy Osiyoda 2018 yil mart oyida Afg‘oniston hukumati va «Tolibon» harakati o‘rtasida muzokaralarni taklif qilgan birinchi mamlakatdir», dedi ekspert. — Ushbu tashabbus to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan va «Tolibon» ham, boshqa afg‘on kuchlari tomonidan ham ijobiy qabul qilingan. O‘zbekistonning tinchlikparvarlik roli shubhasiz barcha tomonlar tomonidan qabul qilinadi, chunki birinchidan, respublika Afg‘onistonning bevosita qo‘shnisi hisoblanadi, ikkinchidan, O‘zbekiston Kobuldagi rasmiy hukumat va Tolibon harakati siyosiy idorasi vakillari bilan teng huquqli va yaxshi munosabatlarni o‘rnatadi.

O‘zbekiston rahbarining Afg‘oniston hukumati va «Tolibon» harakati vakillari o‘rtasidagi muzokaralar uchun platforma yaratish to‘g‘risidagi taklifi ham keng qo‘llab-quvvatlandi. Shundan so‘ng, toliblar siyosiy idorasi rahbari Mulla Abdul G‘ani Baradar O‘zbekistonga tashrif buyurdi, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Qatarda «Tolibon» harakati vakillari bilan uchrashdi. Shubhasiz, bunday o‘zaro ta’sir tinchlik jarayoniga yordam beradi va men Afg‘oniston hukumatidan ham, Tolibondan ham O‘zbekistonning tashabbuslari yuzasidan biron bir tanqid eshitmadim.

Ishonchim komilki, hamkorlikni rivojlantirish va Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish borasida, birinchi navbatda mintaqa mamlakatlari orasida murosaga erishish kerak. Chunki aynan shu mintaqada afg‘on mojarosi yuz bermoqda. Mintaqa mamlakatlari va Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar Afg‘onistondagi uzoq davom etgan urushlardan juda ko‘p aziyat chekdilar. Mojaro mintaqaga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda va uni tugatish kerak. Mintaqadagi mamlakatlarning har birining Afg‘onistonda o‘z manfaatlari bor, ularni qo‘shni mamlakatda tinchlikka erishish uchun birlashtirish kerak. Menimcha, Afg‘oniston hukumati va «Tolibon» ham buni tushunishadi.

Afsuski, ilgari Afg‘onistonda tinchlikka erishish uchun Janubiy va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida samarali hamkorlik bo‘lmagan.

Nima uchun «Tolibon»ning siyosiy idorasi mintaqadan juda uzoq, Qatarda joylashgan? Bu mintaqada joylashgan ba’zi ofislarning joylashishi shunchalik qiyinmi? Ishonchim komilki, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish jarayoniga qaratilgan barcha harakatlar ushbu mintaqadan boshlanishi kerak. Agar Afg‘onistonda tinchlik bo‘lsa, bu mintaqa uchun foydali bo‘ladi, mintaqadagi barcha davlatlar uchun ham iqtisodiy, ham siyosiy jihatdan foydali bo‘ladi.

Xorijiy harbiy kontingent Afg‘onistondan to‘liq olib chiqilgandan so‘ng, mamlakat iqtisodiy tiklanish ehtiyojiga duch keladi. Shu munosabat bilan, O‘zbekiston, Pokiston va Afg‘oniston bilan bevosita chegaradosh boshqa davlatlar ushbu mamlakatni tiklashda muhim rol o‘ynaydi, chunki umumiy chegaradan tashqari bizda umumiy tarix, din, madaniyat, til o‘xshashligi va boshqa jihatlar mavjud. Dunyoning etakchi mamlakatlari, shuningdek, Afg‘onistonni iqtisodiy tiklanishida qo‘shni davlatlarning ustuvorliklari va muhim roliga ustuvor ahamiyat berishlari kerak, deb o‘ylayman.

Amerika Qo‘shma Shtatlarining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzadning yaqinda O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida investitsiya masalalari, iqtisodiy rivojlanish loyihalari bo‘yicha Amerikaning yuqori martabali mulozimi hamrohligida O‘zbekiston-Amerika muzokaralari mintaqada, shu jumladan O‘zbekiston va Afg‘onistonda iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish, sarmoyalarni jalb qilish va ta’limni rivojlantirish masalalariga qaratildi.

Afg‘onistondan xorijiy harbiy kontingent chiqib ketgan taqdirda, Pokiston va O‘zbekiston Afg‘onistonni qayta tiklash jarayonida muhim va markaziy rol o‘ynaydi, bu esa birgalikda ishlash uchun yaxshi imkoniyatdir. Shu maqsadda O‘zbekiston va Pokiston qo‘shma korxonalar va Afg‘onistonni iqtisodiy qayta tiklash dasturlarini yaratishi kerak.

Rana Muhammad Athar Javed, «Pokiston uyi» tahlil markazining asoschisi va bosh direktori, O‘zbekiston Afg‘onistonni infratuzilmasi va ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishida bevosita va faol ishtirok etadi, deb hisoblaydi. Xalqaro ekspertlar hamjamiyati O‘zbekiston rahbariyatining Afg‘onistonda tinchlik jarayonini rivojlantirish borasidagi doimiy va izchil amaliy harakatlarini yuqori baholaydi.

—Qo‘shni mamlakatdagi vaziyatning murakkabligiga, ko‘p qirrali manfaatlarga qaramay, xalqaro hamjamiyat hozirgi sharoitdan chiqishning yagona yo‘li va zo‘ravonlikka barham berishning muhim sharti sifatida ijobiy afg‘onlararo muloqotni qo‘llab-quvvatlashi kerak,— deydi ekspert. — Bu jarayonda asosiy talab — bu jarayonning uzluksizligidir.

Shu munosabat bilan, pokistonlik tahlilchi amaliyotchilar va tadqiqot va ekspert-tahlil tuzilmalari vakillarining Afg‘onistonda ham, undan tashqarida ham o‘zaro aloqalarini qo‘llab-quvvatlashni taklif qildi. Bu Afg‘onistondagi muammolarni institutsional tahlil qilishga, mojaroning mohiyatini to‘liq anglashga, Afg‘oniston tinchlik jarayoni uchun aniq takliflarni ishlab chiqishga yordam beradi, dedi u.

Manba