Yaqin o‘zaro hamkorlik xavf-xatar va tahdidlarga qarshi muvaffaqiyatli kurashish imkonini beradi, deya ta’kidladi Axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha MDH xalqaro ekspertlar forumida ishtirok etgan MDH Ijroiya qo‘mitasi raisi - Ijrochi kotibi Sergey Lebedev.
Uning fikr bildirishicha, forum MDH mamlakatlari olimlari va mutaxassislariga axborot xavfsizligini ta’minlashning dolzarb masalalarini muhokama qilish, ilg‘or tajriba almashish, tegishli tavsiyalarni ishlab chiqish va global "raqamlashtirish" davrida jamiyatning zaif tomonlaridagi dolzarb muammolarni hal qilish yo‘lida yana bir qadam tashlash imkoniyatini beradi.
Sergey Lebedevning qayd etishicha, buzg‘unchi kuchlar axborot texnologiyalarining tarqalish ko‘lamini hisobga olgan holda ulardan mustaqil davlatlarning ichki ishlariga aralashish, adovat va zo‘ravonlikni qo‘zg‘ash uchun tobora ko‘proq foydalanmoqda.
MDH Ijroiya qo‘mitasi raisining so‘zlariga ko‘ra, zamonaviy sharoitda axborot makonini himoya qilish amalda milliy xavfsizlikni ta’minlash vazifalari bilan hamohangdir, shuning uchun bu sohadagi davlatlararo munosabatlarni tartibga solish va unifikatsiya qilish Hamdo‘stlik organlari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. MDH tarmoq idoralari hamkorligi zamonaviy talablarga javob beradigan sheriklik shakllarini qo‘llash asnosida yuqorida sanab o‘tilgan hujjatlarni amaliy tatbiq etish sohasini muntazam ravishda kengaytirmoqda.
Forum O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va MDH Ijroiya qo‘mitasi ko‘magida o‘tkazildi. Unda Markaziy Osiyo, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Rossiya va Moldova singari mamlakatlarning 60 nafardan ortiq vakili, xalqaro tashkilotlar va yetakchi tahlil markazlari mutaxassislari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etdi.